#FFFF80 XVII

#white Abdulla ikki o't orasiga tushib qolgan edi. Lekin shunday bo'lganidan hafa emas edi. Sayyora oddiy qiz emas. U bilan o'z hayotini bog'lagan odam ko'p narsaga yetishishi mumkin. Abdulla esa shunday bog'lanishning bo'sag'asida turibdi. U o'zining Sayyora bilan bo'ladigan turmushini tasavvur qilar ekan, beixtiyor chehrasiga tabassum yugurardi. Uch yil aspirantura, uch yil doktorlikka tayyorgarlik, keyin bironta yirik ilmiy-tekshirish institutiga rahbarlik... Bu hammasi bo'ladigan gaplar. Albatta bu darajaga uning o'zi ham mustaqil ravishda erishishi mumkin. Lekin qachon? Necha yilda? Buning ustiga hayotda har bir narsa yuz berishi mumkin. Uning e'tibordan chetda qolib ketishi ham ehtimoldan xoli emas. Sayyora bilan bo'lganda-chi? U butunlay boshqa gap. Tursunali aka obro'li odam, u hech mahal qarab turmaydi. Qo'lidan kelganicha unga yordam beradi, yo'l ko'rsatadi. Har holda begona emas, oddiygina shogird emas, kuyov! Yakkayu yagona qizining umr yo'ldoshi! Umr yo'ldoshi... Qiziq, shunday bo'larmikin? Nega ham bo'lmasin? Sayyora so'nggi paytlarda unga juda boshqacha qaraydigan bo'lib qoldi. Ilgari ham u o'zi e'tiborli edi. Lekin Abdulla ikkalovi o'rtasida bunday yaqinlik yuz berishini kutmagan edi. Albatta, birinchi marta ko'rganidayoq shu fikr hayolidan o'tgan. Lekin bu faqatgina hayol, shu vajdan ichida qolib ketgan edi. Uni yuzaga chiqarishga botinolmay yurardi. Buning ustiga Gulchehra... Gulchehra... yaxshi qiz, chiroyli, unga yoqadi. Agar Sayyora bilan bunchalik bo'lib ketmaganda, albatta, hech ikkilanmasdi. Hammasi o'sha kelishganlaridek bo'lardi. Endi-chi? Endi hamma narsa chuvalashib ketdi. Bu yaxshi emas. Odam degan bir so'zlik bo'ladi. Ko'rnamaklik qilmaydi. Lekin nega Gulchehra bunchalik bo'shlik qildi? Qizlar o'zi shunaqa bo'larmikan? Juda ham bo'shlik qildi. Agar rozi bo'lmaganda Abdullaning jahli chiqmasdi. Albatta ozgina hafa bo'lardi, lekin ozgina, xolos. Hozir buni o'ylab o'tirmasdi. Uning o'ziga ham, Abdullaga ham yaxshi bo'lardi. Tippa-tinch, xuddi bir-birlarini bilmagandek bo'lib ketishardi. Endi-chi? Endi yomon, harholda shunday yaqinlikdan so'ng, shuncha va'dadan so'ng aldash, xiyonat qilish yaxshi odamning ishi emas. Innaykeyin, Gulchehra uni yaxshi ko'radi. Biroq u bilan turmush qursa nima bo'ladi? Uni nima kutadi? Abdulla buni tasavvur qilishga urinib ko'rdi, lekin o'zining boloxonali uyidan boshqa hech narsani ko'z oldiga keltira olmadi. O'zim ahmoqman, o'zim! - o'ylardi u. - Nega shoshildim? Shusiz kunim o'tmasmidi? Lekin u Mingbuloqda o'tkazgan kunlarini eslab, o'zini oqlardi, bundan boshqa iloji ham yo'q edi. U chindan ham Gulchehrani sevib qolgan, usiz yashay olmasligiga qattiq ishongan edi. Mingbuloqda, albatta yaxshi bo'lgan edi. Tungi sayillar, shirin orzular, Gulchehraning mayin qo'llari, qo'ng'iroqdek ovozi, ajoyib gaplari!.. Uni sevmasdan bo'larmidi? U bilan o'sha yerda bir daqiqa birga bo'lgan; uning olov ko'zlariga tikilib, ovozini eshitgan odam bir umrga o'zini baxtli hisoblasa bo'lardi.
Abdulla shu paytgacha o'zini shunday hisoblab kelardi. Uning nazarida, shu paytgacha undan shod, undan baxtli odam yo'q edi. O'qishlari yaxshi, kelajagi porloq, uni sevadigan odam bor. Tag'in qanday odam. Tengi yo'q go'zal, tengi yo'q muloyim odam! U Gulchehraning sevib qolishini juda istagan edi. Agar shunday bo'lmaganda o'zini juda baxtsiz, ruhan ezilgan his qilardi. U bolaligidan shunga o'rgangan edi. Agar uni kimdir urishadigan bo'lsa, yomon ko'z bilan qaraydigan bo'lsa, tinchligi buzilardi, o'zini alamdan qayoqqa qo'yishini, nima qilishini bilmay qolardi. Axir maktabda o'qib yurgan paytlari Husanxon akani shuning uchun yomon ko'rib qolmaganmidi?! Bolalikda oyisi... Maktabni tamomlaganda esa Gulchehra. Shularsiz u o'z hayotini tasavvur qilolmasdi. Albatta Gulchehra bo'lmasa, u baribir boshqa bir odam topardi. Kim bo'lmasin, unga mehr qo'ygan bironta odam bo'lish kerak edi. Afsuski, shunday odam Gulchehra bo'lib chikdi. Endi nima qiladi? Bu mushkul ahvoldan qanday qutuladi? U Gulchehraga ham, Sayyoraga ham, hech kimga yomon ko'rinishni istamasdi. O'zi yomon odam bo'lganda boshqa gap edi. Yomon emas. Harholda uni hurmat qilishadi, u bilan hisoblashishadi, institutning eng oldi studentlaridan biri.
Hech kimga u yomonlik qilgani yo'q, yomonlik qilishni o'ylamaydi ham. Odam o'z hayotining yaxshi bo'lishini istasa, yaxshi turmush kechirgisi kelsa - buning nimasi yomon? Albatta, Gulchehra bilan o'sha voqea yuz bermaganda, ish ko'ngildagidek bo'lardi. Hech narsani o'ylamasdi. Gulchehra, kechiring, men adashgan ekanman, biz bir-birimizga to'g'ri kelmaymiz, men bilan bo'lsangiz hayotingiz buzilishi mumkin, deb xat yozardi. Shu bilan tamom. Hozir bunday xat yozib bo'lmaydi, ularning aloqalari juda chuqurlashib ketdi. Tavba, odam ham shunchalik qiyin ahvolga tushib qoladimi?! Biroq nimasi qiyin? Bittasini tanlash kerak. Kimni? Abdulla Gulchehra haqida qanchalik o'ylashga, uning tomoniga og'ishga harakat qilmasin, ko'z oldidan Sayyora ketmas edi. Kichkinagina, nozik, qiyiq ko'zlari doim sho'x kulib turadi. Undan voz kechish mumkinmi? Otasining qo'lida ikkalovi birga ishlashsa, bir xonada o'tirishsa, bir majlisga qatnashishsa! Voz kechsa, uning ko'ziga qanday qaraydi? Tursunali akaga kanday qaraydi. Jahl ustida uning hayotini buzib yuborishi ham mumkin. Akademik!
Bir kuni Sayyora hazillashib unga otasining Abdulla bilan aloqalaring qalay? Tuzukmi? degan xatini ko'rsatdi.
- Javob yozdingmi? - so'radi Abdulla.
- Ha, - Sayyora unga qoshlarini chimirib tikildi.
- Nima deding?
- Urishib qoldik. Yomon yigit ekan, - deb yozdim. Abdulla cho'chib ketdi. Bu qizdan har narsani kutsa bo'ladi. Aynib qolgan bo'lsa-ya?
- Hazil qilma.
- Nega hazil qilar ekanman? Rost. Sen yomonsan. Sen bilan yolg'iz qolib bo'lmaydi.
Abdulla uyalib ketdi. Albatta u Gulchehradan keyin o'ziga erk berishdan qo'rqardi. Lekin shunday bo'lsa ham ba'zan o'zini tiyolmasdi. Shuning uchun bo'lsa kerak, Sayyora keyingi paytlarda juda kamdan-kam, o'shanda ham kunduz kunlari uni o'z xonasiga kiritardi. Balki bu yaxshidir, o'ylardi shunda Gulchehrani eslab Abdulla.
- Rostdan shunday yozdingmi?
Abdullaning rangi oqara boshlaganini ko'rgan Sayyora unga rahmi kelib, kulib yubordi.
- Yo'q. Siz o'ylagandan ham yaxshi, deb yozdim. Ma'qulmi shu javob?
- Juda ham, - Abdulla ochilib ketdi.
Shundan bir hafta o'tganda u birdaniga ikkita xat oldi. Bittasi Gulchehradan, bittasi uydan edi. Abdulla avval Gulchehraning xatini qo'liga oldi-yu, keyin aynidi. Xat ochmasa ham ochilib ketadigandek ko'rinib, kayfini buzdi. Sekin stolga qo'yib, ustiga kitob bostirdi-da, otasining xatini ochdi. G'afurjon aka hol-ahvol so'rab, uning tinchligini, ayasining sog'-ligini, o'zining ham ancha tuzukligini bayon qilgandan so'ng, shunday yozgan edi:
Kecha kechqurun Tursunali akang keldi. Ancha gaplashib o'tirdik. U seni so'radi. Qizidan gapirdi. Bilishimcha, Sayyora juda yaxshi qiz bo'lgan emish. Bir-biring bilan ancha tuzukmishsanlar. Abdulla menga juda yoqadi. Tuzukkina olim bo'lishi mumkin, dedi. Bitirgandan so'ng, Sayyorani ham, uni ham o'z institutimga olaman, aspiranturaga kiritib qo'yaman, dedi. Ayang ikkalamiz juda hursand bo'ldik. Bechora ayang ozgina ko'z yoshi ham qilib oldi. Abdullajon, o'g'lim, ko'pdan beri biz shuni orzu qilardik. Sening katta odam bo'lishingni istardik. Anglashimcha, shu niyatimizga yetayotganga o'xshaymiz. Ishqilib sog' bo'l.
Tursunali akang ketganidan keyin ayang ikkimiz kechasi bilan uxlamay seni o'ylab, gaplashib chiqdik. Agar Sayyora bilan yulduzlaring to'g'ri kelib qolsa, Tursunali akang bilan quda bo'lish biz uchun katta baxt bo'lardi. Nazarimda Tursunali akangning ham shunga mayli bor. Iltimosim shuki, keyingi xatingda shu haqda ham ikki otz o'z fikringni yozib yubor.
Salom bilan otang.

