Muqaddima
 
Osmondagi bo'zto'rg'ay
Bo'zlamasang na bo'lg'ay?
Gulchehraning holini
So'zlamasang na bo'lg'ay?
Alyor


Shoh Muslim dunyodagi eng dono, eng odil podsholardan edi. Uning mamlakati go'zal, shaharlari obod, xalqi tinch, farovon turmush kechirardi. Ammo podshoning farzandi yo'q edi. Bu faqatgina uning o'zini emas, butun xalqni tashvishga solib qo'ygan edi. Oradan ko'p yillar o'tdi. Podsho qarib, bir oyog'i yerda, bir oyog'i go'rda turgan paytda farzand ko'rdi. Sevinchi ichiga sig'may qirq kechayu qirq kunduz xalqqa osh berdi. Qirq birinchi kuni esa yetti iqlimdagi barcha dong'i ketgan odamlar, fozilu fuzalo, olimu ulamolarni yig'ib o'g'lini ko'rsatdi va o'z xalqining odaticha uning kelajagini aytib berishni so'radi.
Hamma jim. Hammaning boshi quyi solingan... Podsho hayron bo'ldi.
- Bu jimlikning boisi nima?
Yana hech kimdan sado chiqmadi. Oradan ancha vaqt o'tdi. Og'ir sukunatni Suqrotdek keksa bir olim buzdi.
- Shohim, ro'parangizda bosh egib turganlar mendan yosh. Men esa dunyoga qachon kelganimni unutganman, dunyoning barcha achchiq-chuchugini totgan odamman. Shularning qonidan kechsangiz, men aytay?
- Ayt!
Shunda keksa olim dedi:
- O'g'lingizning dunyoda tengi bo'lmaydi. Na kuchda, na aqlda. Ikki oyligida ikki yoshlik bolaning ishini qiladi, ikki yoshida esa yigirma yoshlik yigitday bo'ladi. O'n yoshida o'zini fir'avn e'lon qiladi. Uning dastidan vayron bo'lmagan uy, mamlakat qolmaydi. Shuning uchun ham umrining ikkinchi yarmi pushaymonda, azobda o'tadi.
- Jallod! - qichqirdi shunda shoh va tizzasida o'ynab o'tirgan o'g'lini bag'riga bosdi. Qirq kunlik bola birdan otasining soqoliga chang solib, yarmini yulib oldi.
- Gapimning birinchi isboti bu! - dedi keksa olim.
Shoh quloq solmadi. Olimni olib chiqib ketishdi.
Oradan ko'p yillar o'tdi. Shoh Muslim keksa olimning gaplarini ham, o'zini ham unutdi. Shahzoda olim karomat qilgandek kun sayin, soat sayin o'sib, o'n yoshga to'lganda ajoyib yigit bo'ldi. Shoh ham, xalq ham uning husniga qarab, gaplarini eshitib to'yishmasdi. Ammo shahzoda hech kimga parvo qilmas, o'z aqliga, o'z kuchiga mahliyo edi, ko'p vaqtni otasining taxtida o'tkazardi.
Bir kuni osmoni falakni qora bulut qopladi. Qattiq shamol turdi. Bo'ron boshlandi. Sel na odamni ayadi, na dov-daraxtni! Birpasda gullab turgan mamlakat vayron bo'ldi. Shaharlar, dalalar, tog'lar suv ostida qoldi. Bo'ron tingach, shoh va shahzoda o'zlarini suvda qalqib turgan yog'och ustida ko'rdilar. Yog'och shunday ingichka ediki, kimdir ozgina qimirlasa, ikkalovi ham ag'darilib halok bo'lardi. Shahzoda otasiga dedi:
- Ota, bu yog'och ustida ikkalamiz jon saqlolmaymiz. Sen mening tug'ilishimni istagan eding. Endi qo'yib ber, men yashashim kerak.
Shunday deb shahzoda otasini suvga itarib yubordi. Shoh g'arq bo'ldi.
Shahzoda o'zga bir mamlakatga suzib kelib, o'zini fir'avn e'lon qildi. Uning zulmidan, uning qahridan yarim xalq qochib qutildi, yarim xalq o'ldi. Mamlakatda fir'avnning o'zidan boshqa hech kim qolmadi. U uzoq yashadi, ammo na tushida, na o'ngida hayot lazzatini surdi. Butun umri yolg'izlikda, azob-uqubatda o'tdi.
Aytishlaricha, bunday odamlar yuz yilda bir tug'ilar emish...