Abdulla sevinib ketdi. Demak, hamma narsa uning Sayyora bilan bo'lishiga qarab ketyapti. Demak, u Tursunali akaga yoqadi. U o'z institutiga oladi. Bu endi aniq. Aspiranturada o'qiydi. Bu ham aniq. Ajoyib qiz, ajoyib oila. Yana nima kerak? Axir uning ham xuddi ota-onasidek orzusi shu emasmi? Abdulla shu zahotiyoq javob yozmoqchi bo'lib qo'liga ruchka oldi. Shu payt ko'zi kitob tagidan uchi chiqib turgan qizil konvertga tushib qoldi. Nima yozgan ekan? Yana Sog'indim, tezroq yil o'ta qolsaydi... bo'lsa kerak. U erinibgina konvertni yirtdi. Xat juda qisqa edi. Bu o'sha biz bilgan xat bo'lib, Gulchehra o'z yutuqlarini yozgan, sevinchini u bilan o'rtoq-lashgan edi. Abdulla xatni o'qib bo'lib o'ylanib qoldi. U hech qachon qisqa muddat ichida Gulchehraning bunchalik katta yutuqlarga erishishini kutmagan edi. Albatta, Gulchehra g'ayratli, mehnatsevar, aqlli qiz edi. Lekin bunchalik bo'lish!.. Uning shu topda unga g'ayirligi kelib ketdi va ayni vaqtda u bilan faxrlandi. U yengiltak, oddiy bir qiz bilan yurmagan ekan. Uni yaxshi ko'rgan qiz juda talantli ekan! Gulchehra! Gulchehra!.. Nima qilish kerak? Shunday qizdan voz kechib bo'ladimi?!
Abdulla qo'lidagi ruchkani uloqtirib yubordi. Yo'q, u yozmaydi, hech narsa yozmaydi. Qanday yozadi, nima deb yozadi? Tavba, bunchalik ham qiynoq bo'ladimi odamga? Nima qilish kerak? Bironta odam bilan maslahat qilsinmi? Lekin kim bilan? Keyin, nima deb maslahat so'raydi? Yo'q, bu masalada unga hech kim maslahat berolmaydi. Maslahat so'rashning o'zi uyat. Undan rosa kulishlari mumkin. Kulishsa ham mayli, uni haqorat qilishlari mumkin. Axir birovning mol-mulki, amaliga qarab muhabbat qo'yib bo'ladimi? Bu sharmandalik-ku! U nima degan odam bo'ladi? Obro'si qoladimi o'shanda? Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin. Kim aytuvdi unga bu gapni? Qachon eshitgan edi? Ha, bunga ancha bo'ldi. Tog'asi aytgan edi. Maktabni bitirib, Mingbuloqqa borganida shunday degan edi. Nega shunday dedi? Nahotki Abdulla o'shanda bironta noma'qul gap aytib qo'ydi? Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas. U hech mahal dilidagini tiliga chiqarmagan. Ha, bo'ldi. Otasi haqida gapira turib, shunday degan edi.
Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin... Yo'q, u Gulchehrani tashlamaydi. Ayniqsa, endi. Endi Gulchehra unga hammadan ham yaqin, aziz bo'lishi kerak. Uni tashlash xiyonat va u - Abdulla bunday xiyonatga qodir emas. Gulchehra bilan ham u niyatlariga yetishi mum kin. Mana, hech kimning ko'magisiz, shunday katta shaharda, murakkab institutda o'qidi. Yaxshi o'qidi. Hatto kurs ishi bosilib chikdi. Diplom ishi ham shunday bo'lishi mumkin. Shunday qiladi, javob yozmaydi, Toshkentga qaytganda esa otasiga yotig'i bilan tushuntiradi va Gulchehraga uylanadi... U tushunadigan odam. Keyin, Gulchehra bilan u emas, Abdulla turadi. Ayasi ham qarshilik qilmaydi.
Biroq bunday hayollar ham Abdullaning ko'nglini ko'tarmadi. Ozgina tinchitdi, lekin ko'nglini yorishtirmadi. U karavotda cho'zilib, Gulchehraning xatini qaytadan o'qiy boshladi. Siz qaytganingizda balki Toshkentda bo'larman. Qurilishga ishtirok etishingiz kerak, deyishyapti... Toshkentda bo'larman... - o'yladi Abdulla va uning shaharda yurganini ko'z oldiga keltirdi. Mana u Sayilgoh ko'chasida ketyapti. Egnida shohi atlas ko'ylak, oyog'ida oppoq tufli. Hammaning ko'zi unda. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas, Gulchehra juda chiroyli. Mana, u univermag yonidan o'tdi. Shu top... Sayyora bilan uni ko'rib qoldi! Yo'q, bunday bo'lmaydi. Abdulla hech kimni, na Sayyorani, na uni aldaydi.
Eshik taqilladi.
- Kim?
- Mumkinmi?
- Ha, senmisan, - dedi Abdulla yotgan joyida. - Kel.
- Nima qilib yotibsan? - dedi Po'lat xonaga kirib.
- O'zim shunday... O'zing-chi? Bekorga o'xshaysan?
- Hozir kutubxonadan keldim. Ishim yurishmayapti nazarimda.
Po'lat Abdullaning yoniga o'tirib, tizzasiga musht urdi.
- Nega?
- Mana biz yuryapmiz. Har bir qadamimiz qandaydir bir fizik hodisa. Kaptar uchdi, olma shoxidan uzilib tushdi. Bular ham fizik hodisa. Xullas, hamma hodisa va ular asosida paydo bo'lgan nazariyalarning tafakkurga aloqasi bor. Bu tushunarli.
Lekin konkret matematik masalalarni yechishda diamatning roli qanday? Bilaman, masalaning mohiyatini yechishda u so'zsiz katta yordam beradi. Lekin bu endi matematika emas, fizika olami. Kvantli mexanika va falsafa, Eynshteyn nisbat nazariyasi va falsafa... Sen bu haqda hech o'ylaganmiding?
- Ko'p marta.
- Xo'sh, fikring qanday?
Abdulla qiynab turgan savollardan qutulish uchun Po'latga javob bera boshladi.
- Diamat, albatta matematik masalalarni yechish yo'llarini ko'rsatib berolmaydi. Lekin ilmiy qidirishlarni usiz tasavvur qilish ham qiyin. Falsafani o'rganmasdan, ilmiy haqiqatlarga yetib bo'lmaydi... Agar hamma narsa o'sish, rivojlanishga ega ekanligini Eynshteyn bilmaganda, uning nisbat nazariyasi ham paydo bo'lmasdi.
- Sen akademik Aleksandrov nima degan bo'lsa, shuni qaytaryapsan.
- Agar to'g'ri bo'lsa, nega qaytarmas ekanman?
- Chunki diplomning kichkina bir bobiga buni sig'dirib bo'lmaydi. Menga bitta konkret misol kerak. Rahbarim bo'lsa, o'zingiz toping, deyapti.
- Bir oz bosh qotirsang topasan. Yaxshisi, menga qara, - Abdulla o'rnidan turdi. - Ozgina ichaylik. Ul-buling bormi?
- Hech narsa. Boy bo'lsang olib kelishing mumkin. Do'kon shunday tagimizda.
- Mayli.
Abdulla cho'ntaklarini titkilab, pul oldi-da, o'rtog'iga uzatdi.
- Yo'q bo'lib ketma tag'in.
- Raketa bo'laman, raketa, - Po'lat chopganicha pastga tushib ketdi.
Ozgina boshni shamollatish kerak, g'ovlab ketdi, - o'yladi Abdulla va kinoya bilan kulib qo'ydi. - Ahvoling og'ir, azizim, ahvoling og'ir... Po'latning ishi maza. Diplomdan boshqa narsani bilmaydi, shundan boshqa g'ami yo'q. Diplomi ham o'zi tayyor bo'lishi kerak. Biroq u yengil-elpi ish qilmaydi. Sekin qilsa ham puxta ish qiladi. Aftidan miyasida bir fikr o'ralashib yuribdi. Hammasini biladi, ayyor. Lekin o'zini tekshirib ko'rmoqchi. Balki shunday qilgan yaxshidir? U ham sekin o'zini tilga olmasdan, maslahat qilib ko'rsinmi?
- Mana, biz ham tayyor! - dedi hansirab Po'lat xonaga kirar ekan. - Ozgina zakuska ham oldim.
- Po'lat, - dedi Abdulla bir ryumkadan so'ng.
- Nima?
- Agar seni jarning yoqasiga olib kelib, tanla: yo hayot, yo o'lim? - deyishsa, nimani tanlar eding?
- Bema'ni savolingni qo'y.
- Yo'q, aytgin.
- Albatta hayotni tanlar edim.
- Yolg'on gapirding. Men hazil qilayotganim yo'q.
- Nimani tanlar edimmi?
- Ha.
- Qaysi biri yaxshi bo'lsa, shuni.
- Sening uchun nima yaxshi?
- Mening uchun hayot qolib, o'likdek yashaganimdan o'lib hayot bo'lishim yaxshi. Ha, bu falsafiy masalalar seni nega o'ylatib qo'ydi?
Abdulla javob bermadi. Po'latning shunday javob berishini u bilardi. Boshqalar ham shunday. Lekin u-chi? U ham shunday javob berarmidi? Albatta. Yo'q, u Gulchehrani tashlab ketmaydi! Hech qachon! Hech qachon!
- Quy!
- Tinchlikmi?
Lekin Abdulla javob berishga ulgurmadi. Eshik qattiq ochilib, har galgidek sho'x kulgi bilan Sayyora kirib keldi.
- Bolla, meni tabriklashinglar mumkin!
- Ha?
- Diplomimni mashinkaga berdim.
- Urra! - dedi qarsak chalib Po'lat. - Yana Astoriyaga borar ekanmiz-da?
- Marhamat!
- Boramizmi, Abdulla? - Po'lat o'rtog'ini turtdi. Abdullaning borgisi yo'q edi, lekin unga iltijo bilan tikilib turgan Sayyoraga ko'zi tushdi-yu, yo'q deyolmadi.
- Mayli, - dedi va shu ondayoq shundan ajralamanmi? Qanday yaxshi qiz! - degan fikr Hayolidan o'tdi.
- Avval menga bir narsani aytinglar! - dedi Sayyora mamnun bo'lib. - Nima sababdan ichib o'tiribsizlar, tag'in mensiz?
- Manavi bo'lsa sabab topiladi, - dedi Po'lat shishaga ishora qilib. - O'zimiz, shunday. Abdullaning ortiqcha puli bor ekan.
- Yana gonorarmi?
- Yo'q, qolgani, - dedi Abdulla. - Ozgina ichasanmi?
- Aroqdanmi? Puf! Yo'q, - Sayyora aftini bujmaytirdi.
- Xo'p, ketdikmi bo'lmasa? - so'radi Po'lat. - Qornim piyozning po'sti bo'lib ketdi.
- Shoshma, kiyinib olay, - dedi Sayyora.
- Obbo! Yana kutarkanmiz-da!..
- Yo'q, tez tushaman.
Sayyora shoshib chiqib ketdi va anchagacha Abdullaning qulog'i ostida uning taq-tuq, taq-tuq qilgan yengil oyoq tovushlari jaranglab turdi.
- Tavba! - dedi Po'lat shishaning og'zini berkitar ekan. - Qirolichamiz bo'lmaganda nima qilar edik? Men hammamizning yana bir joyda ishlashimizdan hursandman. Sen-chi, Abu?
- Men ham. Biroq shunday bo'larmikin?
- Nega bo'lmasin?
- Atom reaktori yaqinda bitadi. Bittamiz o'sha yoqqa ketib qolishimiz mumkin.
- Faqat men emas. Sayyora ham bormaydi. Nahotki sen?
- Bilmadim. Agar yuborishsa, nima deyishim mumkin?
- Aspirantura nima bo'ladi? Niyating shu edi-ku?
- Niyat boshqa, hayot boshqa. Nahotki shuni bilmasang!
- Qiziq... - Po'lat yelkalarini qisib qo'ydi. Abdullaning darrov o'zgarib qolgani uni qiziqtirsa ham, hozir bu haqda o'ylagisi va surishtirgisi kelmasdi. U tezroq Astoriyaga borishni istardi va ko'zini eshikdan uzmasdi. Nihoyat Sayyoraning koridorda oyoq tovushlari eshitila boshladi.
- Tushyapti. Yur.
Abdulla o'rnidan turdi. Shunday bo'lgani yaxshi, - o'ylardi u. - Reaktorda ishlayman, bulardan chetda.
Ular Astoriyada ancha o'tirishdi. Keyin shahar aylanishdi. Oydin kecha, go'zal shahar, Sayyora va Po'latning hazil-huzul gaplari uning ko'nglini ko'tarib yubordi.
Lekin yotoqxonaga qaytib, xonasiga kirganda yana miyasini ming xil fikr qoplab oldi.
Shu tariqa kunlar o'ta boshladi. Abdulla Sayyora bilan bo'lganda, Po'lat bilan uchrashganda hamma narsani deyarli unutar, yolg'iz qolganda esa nima qilishini bilmasdi. U o'zini to'qayzor ichida adashib qolgan ovchidek his qilardi, bu to'qayning na boshi bor, na oxiri, qayoqqa yurishni bilmaysan kishi. Shuning uchun otasining savoliga javob yozmadi. Gulchehraga esa, o'zini majbur qilib, yarim qog'ozgina xat yozdi-da, yutuqlar bilan tabriklagan bo'ldi. Xatida Toshkentga uning nihoyat keladigan bo'lganidan hursandligini ham bildirdi.
Bir kuni u kechqurun yotoqqa qaytganida (u endi ko'p vaqtini kutubxonada o'tkazardi) vaxtyor kampir unga xat uzatdi. Xat Gulchehradan edi. Yana sog'inganini yozgan bo'lsa kerak, yo biron ishi yana yaxshi chiqqandir, deb o'ylab, Abdulla shoshmasdan xonasiga ko'tarildi. Yechinib, karavotga yonboshladi-da, xatni ochdi. Ammo uni o'qib, yuragi orqasiga tortib ketdi. Xatda shunday deyilgan edi:

Salom, Abdulla!
Yana yozyapman. Lekin bu gal xatim sizni quvontirmaydi, chunki juda katta ko'rkuv va qayg'u bilan yozyapman. Boshimga katta tashvish tushdi. Bu tashvishni hech kimga aytolmayman. Sizga aytishga ham uyalaman. Shuning uchun ham bir oydan beri sizga xat yozganim yo'q edi. Endi yozmasdan ilojim yo'q. Sizdan boshqa mening endi kimim bor? Abdulla, so'nggi uchrashuvimizdan keyin bir oy o'tgach, menda o'zgarish yuz berdi. Tushunyapsizmi? Boshqacha yozolmayman. Avval, hechqisi yo'q, bir kun avval, bir kun keyin, deb o'zimni tinchitdim. Ikkinchi oyda ham shunday bo'ldi. Mana hozir uchinchi oy ketyapti. Taxminim to'g'ri chiqqanga o'xshaydi. Nima qilishimni bilmayman. Agar uchinchi oy ham shunday bo'lsa, bunga esa bir hafta qoldi, unda hech qanday shubha qolmaydi. Tushundingizmi, Abdulla? Biz katta gunoh qilib qo'yganga o'xshaymiz. Qishloqda endi boshimni qanday ko'tarib yuraman? Siz yonimda bo'lganingizda ham, boshqa gap edi, bunchalik qiynalmas edim. Biror yo'lini qidirib topardik. Vrachga murojaat qilgim kelmayapti. Uyalaman. Keyin, bu yerda. Qo'qonda dadamni bilishadi. Boshim qotdi. Hech narsa dilimga sig'may qoldi. Nima qilamiz endi? Javobingizni kutib Gulchehra.

Bu xat Abdullani esankiratib qo'ydi. Nahotki, Gulchehra homilador bo'lsa? Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas. U yig'lamoqdan beri bo'lib, xatni yana o'qib chiqdi. Yo tavba! Endi shu yetishmay turgan edi o'zi. Nima bo'ladi endi? Nima qiladi? Abdulla xonaning u boshidan-bu boshiga yurar ekan, ko'z oldidan bu dahshatning manzaralari birma-bir o'ta boshladi. Mana onasi... U bu xabarni eshitib, ko'zlari g'azabga to'ldi. Boshini salmoqlab tebratar ekan:
- O'g'lim, sizdan buni kutmagan edim. Yuzimizni yerga qaratdingiz, - dedi.
Mana, otasi. Uning rangi so'lg'in, qarib, qovoqlari osilib ketdi. U hech narsa demadi, u demaydi. U kechirishi mumkin. Mana, buvisi... Yo'q, bu kampir kechirmaydi. Uning qahri qattiq. U kechirmaydi. Obid aka-chi? U ham mayli. Undan bir-ikki gap eshitadi. Lekin Tursunali aka?.. Mana bu dahshat. U Abdullani har narsa qilishi mumkin. Uning bir og'iz gapi, tamom, Abdullani yer bilan yakson qiladi. Sayyora-chi? Mana, u bu shum xabarni eshitdi. Abdulla endi u bilan bo'lishi mutlaqo mumkin emas. Keldi, xonaga kirdi. Ko'zlarida yosh... Yo'q, u yig'lamaydi. U keladi-da, uning basharasiga tupurib, bir shapaloq tortadi. Shunday qilishi aniq. Keyin nima bo'ladi? Yo'q, yo'q! Bunday bo'lishi mumkin emas. Balki Gulchehra vahima qilayotgandir? Hech gap yo'qdir? Koshki endi shunday bo'lsa! Balki shunday bo'lar? Hech mahal uning boshidan bunday voqea o'tgan emas, bilmasdan taxmin qilayotgandir? Boshqa biron kasalga chalingandir? Ayollarda nima ko'p, kasal ko'p. Shunday bo'lishi kerak. Agar shunday bo'lmasa, tamom, sharmandalik!.. Keyin... keyin u qanday qilib bolalik xotinni uyiga olib kiradi? Yo'q, yo'q, Gulchehra vahima qilyapti. U o'zi shunaqa, tez hursand bo'ladi, tez hafa bo'ladi. Adashgan, boshqa biror kasalga yo'liqqanu, shunday deb gumon qilyapti. Innaykeyin, o'zi ham aniq yozmagan, gumon qilyapman, degan...
Abdulla shunday o'ylab, bir oz tinchidi, lekin bu tinchlik vaqtinchalik tinchlik edi.

#FFFF80 XVIII

#white Gulchehra toshoynadan ko'z uzmay o'tirardi. Ayasiga Hozir kiyinib chiqaman, deb o'z xonasiga kirib ketganicha qaytib chiqmadi. Burchakdagi bo'yi shiftga tegib turgan oynaga tikildi-yu, joyida turib qoddi. Nazarida rangi so'ngan, ko'z ostilari bilinar-bilinmas qoraygan edi. Buning nimadanligini u bilardi, uyqusizlik, yig'i, turli xil- ko'ngilni g'ash qiluvchi o'ylar... Ammo lablari nega muncha qalinlashib ketdi? Bu nimadan? Nahotki homiladorlik belgisi bo'lsa? Gulchehra shuni o'yladi-yu, cho'chib ketdi. Agar shunday bo'lsa, ayasi ham sezgandir? U beixtiyor qornini ushladi. Ammo hech narsa payqamadi. Ko'ylagini sidirib orqasiga tortdi-da, oynaga qaradi. To'lishgan ko'kraklari ham, kichkina qorni ham avvalgidek o'zgarishsiz edi. Bundan ko'ngli bir oz taskin topgan bo'lsa ham, g'ashligi tarqamadi. Bo'shashib kursiga o'tirdi-da, yana oynaga tikildi. Biroq oynada u so'lg'in yuzlarini ham, quyuq, chimirilgan qoshlarini ham, hech narsani ko'rmasdi. Hayoli bir narsa bilan band edi. Nima qilish kerak? Nima qilsa, bu falokatdan qutuladi? O'z ahvoli faqat o'zi uchun emas, otasi uchun ham, butun qishloq uchun ham katta falokat bo'lib borayotganiga u allaqachon ishongan edi. Undan qutulish endi faqat o'ziga bog'liq, o'zining qo'lida. Abdulladan darak yo'q. Yigirma kundan oshdi xat yozganiga, javob kelmadi. Nima bo'ldiykin? Yo yo'qmikin? Yo'q bo'lsa xati qaytib kelardi. Yigirma kun ichida yigirma marta pochtaga bordi, oxiri uyalib, Alisherni yuboradigan bo'ldi. Daragi io'q. Endi ortiq kutib bo'lmaydi. Buni Gulchehra yaxshi bilardi. Ammo nima qilish kerakligini, kimga murojaat qilishi kerakligini tasavvur qilolmasdi.
- Opa!
Gulchehra cho'chib tushdi.
Derazadan Alisherning boshi ko'rindi.
- Choyingiz sovub qoldi!
- Hozir, - Gulchehra o'rnidan turdi. - Dadamlar shu yerdamilar?
- Ketdilar.
- Hozir chiqaman, - Gulchehra yengil tortib xo'rsindi.
Alisher ketgach, nima kiyishini bilmay, shifoner oldida turib qoldi. Ilgarilar yaxshi ko'radigan tor ko'ylaklaridan kiyishga uyalib, Zumrad opa tikib bergan, lekin hali hech kiymagan xonatlas ko'ylagini tanladi. Apil-tapil kiyib, oynaga qaradi. Ko'ylak unga juda yarashgan edi. Oynada o'z aksini ko'rdi-yu, quvonib ketdi. Nazarida ko'zlaridan so'lg'inlik yo'qolgan, rangi ham toza, hech qanday ko'kargan, qoraygan joyi yo'q edi, Vahima qilibmanmi? - o'yladi u, keyin tilini chiqarib aksini mazax qilgan bo'ldi-da, shoshib hovliga tushdi.
- Muncha hayallading? - so'radi ayvonda o'tirgan Zumrad opa.
- Nima kiyishimni bilmadim, keyin shuni kiydim, - dedi ko'ylagiga ishora qilib ayvonga ko'tarilar ekan.
- Buyursin, yarashibdi. - Zumrad opa havas bilan unga tikildi. - To'lishibsan-da, bir oz kengroq edi, endi yaxshi.
Gulchehra labini tishladi. Nahotki bilsa?! - yashin tezligida hayolidan o'tdi. Hozirgina chehrasini yoritib turgan vaqtinchalik shodlik zumda yo'qoldi. Bo'shashibgina ayasining ro'parasiga o'tirdi.
- Qaydam, - dedi ko'ylak etaklarini tizzasi ustiga tortar ekan.
- Qiz bolaning husni ham tilida, ham dilida, deyishadi, - dedi Zumrad opa unga choy uzata turib, - Men, etida ham deyman. Quruq suyakka kiyim yarasharmidi?!
Gulchehra yengil tortdi. O'zicha minnatdorlik bilan yer ostidan ayasiga qaradi.
- Siz ham tuzuksiz, aya.
- Mening tuzukligim qayoqqa borardi, ayangiz... ayangizni juda ko'hlik ayol edi, deyishadi.
Gulchehra nima deyishini bilmay qodi. U sira bu haqda o'ylamagan, dadasi yangi uylanganida ham dilida noroziligiga qaramay, ayasi bilan Zumrad opani taqqoslashtirmagan edi. Zotan, unga buni keragi ham yo'q edi. Zumrad opaning yaxshi ayolligi uni hursand qilgan, uni o'z ayasidek yaxshi ko'rib qolgan edi. Nahotki marhumaga rashk qilayotgan bo'lsa? Yo dadasi biron narsa dedimikin? Qarindoshlar hafa qildimikin? Harholda keyingisi to'g'riroq bo'lsa kerak, rashkdan nima foyda? Gulchehra shunday o'ylab, uni yupatmoqchi bo'ldi.
- Ayamlar chiroyli edilar. Lekin o'zlari buni bilmasdilar. Men ham bilmasdim. Men uchun ular aya edilar. Siz ham shunday. Men uchun ham, Alisher uchun ham ayasiz.
- Rahmat.
- Birov bir narsa dedimi, aya?
- Yo'q, - Zumrad opa yangi choy quyib uzatdi. - Ol. Yo'q, hech kim hech narsa demadi.
- Bo'lmasa, qo'ying, hafa bo'lmang.
- Hafa bo'lmayman. Endi butun umrim sizlar bilan. Ishqilib omon bo'linglar.
Gulchehra yana nima deb uni yupatishni bilmay, o'rnidan turdi.
- Tushlikka kelasanmi? - so'radi Zumrad opa u hovliga tushganda. - Achchiqqina sho'rva qilib turaman. Kelgin.
- Kelaman, aya! Hafa bo'lmang, xo'pmi? Zumrad opa jilmaygan bo'lib, unga qaradi. Gulchehra ko'cha eshikka yetganda, Zumrad opani nima ezganini tushundi. Eshik oldida devorga suyoqliq o'ymakor oq panjara bilan katta qora marmar tosh turardi. Toshga: Saodat Saidova, 1924-1960 deb yozib qo'yilgan edi. Bu yodgorliklarni ko'rib Gulchehraning o'zi ezilib ketdi. Unutgan ekanmi, yo o'ylamagan ekanmi, onasi juda yosh ekan. Endigina o'ttiz oltiga kirgan ekan! Nimadir tomog'ini bo'g'di. Aya! Ayajon! - deb qichqirgisi keldi, ammo tishini tishiga qo'yib o'zini bosdi. O'zi-ku, mayli, lekin uyda yolg'iz qolayotgan bechora ayolning dardiga dard qo'shib nima qiladi? Yuragidan quyilib kelayotgan yig'isini to'xtatishga intilib u ko'chaga otildi.
Gulchehra shoshib Abdullaning manzilini yozdi, keyin, o'ylanib qoldi. Xatni olgan bo'lsa-chi? Axir shu paytgacha olib yurardi, hech xato bo'lmasdi. Nega jim bo'lmasa? Nahotki u... nahotki undan voz kechgan bo'lsa?!
Gulchehraning butun vujudi muz bo'lib ketdi. Yo'q, yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas! Bunday bo'lmaydi! Abdulla uni tashlamaydi, xat keladi, bugun-erta keladi. Shunda butun tashvishlari unut bo'ladi!
Gulchehra o'rnidan turib ketdi, manzil yozilgan blankani g'ijimlaganicha eshikka yo'l oldi.
- Ha, opa, yozmaysizmi? - so'radi pochtachi qiz. Gulchehra to'xtadi.
- Keyin... balki xat kelib qolar...
U shunday deb eshikka chikdi. Ha, keladi, kelishi kerak... Lekin ertasiga ham kelmadi.
Gulchehra endi o'z kulfati bilan yolg'iz qolganiga aniq ishondi. Bunday paytlarda odam tinchroq, xoliroq joy qidirib qoladi. Yolg'iz bo'lgisi keladi. Gulchehra yolg'izlikka yolg'iz edi-yu, lekin xoli joyga muhtoj emas edi. Abdulla har kelganida unga shunday joylarni ko'rsatardiki, tug'ilib-o'sgan o'z qishlog'ida shunday joylar borligini hayoliga ham keltirmas edi.
Gulchehra idorada ishlari bo'lsa ham tolzor tomon yo'l oldi.
Ko'prikka yaqinlashganda, ro'parasidan GAZ-69 mashinasi chiqib qoldi. Rulda Nurmat aka, yonida Samad. Rais Gulchehrani ko'rib, mashinani to'xtatdi.
- Ha, yo'l bo'lsin?
- Shu yoqqa o'tib kelay... - Gulchehra o'zini qanchalik sokin tutishga intilmasin, ovozi qaltirab ketdi.
Rais buni sezdi shekilli, mashinadan tushib, uning yoniga keldi.
- Tinchlikmi? Xomush ko'rinasan?
Gulchehra bosh qimirlatdi, lekin xo'rligi kelib yig'lab yubordi. Nurmat aka uning yig'isini o'zicha tushunib, qo'lini yelkasiga qo'ydi:
- Bilaman. Senlarga qiyin bo'ldi. Onang rahmatli yaxshi odam edi. Lekin nima qilardik, o'lim har kimning boshida bor. Qalay, yangi ayang yaxshimi? Dadang yaxshi deydi. Rostdan yaxshimi? Yo hafa qilyaptimi?
- Yo'q, - dedi bo'g'ilib Gulchehra, - yaxshi, xuddi ayamlarga o'xshaydi.
- Ana! - rais o'zicha hursand bo'lib qo'ydi. - yomon odamni uyingga olib kelarmidik? Erta-indin ayang qabrini tuzatib qo'yamiz. Rigadan tosh buyurtirib keldik. Ko'rdingmi?
Gulchehra ha deya bosh qimirlatdi. Uning hayoli hozir mutlaqo boshqa narsada bo'lsa ham, o'z dardi bilan ovora bo'lsa ham raisning gaplari unga yoqqan, uni ovutgandek edi.
- Dadang sendan juda hursand. Men ham hursandman, o'zimizdan ajoyib arxitektor chiqib qoldi. Sen endi ishingni o'yla. Bahorda qurilishni boshlab yuboramiz. Planing hammasi ma'qul. Shunday ishlarni qilib qo'yibsan-u, yosh boladek yig'laysan-a! Qani, menga qarachi?
Gulchehra zo'raki jilmayib Nurmat akaga qaradi.
- Barakalla! Yig'i qaritadi, yig'lama. Kelishdikmi?
Gulchehra boshini qimirlatdi.
- Gap bunday bo'pti!
Rais mashinaga o'tirib, Samadga nimadir dedi. Ikkalovi kulishdi. Nima deganini Gulchehra eshitmadi, lekin yaxshi gapligini sezdi. Mashina ko'zdan g'oyib bo'lguncha joyidan qimirlamadi, keyin bitta-bitta qadam tashlab, kanal yoqalab ketdi.

#FFFF80 XIX

#white Abdullaning ahvoli ham Gulchehranikidan yaxshi emas edi. Ammo ichini it tirnasa ham, sirtdan ancha tinch ko'rinardi. Shu vaqtinchalik tinchlik ta'sirida u diplomini yoqladi. Uning ishini yaxshi qabul qilishdi. Kafedra mudiri - professor Markov, hatto davlat imtihonlarini topshirgandan so'ng institutda kafedra qoshida qolishni taklif etdi. Albatta bular Abdullani cheksiz hursand qilar, orzulari ushalayotganiga ishonchini oshirardi. Lekin kech kirib, o'z xonasida yolg'iz qoldimi, u butunlay o'zgarardi-qo'yardi. Shu kungacha erishgan yutuqlari tushdek, o'zi esa dahshatli bir spektaklda rol o'ynayotgandek ko'rinardi. Hayolida allaqachonlar aniq tasavvur qilib qo'ygan kelajak uni hursand qilmas, aksincha, cho'chitardi. Shu cho'chish, hamon davom etib kelayotgan ikkilanish bilan bir oy o'tib ketdi, Gulchehraning xatiga u hali ham javob qaytarmadi. Javob qaytarish zarurligini, Gulchehra uning har bir so'ziga muntazir bo'lib turganini yaxshi bilardi. Lekin nima deb yozishini bilmaydi. Buning ustiga, vaqt o'tgan sari, o'zining Gulchehraga bo'lgan muhabbatini o'ylagan sari Sayyoraga havasi ortib borardi. Qanday ajoyib qiz! U bilan gaplashib, gapiga to'ymaysan. Sho'x, erkin, chehrasidan kulgi arimaydi. U bilan yonma-yon yurish, u bilan bo'lish qanday baxt! Innaykeyin, ularning birga bo'lishlarini ota-onasi ham istayapti, Tursunali aka ham. Tursunali akaga, shunday katta olimga kuyov bo'lish hazil gap emas!
Lekin Gulchehra bilan bo'lsa nima bo'ladi? Axir uni yaxshi ko'rardi-ku? U bilan nima, hayoti buziladimi? Yo'q, buzilmaydi. Aksincha, Gulchehra undan umrbod minnatdor bo'lib yashaydi. Keyin, u aqlli. Yaxshigina arxitektor bo'lishi mumkin. Lekin, albatta, Toshkentda yashasholmaydi. Sayyora bilan aloqalari buzilgandan keyin Toshkentda u biron narsaga erisha olarmidi?! Tursunali aka shuncha gap-so'zdan keyin uni tinch qo'ymaydi. Tursunali aka oldida esa u bir xas. Puf desa uchib ketadi. Shu yerda yashashadi. Kafedrada ish taklif qilishyapti-ku unga. Shu yerda ishlaydi, shu yerda dissertatsiyasini yoqlaydi. Gulchehraga ham bironta ish topilib qoladi. Arxitektor hamma yerda kerak.
Ammo ota-onasi bunga nima deydi? Shuncha umid bilan o'qitib odam qilganda, endi rohatini ko'ramiz deganda, ularni tashlab ketadimi? Ular shunga ko'nadimi?
Bir kuni kechqurun u juda qiynalib ketdi, yotog'ida o'tirolmadi. Sharillab yomg'ir quyayotganiga qaramay, plashini kiyib, pastga tushdi. Ko'chada odam siyrak edi. Qayoqqa borishini bilmay, Moyka tomon yo'l oldi. Iliq yoz yomg'iri hash-pash deguncha yuz-ko'zini ho'l qildi.
Sochlari orasidan sizib bo'yniga tushdi. Abdulla plashining yoqalarini ko'tarib kanal yoqalab yurib ketdi. Doimo qora baxmaldek yaltirab turadigan kanal suvi hozir loyqa edi. Shu yerlarda u Sayyora bilan ko'p sayr qilgan, suvga tikilib o'z aksini tomosha qilgan... Sira esidan chiqmaydi. Bir kuni yalang'och otliqlar haykali yonida panjaraga suyanib turishganda Sayyora qo'lida o'ynab turgan pomadasini suvga tushirib yubordi. Abdulla suvdagi o'z akslariga tikilib turgan edi. Ular bir-ikki tebranib ajraldi, keyin anchagacha qo'shilib turdi-da, suv tingach, o'z holatiga kirdi.
- O'xshar ekanmizmi? - dedi Sayyora unga g'alati qarab.
- Hamma shunday deyapti.
- O'zingchi?
- Men allaqachon buni sezganman, - Abdulla shunday deb uning qo'llarini ushladi.
- Demak, biz aka-uka ekanmizda?
Sayyora ko'zlarini ayyorona suzib Abdullaning aksiga tikildi.
- Men undan ham qalinroq bo'lishni istardim. Sayyora indamadi. Cho'ntagidan bir nechta tanga olib, suvga otdi.
- Ana! - dedi yosh boladek chapak chalib. - Yana qo'shilib ketishdi.
- Doim shunday bo'lsa-chi? - Abdulla hazillashgan bo'lib dilidagi gapni aytdi.
- Yoqmay ketsin! - Sayyora shunday deb Abdullaning burnini chertdi, lekin uning sho'x chehrasidan roziligi, shunday bo'lishini istayotganligi sezilib turardi.
Abdulla shuni eslab, dili yorishgandek bo'ldi. Ha, ular birga bo'lishlari kerak. Uning kelajagini faqat Sayyora ta'minlaydi. Nima bo'lsa ham shunga intiladi, shunga erishishi lozim.
U Nevskiy prospektiga chiqqanda, birdan qaynoq hayot ichiga kirib qolgandek bo'ldi. Yomg'ir hamon chelaklab quyayotganiga qaramay, yo'lka odamlar bilan to'la edi. Qayoqqa qarama, zont. Katta, kichik, oq, sariq, qora zont. Kichik yelkanlardek bu zontlar Abdullaning atrofida suzib yurardi. Onda-sonda ular orasidan kimlarningdir shalabbo boshlari ko'rinib qolar va shu ondayoq g'oyib bo'lardi. Faqat Abdulla shoshmasdi. Qayoqqa ham shoshardi? U hozir vaqt o'tkazishi kerak, bironta aniq fikrga kelmaguncha shoshmasligi kerak. Shuning uchun ham u sekin qadam tashlardi, qo'llari cho'ntagida, quloqlari esa atrof-dagi ming xil oyoq tovushlarida, zontlarda.
Qiziq, nega zontlar har xil tovush chiqaradi? Yomg'ir hammasiga bir xil urilyapti-ku? Birovniki xuddi entikkan yurak urishidek dukillaydi, birovniki esa qizitilmagan chirmandadek takillaydi... Hammasi har xil. Bu qanday qonunga kirar ekan? Buning qonuni bormikin o'zi?
Abdullaning tirsagiga tegib, katta qora zont vazmin suzib o'tdi.
- Natasha! Qayerdasan? - qichqirdi orqadan jarangdor ayol ovozi.
- Shu yerdaman! - javob qildi chinqiroq qora zont va to'xtadi.
- Shu yering qayer?
- Trotuar!
- Trotuarligini bilaman. O'zing qayerdasan? Qora zont ko'tarildi, uning tagidan dumaloqqina qizchaning javdiragan ko'zlari ko'rindi. Qizcha u yoq-bu yoqqa alanglab qarar, ammo qayoqqa yurishini bilmasdi. Abdulla ko'maklashmoqchi bo'lib yoniga endi keluvdiki, qizcha oldinga qarab yugurib ketdi. Abdulla uning orqasidan qarab qoldi. Zont tagidan qizchaning kichkina oyoqlari chalp-chalp qilib pildirab borardi. Bu tovushning qanday qonuni bor? Hamma qonunlarning asosi bor - hayot. Hayotdan yuksak qonun yo'q. Kim shunday degan edi? Lomonosov bo'lsa kerak?.. Ha, hayotdan yuksak qonun yo'q. Hayot esa murakkab, unda hech narsa bir-biriga o'xshamaydi. Hatto odam ham. Har bir odamning o'z hayoti bor. Birov hursand, birov hafa. Birov bor istaklariga erishgan, birov endi erishyapti. Birov esa... birov esa hech narsaga yetisholmay o'tib ketyapti. Shuning uchun ham, balki zontlarning tovushlari har xildir, oyoq tovushlari har xildir? Kiyimiga qarab odamlarni bilish mumkin, deyishadi-ku?
Neva kinoteatriga yetganda Abdulla zontlar kamayganini payqadi. Sochini ro'molchasi bilan sidirib, osmonga qaradi: yomg'ir tingan, nursiz yulduzlar birin-ketin ko'rina boshlagan edi. Shu payt kimdir Abdullani turtdi. Abdulla cho'chib tushdi. Ro'parasida setka ko'tarib olgan kursdoshi Viktor turardi.
- Ha, Abusha, yulduz sanayapsanmi? - so'radi kulib u.
Abdulla jilmaydi.
- Salom. O'zing-chi?
- Xotinimning oldidan kelyapman, - dedi Viktor setkaga ishora qilib. - Kasalxonada yotibdi.
- Tinchlikmi? - xavotirlanib so'radi Abdulla.
- Ahmoq, bolasini oldirib tashlabdi, - dedi kuyunib Viktor. - Rosa urishdim.
- Nega?
- Svetkaning o'zi hozir yetarmish. Sveta - qizim, uch yoshga to'ldi. Ajoyib qiz. Menga o'xshaydi. Yuz-ko'zlari ham, qiliqlari ham. Kechagacha tinch yuruvdi, hech qanday gap-so'z yo'q edi. Kechqurun kelsam, uyda yo'q. Ancha poyladim, yo'q. Keyin qornim ochib oshxonaga kirdim. Choy qo'ymoqchi bo'lib choynakni olsam, tagida xat. Kechir, Vitenka! Men kasalxonadaman. Uch kunda chiqaman...
- Uch kunda? - nimadandir jonlanib so'radi Abdulla.
- Ha! Uch kunda chiqaman. Agar istasang, kelib ketishing mumkin. Kelib ketishim mumkinmish! - Viktor istehzo bilan kulib qo'ydi. - Yugurdim. Borsam, shu ahvol. Kechikibman.
- Tuzukmi o'zi? Qachon chiqadi?
- Ikki kundan keyin chiqadi.
- Ikki kundan keyin? - hovliqib so'radi Abdulla.
- Ha. Nima edi?
- Yo'q-yo'q, hech nima! - Abdulla o'zini bosishga harakat qilib dedi: - Endi nima qilasan?
- Nima qilardim? Bo'lar ish bo'ldi, - Viktor xo'rsindi. - Xo'p, xayr. Svetik uyda yolg'iz.
- Hayr.
Viktor shoshib yo'lga tushdi.
Abdulla o'zida yo'q shod edi. Yo'li topildi! Hoziroq Gulchehraga xat yozadi, yo'q, telegramma beradi. Qiyin emas ekan-ku, nihoyatda uch kun! Boring, bir hafta bo'lsin. Nahotki Gulchehra shuning uddasidan chiqolmasa?! Kichkina emas axir.

Yon-atrofda pochta ko'rinmadi. Ko'ringani ham berk edi. Abdulla mehmonxona tomon jadal yurib ketdi. Shu yerda pochta tun bo'yi ishlardi. Telegrammani u juda qisqa va faqat Gulchehragina tushunadigan qilib yozdi. Agar kerakli idoraga murojaat qilsangiz, hammasi joyida bo'ladi. Salom bilan Abdulla.

U telegrammani topshirdi va og'ir ishdan qutulgan odamdek ancha yengillashdi, ko'ngli joyiga tushdi. Gulchehra endi mendan hafa bo'lmasa bo'ladi, - Hayolidan o'tkazdi u. - Bundan ortiq nima qilish mumkin? Eng yaxshi yo'l hozir shu.
Abdulla shunday o'yladi-yu, birdan Gulchehra unga anchagina begona bo'lib qolganini payqadi. Uylanish haqida gap bo'lipsh mumkin emas endi. Innaykeyin, uylanaman deb va'da bermagan. Yaxshi ko'rish - birga bo'lish degan gap emas-ku?! Birga bo'lamiz deb hamma sevishganlar gapiradi. Lekin har doim birga bo'lavermaydi. Albatta, Gulchehra ozgina qiynaladi. Nachora? Yoshlik - sho'xlik, yengiltaklik. Adashganlar kammi? O'n yil-o'n bir yil turmush qurganlar ajralib ketishyapti-ku? Ularga hali nima bo'libdi? Sevgini bo'g'ib bo'lmaydi. Sayyorani sevib qolgan ekan, bunga u aybdor emas, ko'ngil...Ko'ngilni cheklab bo'lmaydi. Buning ustiga Gulchehraga bir necha bor, birga ketaylik, birga o'qiylik, dedi. O'zi ko'nmadi. Birga o'qishganda, kim biladi, balki birga bo'lisharmidi?! Bir oz qiynaladi, keyin unutib yuboradi, baxt faqat birinchi sevgida emas.
Abdulla o'sha kuni o'z mulohazalaridan o'zi hursand bo'lib, ikkinchi telegrammani ham yozdi. Bu telegramma uyiga, onasiga edi.
Men rozi. Ixtiyor o'zlaringda. Salom bilan o'g'lingiz Abdulla.

#FFFF80 XX

#white Gulchehra bir haftadan beri Toshkentda edi. Abdulladan hech qanday darak bo'lmay, qo'rquv va iztirob ichida yurganida institutdan xat kelib qoldi. Rektorat uni jyuri mukofotini olish va qurilish ishlari boshlanishi oldidan loyiha haqida quruvchilarning ba'zi mulohazalari bilan tanishish uchun Toshkentga kelib ketishini so'ragan edi. Gulchehra butun tashvishlariga najot topolgandek, darhol yo'lga otlandi. Vokzalga uni Yusuf aka bilan Samad kuzatib qo'yishdi. Toshkentda Gulchehra kursdosh o'rtoqlarining birontasi bilan maslahatlashib, uyda qabul qiladigan vrachga murojaat qilishni mo'ljallagan edi. Shuning uchun ham Toshkentga kelishi bilan, Sanobar ismli bir ayol bor edi, shunikiga qarab yo'l oldi. Sanobar o'rtog'i bilan obodonchilik-loyihalash institutida ishlardi. Kamgap, sermulohaza ayol edi u. Gulchehra imtihon topshirgani kelganida, ko'pincha u bilan birga dars tayyorlar edi. Bir qiz, bir o'g'li bor edi Sanobarning. Poezdda bor tanishlarini bir-bir sanab chiqar ekan, shu juvon bilan dardlashishni negadir lozim topdi. Sanobar Chilonzorning qaysi bir sektorida turardi. Qaysi sektorligini Gulchehra eslolmadi. Uyining ro'parasida katta bir gastronom borligini bilardi. Taksiga o'tirib ancha aylangandan so'ng, nihoyat topdi. Ammo uyda hech kim yo'q edi. Gulchehraning birdan oyoq-qo'li muz bo'lib, bo'shashib ketdi. Yana qo'ng'iroq tugmasini bosdi. Javob bo'lmadi. Eshik tagida nima qilishini bilmay, ancha turib qoldi. Bir mahal qo'shni eshik ochildi. Bo'yniga aeroflot sumkasini osib olgan styuardessa kiyimidagi bir qiz chiqdi.
- Sizga kim kerak edi? - so'radi u Gulchehraga boshdan-oyoq razm solib.
- Sanobar opa... Sanobar Qodirovna, - dedi shoshib Gulchehra.
- Shunday deng?
- H.
- Siz ularning kimi bo'lasiz? - styuardessa qiz yana Gulchehraga tikildi.
- Tanishi bo'laman, birga o'qiymiz. Qo'qondan keldim. Uydami u kishi?
- E, konkursda g'olib chiqqan me'mor siz bo'lasizmi? - uning savolini eshitmay so'radi styuardessa qiz.
- Ha.
- Sanobar opam sizni ko'p gapirardilar. Buni qarang, men sizni hech ko'rmagan ekanman. Men ham institutga kirib, me'mor bo'lmoqchiman. Yaxshi uylarni biram yaxshi ko'ramanki, sira ketolmay qolaman. Akademik Sagdullaevni taniysizmi?
Gulchehra yo'q deya boshini qimirlatdi.
- Shularning uyida bir-ikki marta bo'lganman, - gapida davom etdi styuardessa qiz. - Biram ajoyib! Ikki etajli. Birinchi etajida zal, kuxnya, stolovaya. Ikkinchi etajda spalnya, shunday yonida katta vannaya.., biram yaxshi!.. Kirsang, ketging kelmay qoladi. Tanishaylik, Zara. Hozircha aeroflotda ishlayman. Moskva marshrutida.
Qiz sabrsizlik bilan uni eshitib turgan Gulchehraga samimiy ravishda qo'lini uzatdi. Gulchehra omonatgina uning qo'lini ushladi-da, so'radi:
- Aytmadingiz, Sanobar opa qayerda?
- Ha, ularmi? - hafsalasizlik bilan dedi qiz. - Ular ketishgan. Issiqko'lga. Hammalari ketishgan.
- Ancha bo'ldimi?
- Ha. O'n kunlarda qaytib kelishadi. Ular juda kerakmidi?
Gulchehra javob bermadi, bo'shashganicha egilib, chamadoniga qo'l uzatdi.
- Voy, turadigan joyingiz yo'qmi? Biznikida tura qoling? - qiz unga mehribonlik bilan gapirdi. - Men bir o'zim yashayman. Ular qaytguncha turing.
- Rahmat, - Gulchehra pastga tusha boshladi. Uning birdan o'zgarib qolganini qiz ko'rib, taklif qildi:
- Mazangiz yo'qqa o'xshaydi. Juda bo'lmasa bir oz biznikida dam oling.
Gulchehra uni eshitmadi. Qiz ko'chagacha u bilan birga chikdi.
- Boradigan joyingiz bormi?
Gulchehra ha deya boshini qimirlatdi. Shu payt ularning ro'parasiga bo'm-bo'sh avtobus kelib to'xtadi.
- Mening avtobusim. Olib borib qo'yaymi?
- Rahmat, o'zim, - dedi Gulchehra unga minnatdorlik bilan jilmayishga harakat qilib.
Qiz lip etib avtobusga chiqdi. Shofyor gaz berdi.
- Joyingiz bo'lmasa, keling! - qichqirdi qiz avtobus derazasidan boshini chiqarib. - Kechqurun qaytaman!
Gulchehra unga qo'l silkidi-da, avtobus uzoqlashgach, chamadoni ustiga og'ir o'tirdi. Qayoqqa boradi endi u? Institutga kech bo'lib qoldi. Bironta o'rtog'inikiga chamadon bilan kirib borishi yaxshi emas. Odatdagidek, Abstutaynikiga boradi-da. Toshkentga birinchi yili kelganida sinfdoshi Qosimjon uni shu kampirnikiga joylashtirib qo'ygan edi. Uning nabirasi Qosimjon bilan birga o'qirdi. Mehmonxona qilib yurasanmi? - dedi Qosimjon o'shanda. - Mening o'rnimda tur, men yotoqqa o'tdim. Gulchehra ham mehmonxonada yolg'iz turishni ep ko'rmay, uning taklifini qabul qildi.
Abstutay Labzakda turardi. Kattagina hovli. Bir necha xona. Ilgari o'g'li bilan turar ekan. O'g'li xotini bilan Buxoro - Ural gaz magistrali qurilishiga ketib, endilikda kampir nabirasi bilan yolg'iz qolibdi. U Gulchehrani juda yaxshi qabul qildi. Keyinchalik Gulchehra, institut joy bersa ham bormay, shu quvnoq, mehmondo'st kampirnikida turadigan bo'ldi.
Bo'sh taksi ko'rindi. Gulchehra uni to'xtatdi. Oqshom tushganda u Abstutaynikiga kirib bordi. Kampir hovlining o'rtasidan o'tgan ariq labidagi so'rida ko'rpa qavib o'tirardi.
Gulchehrani ko'rdi-yu, xuddi yosh ayoldek sakrab o'rnidan turdi:
- Voy, aylanayin, voy, o'rgilayin! Bor ekansiz-ku? Opoq qizim, momiq qizim!
Gulchehra o'zini uning bag'riga tashladi.
- Yaxshi yuribsizmi, Abstutay? Tinchmisiz?
- Menga nima qilardi, qizim. Otdekman. Faqat har doimgidek yolg'izman. Zubayda ham ketdi. O'tir, qizim, o'tir. Men hozir choy damlayman.
- Qayoqqa ketdi Zubayda?
- Praktikaga. Qosimjon ikkalovi ketdi. O'tir, qizim. Men hozir.
Abstutay o'choq boshiga pildirab ketdi. Gulchehra Qosimjonning Toshkentdamasligidan ichida hursand bo'lib qo'ydi. U hech kimning Toshkentga kelishdan ko'zlagan asl maqsadini sezib qolishlarini istamasdi. Sezishsa, tamom, Mingbuloqqa qaytib borolmaydi, otasining yuziga qarolmaydi.
Kampir darrov choy damlab keldi.
- Anchaga keldingmi?
Gulchehra nima deyishini bilmadi. Chindan ham u qanchaga keldi o'zi? Buni faqat shifokor bilardi.
- Ishim bitguncha turaman. Bir haftami, ikki hafta.
- Yaxshi, yaxshi. Ungacha Zubayda ham kelib qoladi. Endi bunday. Sen choy ichib o'tir. Men darrov paramach qilib kelaman. Yangi go'shtim bor.
Gulchehra qo'ymaganiga qaramay, kampir bir piyola choyni apil-tapil ichdi-da, o'rnidan turdi.
O'sha kuni ular allamahalgacha gaplashib yotishdi. O'z dardi bilan yolg'iz qolganligidanmi, yo Abstutayning onasi kabi unga ko'rsatgan mehribonligidanmi, Gulchehra bo'shashib, yorildi, dilidagi borini aytib berdi. Abstutay uni bag'riga bosib yupatdi, ko'nglini ko'tardi. Keyin bunday voqealarni ko'rgan-bilgan ayol sifatida yaxshi maslahat berdi.
- Sofiya degan shifokor tug'ishganim bor. Ertaga shunga borib kelaman. Sen tinch bo'l. Dunyoda chorasiz ish yo'q. Chorasi topiladi. Bo'ldi, yig'lama. Sen o'z ishingni bitir. Bu ishni menga qo'yib ber.
Abstutayning bu ishonch bilan aytgan gaplari Gulchehrani ancha ovutdi. Bir necha kungi uyqusizlikdan so'ng birinchi marta tinch uxladi.
Ertalab nonushtadan so'ng Abstutay vrachga, Gulchehra esa institutga ketdi.
- U yaramas yigitni endi o'ylama, - dedi kampir uni kuzatayotib. - Odam emas u. Odam bo'lsa seni tashlab qo'ymasdi. O'ylama.
Gulchehra va'da berdi. Lekin o'ylamay tura olarmidi? Abdulla, Abdulla... Nahotki shunchalik toshbag'ir bo'lsang?! Senga ishongan edim, senga hayotimni bag'ishlamoqchi edim!.. Javob ber! Nega jimsan!
Gulchehra ichdan qalqib kelayotgan yig'ini to'xtatishga qancha urinmasin, yosh baribir ko'zlaridan quyulib borardi, lekin buni o'zi sezmasdi. Tramvay to'xtash joyida kimdir tirsagidan ushladi.
- Nima bo'ldi, qizim? Nega yig'layapsiz? Gulchehra boshini ko'tardi. Ro'parasida nuroniy bir mo'ysafid unga dardli tikilib turardi. - Birov hafa qildimi?
- Yo'q, - dedi Gulchehra va uyalganidan qizarib ketdi.
- Dadil bo'ling, - dedi mo'ysafid. - Yig'i hech mahal odamga yordam bergan emas. Qancha sovuqqonlik qilsangiz, shuncha yutasiz. Asab, yig'i ojizlarning udumi.
Tramvay keldi. Gulchehra mo'ysafidga nima deb javob qilishini bilmay, o'zini tramvayga otdi. Institutda uni rektorning o'zi qabul qildi.
- Keling, keling! - dedi u Gulchehraning qarshisiga yurib. - Biz esa telegrammangizni kutib yotibmiz! Qayerga joylashdingiz?
- Tanishimiznikiga, - Gulchehra rektor ko'rsatgan kresloga o'tirdi.
- Olis emasmi?
- Yo'q, shunday Labzakda.
- Ha, yaxshi ekan. Istasangiz, mehmonxonadan joy olib beramiz!
- Yo'q, rahmat. Joyim yaxshi. Toshkentga kelganimda doim shu yerga tushaman.
- Unday bo'lsa, yaxshi. Gulchehraxon, avvalo sizni mukofot bilan tabriklayman. Ishingiz hammamizga ma'qul bo'ldi. Albatta kamchiliklardan ham xoli emas. Masalan, siz kafening Toshkentda qurilishini yaxshi o'ylamagansiz. Yerni iqtisod qilish, hozir muhim masalalardan biri. Keyin, ichki hashamga doir ba'zi bir juz'iy kamchiliklar bor. Umuman, ishingiz yaxshi. Ixcham, sodda, original. Quruvchilar kafeni mehmonxona bilan birga qurishni taklif qilishyapti. Bu degan so'z, kafe yilning oxirigacha bitadi. Borib ko'rasizmi?
- Yaxshi bo'lardi.
- Bo'pti. Men o'zim olib boraman.
Rektor stoli burchagidagi tugmachani bosdi. Xonaga kotiba kirdi.
- Indinga, soat o'n ikkida majlis. Tanlov g'olibiga mukofot topshiriladi.
Kotiba xo'p deb chiqib ketdi.
- Turdik bo'lmasa.
Gulchehra bunday bo'ladi deb sira kutmagan edi. Rektor bilan yonma-yon o'tirib mashinada borar ekan, sevinchi ichiga sig'mas, boyagina yuragini ezib turgan tashvishlarini unutgan edi. Yarim soat o'tar-o'tmas ular studentlar shaharchasiga kirib borishdi. Bu yerda qurilish keskin sur'atda olib borilmokda edi. Qayoqqa qaramang, ko'tarma kranlar, yuk mashinalari... Terak bo'yi keladigan imoratlarning ba'zilari bitgan, ba'zilari suvalmokda, ba'zilariga endi poydevor qurilmoqda edi.
- Qarang, - dedi rektor g'urur bilan. - Ikki-uch yil ichida bu yer katta shaharga aylanadi, yoshlik kabi go'zal bo'ladi! Bunda sizning ham hissangiz bor. Faxrlansangiz arziydi. Ko'p binolarning loyihalarini yoshlarning o'zi ijod qilishgan. Ana, qarang, anavi bino yoshlarning madaniyat saroyi. Uning proektini bir yigit tuzgan. Yaxshimi?
- Juda ham! - Gulchehra havas bilan rektor ko'rsatgan binoga qaradi.
- Manavi esa Yoshlik mehmonxonasi. Keldik. Mashina to'xtadi. Rektor tushib, Gulchehraga qo'lini uzatdi.
- Bitib qolibdi-ku? - dedi Gulchehra besh qavatli binoga tikilib.
- Hali ishi ko'p. Lekin yilning oxirigacha bitkazamiz.
Ular binoni aylanib o'tib, keng qurilish maydoniga chiqishdi. Bir chol rektorning qarshisiga yurdi.
- Salom alaykum, Sulaymon ota! - rektor u bilan quyuq ko'rishdi. - Ahvollar yaxshimi? Mana shu yerga tushadigan imoratning ustasini olib keldim.
- Juda yaxshi, juda yaxshi! - dedi chol Gulchehraga boshdan-oyoq qarab chiqib. - Me'mor deng?
- Xuddi shunday! - dedi rektor kulib. Gulchehra uyalinqirab boshini egdi.
- Qizlardan ham me'mor chiqar ekan-da?
- Chiqqanda qandoq! Qani, ota, ko'rsating xo'jaligingizni!
- Yuring!
Rektor Gulchehraning tirsagidan ushlab yo'l boshladi.
Kechqurun Gulchehra hammayog'i chang, charchab kelganda, Abstutay sevinchiga sevinch qo'shdi:
- Kelgusi haftaning boshida boramiz. Hammasi joyida bo'ladi, qizim. Sofiya va'da berdi. Tinch bo'lsin, dedi.
Gulchehra Abstutayni mahkam quchoqlab, yuz-ko'zidan o'pdi.
- Bo'ldi-bo'ldi, qizim, belimni sindirasan! Shunday deb Abstutay ham uni bag'riga bosdi. Mukofot topshiriladigan kuni institutning majlislar zali odamga liq to'ldi. Ancha-muncha gaplar bo'ldi. Jyuri raisi uni tabriklab, mukofotni topshirdi. Keyin rektor gapirdi:
- Tanlovda bizning studentimiz g'olib chiqqanidan men nihoyatda hursandman, - dedi u. - Lekin Gulchehraga aytadigan bir-ikkita gapim bor. Iste'dodsiz ijodkor bo'lish qiyin. Buni hamma biladi. Ammo mehnat, bilim, g'ayrat kabi qator komponentlar borki, bularsiz ijodni tasavvur qilib bo'lmaydi. Shularning hammasi Gulchehrada bor. Unga yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz...
Gulchehra institutdan boshi gangib chikdi. U cheksiz shod edi. Ajab emas, yangi Mingbuloq loyihasi ham shunday muvaffaqiyatli o'tsa? Albatta ularga ko'rsatadi, ularning maslahatini oladi. Diplom ishim shu deb, yana ikki yil kutib o'tiradimi?!
- Mukofotni yuvsak bo'lardi! - dedi kimdir orqadan.
Gulchehra to'xtab o'girildi. Bir guruh yigit-qiz uni o'rab oldi.
- Tabriklaymiz! Tabriklaymiz!
- Rahmat! - Gulchehra hammaga qo'l berib minnatdorchilik bildirdi. - Men tayyorman. Hozir ham yuvishimiz mumkin.
- Bo'pti! Bahorga ketdik! - qichqirdi kimdir.
- Yo'q, yo'q! - uni bo'ldi bir qiz: - Kafe bitsin, shunda Gulchehra opam yaxshilab ziyofat beradilar.
- Bo'pti! - dedi Gulchehra kulib. - Albatta shunday qilamiz.
Yoshlar xayrlashib ketishdi. Gulchehra, uyga borishga hali erta deb, O'rda tomon yurdi. Darvoqe, mukofotini nima qiladi? U beixtiyor sumkasini ochib, pulli konvertni ushlab ko'rdi. Ancha. Uyga, dadasiga jo'natsinmi? Yo sovg'a olsinmi? Shu ikkinchi fikr unga ma'qul tushdi.
O'sha kuni ham, ertasiga ham magazinma-magazin yurib, otasi, ayasi, ukasi, hamma tanish-bilishlariga sovg'a oldi. Hatto Abstutay ham chetda qolmadi. Unga bir kiyimlik havo rang sherst mato oldi. Kampirning boshi osmonga yetdi, ko'z yoshi qildi, duo qildi. Ammo Gulchehra o'ziga hech narsa ololmadi. Uning hamma narsasi bor edi. Shunday bo'lsa ham, ayol kishi molga o'ch bo'ladi, nimalarnidir qidirdi. Ba'zilari yoqmadi, ba'zi narsalarni topolmadi. U anchadan beri hind shippagini orzu qilardi, topolmadi. Univermagdagi poyafzal sotuvchi qiz, ikki kundan keyin keling, chex shippaklari savdoga chiqadi, hindchadan qolishmaydi, dedi. Gulchehra albatta kelishini aytdi.
Hamma ishlaridan ko'ngli to'q bo'lganidan ikki kun ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi. Gulchehra ikki-uch marta talabalar shaharchasiga bordi. Qorovul chol uni yaxshi ko'rib qolib, shaharni ko'rsatdi, bog'iga olib bordi. Bog'i shunday shaharchaga tutash ekan. Qovun polizga olib kirib, handalak so'yib berdi. Oxirgi borganida Gulchehra mehmonxonaning beshinchi qavatiga ko'tarildi.
- Ehtiyot bo'l, bolam! - ogohlantirdi pastdan Sulaymon ota. - Bitmagan imoratga chiqish xavfli!
Gulchehra quloq solmadi. Hali panjarasi o'rnatilmagan boloxonaga chiqib, atrofni tomosha qildi. Bu yerdan shahar ko'm-ko'k o'rmon ichiga yashiringandek ko'rinardi. Katta-katta daraxtlar ostidan faqat uylarning oq, qizil tomlarigina ko'zga tashlanardi. Olisda tog'. Ko'kka bo'y cho'zgan, cho'qqilari kumushdek oppoq tog'... G'ir-g'ir shabada esadi, sochlarini taraydi, yuz-ko'zini silaydi...
Gulchehra shu yerda turib, yangi bir narsani o'ylab qoldi. Kafening ustini ochiq ayvon qilsa yaxshi bo'lmaydimi? Buning hech qiyinchiligi yo'q. Tomi baribir betondan qilinadi. Qiyinchiligi yo'q. Ha, shunday qilish kerak. Ertagayoq taklif qiladi, loyihani o'zgartiradi. Nega ilgari shu fikr hayoliga kelmadi ekan?
U pastga tushdi.
- Qalay? Yaxshimi? - so'radi Sulaymon ota.
- Nimasini aytasiz! Havosi juda ham yaxshi.
- E, jannat, bolam, jannat, - dedi g'urur bilan
Sulaymon ota. - Uyim buzilsa ham, shuning uchun bu yerdan ketmayapmanda. Shahar bitsin, juda allambalo joy bo'lib ketadi...
Gulchehra yo'lga tushdi. Hadraga kelganda univermagga borish esiga kelib qoldi. Shu tramvayning o'zidayoq o'quvchilar saroyigacha keldi.
Sotuvchi qiz aldamagan ekan. Uni ko'rishi bilan chaqirdi.
- Mana, kiyib ko'ring.
Gulchehra shippakni olib, peshtaxta yonidagi stulga o'tirdi. Shippak chiroyli edi. Oppoq, belidan ingichka oltindek zanjir o'tkazilgan, poshnasi ham baland emas, yurishga oson. Gulchehra kiyib ko'rdi. Yaxshi keldi.
- Rahmat, shuni olaman, - dedi sotuvchiga. Sotuvchi qiz shippakni o'rab berdi.
Shu payt kimdir Gulchehrani orqasidan quchoqladi.
- Voy, kim? - hayratlanib dedi Gulchehra.
Ayol kishining qah-qah kulgisi eshitildi. Gulchehra o'girildi.
- Voy, opoqi, sizmisiz, - Gulchehra shunday dedi-yu butun vujudi bo'shashib ketdi.
Bu ayol Shahodat opa edi.
- Boyatdan beri qarab turibman, Gulchehrami, boshqami deb. Yaxshimisan, omonmisan? Uydagilar tinchmi? Qachon kelding?
- Bir haftacha bo'ldi, - dedi zo'rg'a ovozi chiqib Gulchehra. - Institutga chaqirishgan edi.
- Voy, qizi tushmagur! Shuncha bo'libdi-yu, bunday biznikiga kirmaysanmi?
- Kirarman! O'zingiz tinchmisiz? - Gulchehra shunday dedi-yu, Xuddi Abdullaning o'zi-ya! Qoshi ham, ko'zi ham! - degan fikr hayolidan yashindek chaqilib o'tdi. - Amakim qalaylar?
- Xudoga shukur. Ancha yaxshi hozir. To'y taraddudidamiz chol-kampir.
- To'y?!
- Abdullani uylantiradigan bo'lib qoldik. Gulchehra yalt etib Shahodat opaga qaradi, Qaradi-yu, Kimga? degan savol og'zidan qanday chiqib ketganini bilmay qoldi.
- O'zi bilan o'qiydi. Juda yaxshi qiz.
Gulchehra gandiraklab ketdi. Bir-ikki qadam tisarilib peshtaxtaga suyanib qoldi.
Shahodat opa buni payqamadi. Atrofga alanglab, gapida davom etdi:
- Biram aqlli, biram aqlli, xuddi otasining o'zi! Otasi akademik Qurbonovda! Eshitganmisan? Shu yozda to'y bo'ladi.
- Tabrik... tabriklayman, - dedi o'zini tutib olib sekin Gulchehra. - Baxtli bo'lishsin.
Bor kuchini to'plab u qaddini rostladi.
- Baxtli bo'lishsin.
Shundan keyin u yana nima deganini, qanday qilib magazindan chiqqanini, qanday qilib uyga yetib kelganini bilmaydi.
Oqshom payti Abstutay uning xonasiga kirganda, Gulchehra hamma narsaga befarq holda ko'zlarini shiftga tikib yotardi.
- Nima bo'ldi, qizim? - kampir uning peshanasiga qo'lini qo'ydi.
Gulchehra indamadi.
Shu alfozda u kechgacha yotdi. Kechqurun esa o'rindan turdi. Oyna oldiga kelib, sochini taragan bo'ldi. Quloqlarining orqasiga, bo'yniga atir sepdi. Keyin boyagina olgan oq tuflisini kiyib, hovliga tushdi.
- Shu topda qayoqqa, qizim? - so'radi xavotirlanib Abstutay.
- Bir aylanib kelaman, boshim og'riyapti, - dedi Gulchehra, keyin eshik tomon yurdi.
- Hayallab qolma bemahalda, - qichqirdi orqasidan Abstutay.
Gulchehra O'rdagacha piyoda keldi. Yaxshi tufli olibman, - dedi muyulishda havas bilan oyoqlariga qarab. - Yumshoq, yengil. O'zi ham menga yarashibdi.
Tramvay o'tdi. U bo'm-bo'sh edi. Qayoqqa borsam ekan? - o'yladi Gulchehra. - Tramvayga o'tirib shahar aylanaymi? Toshkentga birinchi marta o'zim kelganimda shunday qilgan edim. Yaxshi bo'ladi, ko'rmagan joylarim ko'p hali.
U shunday qildi. Yangi shahar tomon ketayotgan tramvayga o'tirdi. Vagon bo'sh, hatto konduktor ham yo'q edi. Gulchehra deraza yoniga o'tirib, ko'chaga qaradi. Turli-tuman chiroqlar, ming xil reklama chiroqlaridan keng ko'cha xuddi xonatlasdek lov-lov yonib turardi.
Gulchehra ancha aylandi. Tramvay ikki marta shaharning u boshidan-bu boshiga borib keldi. Shahar tinch edi. Faqat Gulchehraning ostidagi g'ildiraklargina bu tinchlikni buzib turardi. Ammo Gulchehra bunga ko'nikib qolgan edi. Uning o'zi ham tinch edi...
Dzin, dzin!.. Tramvay to'xtadi. Gulchehra ko'zlarini derazadan uzmay o'tiraverdi.
- Qizim, qayerda tushasiz?
Gulchehra boshini ko'tardi. Tepasida shop mo'ylov vagon haydovchi turardi.
- Adashib qolmadingizmi?
- Qayerga keldik?
- Talabalar shaharchasiga.
- Shu yerda tushaman. Gulchehra shoshib o'rnidan turdi.
- Tavba, - dedi haydovchi u tushib ketgach. - G'alati odamlar bo'ladi-ya dunyoda.
Gulchehra to'ppa-to'g'ri Yoshlik mehmonxonasiga bordi. Bir oz unga qarab turdi, keyin maydonga o'tdi. Shu payt qorovul uychasidan Sulaymon ota chiqdi.
- Assalomu alaykum, ota! - dedi Gulchehra.
- Kimsan? - qorong'ilik ichida uni tanimay so'radi qorovul chol.
- Men, men - Gulchehraman, - dedi Gulchehra cholga yaqinlashib.
- Bemahalda nima qilib yuribsan, qizim?
- Uyda o'tirib zerikdim. Birpas ko'chalarni aylandim. Keyin shu yoqqa keldim. Ko'rgim keldi. Qanday bo'lar ekan? Odamlarga yoqarmikan?
- Yoqmay-chi, bolam! Shahardagi eng ko'hlik bino bo'ladi bu.
- Rahmat, ota.
- Ha, menga ishonaver, - dedi chol g'ururlanib... - Sulaymon ota yolg'on gapirmagan. Rohatijon joy bo'ladi bu yer. Hammaning savobiga qolasan hali.
- Aytganingiz kelsin, ota, - dedi jilmayib Gulchehra.
U shunday deb o'ylanib qoldi. Uning ikkala ko'zi qorong'ilikni yorib, bahaybat qushdek uchishga hozirlanib qanotlarini yozgan binoda edi. Uniki ham shundan qolishmaydi. Qushdek yengil, go'zal bo'ladi. Qorovul cholga ham shunday tuyuldi shekilli, faxr bilan dedi:
- Uchaman deb turibdi!
Gulchehra indamadi. Keyin bitta-bitta yurib, mehmonxona binosi ichiga kirib ketdi. Yangitdan choy qo'yish uchun ichkariga kirgan Sulaymon ota uning qayoqqa ketganini ko'rmay qoldi. Bir-ikki Gulchehra! deb chaqirdi, javob bo'lmadi.
- Ishqilib, umri uzoq bo'lsin, - dedi Sulaymon ota.
Gulchehra bino devorlarini paypaslab, hali tarashlanmagan zinadan beshinchi qavatga ko'tarildi. Ertalab chiqqan balkoniga ehtiyotlik bilan o'tdi.
Kecha sutdek oydin edi. Uzoq-yaqinda qorayib turgan teraklar yengil shabadadan ohista tebranib, og'ir-ligini bir oyog'idan ikkinchi oyog'iga olib turgan pahlavon soqchilarga o'xshardi.
Olisda televizion stansiya minorasining qizil chiroqlari ko'rindi. Nima ketayotgan ekan hozir? - o'yladi Gulchehra. - Botir kuylayotganmikin? Maro bibo'smikan? U shu qo'shiqni yaxshi ko'rardi. Ayniqsa, Botir Zokirov aytganida. Qo'qonda kimdir aytdi, o'xshata olmadi. Gulchehraga Botirning ovozidan ko'ra, shu qo'shiqni aytayotgandagi kayfiyati yoqardi. Qo'shiq go'yo uning uchungina yaratilgandek, u bilan tirikdek tuyulardi.
Gulchehra shunday o'ylar ekan, qulog'i ostida shu qo'shiq yangrayotgandek, chiroqlar ichidan esa ashulachi unga qarab turgandek, hozir faqat uning uchun kuylayotgandek bo'ldi. Beixtiyor quloq soldi. Tramvay chinqirib burila boshlady. Shu zahoti aspirantlar yotoqxonasi oldida nimadir chirsillab yondi-yu, darhol so'ndi. Gulchehra kaftini yuziga tutdi, ammo anchagacha kamalak tus olov yallig'i ko'z oldidan ketmadi. Tramvay uzoqlashib, yana hammayoq jimjit bo'lib qoldi. Gulchehra ko'zlarini ochib atrofga qaradi. U hech mahal tungi Toshkentni tomosha qilmagan edi. To'g'ri, bir marta samolyot kech uchib, qorong'i tushganda Toshkentga kelgan edi. O'shanda, samolyot pastlayotganda, darchadan shaharga qarab hayron qolgan edi. Hammayoq chiroq... xuddi shaxmat taxtasiga o'xshaydi. Faqat bu taxta oq-qora emas, ming xil bo'yoqda tovlanadi. Hozir ham tungi Toshkent shunday go'zal edi, odamning suqi kelardi. Gulchehra simirib nafas oldi, muzdek havo tomog'ini qitiqlab o'tdi. Yana ancha vaqt baland-past imoratlar orasidagi sho'x chiroqlarga termilib turdi-da, boshini ko'tardi. Osmon to'la yulduz. Oyning nim rang gardishi adashib paydo bo'lib qolgan bir quloch bulut pardasi orqasiga o'tib, tunni qoraytirdi-da, ko'p o'tmay mo'ralab chiqdi. Daraxtlarning barglari kumushdek yaltirab ketdi. Gulchehra oyga termilib, xuddi u bilan suzib ketayotgandek bo'ldi. Darhol balkondaligini esladi-da, devorni ushlamoqchi bo'lib qo'lini orqaga cho'zdi va tisarildi. Ammo orqasida hech narsa yo'q edi. Gulchehra osmonga tikilib devorga yoni bilan turib qolganini unutgan edi. Ota! - dedi u yuragi shuvillab, ammo ovozi tomog'ida qoldi. Qo'llarini yoyganicha pastga sho'ng'idi. Qushga o'xshayman-a - Hayolidan o'tdi uning. Keyin hushini yo'qotdi.

#FFFF80 XXI

#white Sulaymon ota ertalab, g'ira-shirada qurilish maydonini kuzatib kelar ekan, standart beton plita  ustida  yotgan  bir  ayolni  ko'rib  qoldi.  Ayolning  oyoq-qo'llari  yoyilgan,  oppoq  ko'ylagi beligacha  ko'tarilgan  edi.  Sulaymon  ota  uning  bu  qiyofasini  ko'rib,  jahli  chiqdi, Ayol boshingga ichib nima qilarding?! dedi ichida, keyin yomon fikr hayolidan o'tib, shoshib ayolga yaqinlashdi. Yaqinlashdi-yu, dahshat ichida  qotib  qoldi. Ayolning  kallasi yo'q  edi,  to'g'rirog'i, majaqlanib, yelkalariga yopishib yotardi. Sulaymon ota nimadir deb o'zicha g'o'ddirandi, qo'rqa-pisa ayolga yana bir marta ko'z qirini tashladi-da, keyin orqaga tisarildi, uch to'rt qadam bosgach, o'zini tutib oldi shekilli, qorovulxona tomon jon holatda yugurib ketdi. 
Ko'p o'tmay milisiya xodimlari yetib kelishdi. Sulaymon ota ularni o'sha ayol yotgan joyga boshlab borar ekan: 
- Xotin!.. Bir xotin... o'lik!.. - derdi, boshqa hech narsa gapirolmasdi. 
Telefonda  ham  shu  uch  so'zdan  boshqa  hech  narsani  aytolmagan  edi. Milisiya  xodimlari ketidan qoqilib-suqilib borar ekan, ko'zlari jiqqa yoshga to'lib, sho'r tomchilar qalin mo'ylovi orasidan  og'ziga tushayotganini,  necha  yillardan  beri  o'qlanmay,  o'qdoni  zanglab ketgan  eski miltig'ining qo'ndog'i toshdan-toshga tegib sudralib kelayotganini sezmasdi. Uning ikkala nam ko'zi ayol yotgan tomonda, butun hayoli hozirgina yakka o'zi guvoh bo'lgan fojiada edi. Beton plita yoniga yetib kelishganda, Sulaymon ota besh qadamcha narida tuproqqa qorishib yotgan bir poy tufliga ko'zi tushdi. Yugurib borib uni oldi. Oltin rang tasmali, oppoq bu tufli ayolning oyog'idan tushib qolgan edi. Sulaymon ota beixtiyor o'likka yaqinlashib, tuflini kiygazib qo'yish uchun engashdi. Shu payt kimdir: 
- qayerdan oldingiz? Joyiga olib borib qo'ying! - dedi. 
Sulaymon ota yosh boladek chopib borib, buyruqni bajardi. Milisiya xodimlari o'likning atrofini aylanib chiqishdi-da, uning ro'parasida to'xtashdi. Ammo Sulaymon ota ularga parvo  qilmasdi.  Uning  ko'zi  o'likning shalvirab  yotgan  qo'lidagi  soatda  edi.  Soat  unga  tanishdek tuyulgan,  shuning  uchun  unga  tikilib  qolgan  edi.  Bir  mahal  u  titrab  ketdi,  nimadir  deb shivirladi, keyin: 
- Gulchehra! Bolaginam!! - deb qichqirib yubordi. Milisiya xodimlari nima bo'lganiga tushunib yetgunlaricha, chol hushidan ketib, o'likning oyoq tomoniga gurs etib yiqildi. O'ziga kelib ko'zini ochganda, milisiya xodimlari bilan birga  tepasida bir nechta oq xalat kiygan kishilar turishardi. 
- Uni... uni taniyman, - dedi Sulaymon ota turishga harakat qilib. - Taniyman... Shu binoning qog'ozini chizgan. Gulchehra, bolaginam. 
Nima qilib qo'yding o'zi, qari, devona chol?! 
- Ota, tuzukroq gapiring, nima bo'ldi o'zi? - so'radi kimdir, - O'likni qachon ko'rdingiz? Sulaymon ota plita burchagiga omonatgina o'tirdi.
- Ertalab ko'rdim o'likni... Lekin uni kecha ko'rganman. Kecha shu yerga kelgan edi...
- Qay payt?
- Kechqurun. Kechqurun kelgan edi, ancha kech bo'lib qoluvdi. Soat necha bo'ldi, deb so'ragan edim undan. Chorak kam o'n ikki edi, ha, chorak kam o'n ikki degan edi...
- Ota, o'zingizni bosing, bir chekkadan gapiring, - dedi militsiya xodimlaridan biri. - Yozib olishimiz kerak.
Sulaymon ota xo'p deya boshini og'ir silkitdi. Keyin, bilganlarini aytib berdi.
Lekin Gulchehra o'shandayoq bino tepasiga ko'tarilganmi, yo keyin kelganmi - qorovul chol bilmasdi. Qizning o'limiga uni aybdor hisoblashlari mumkinligidan cho'chib va unga achinib: Nega tepaga chiqmadim? Nega o'shanda uni qidirmadim? Ahmoq chol! - deb o'z-o'zini so'kardi.
Oradan bir soat o'tar-o'tmas o'lik ekspertizaga olib borildi. Tekshirildi. Uning beshinchi qavatdan tushib ketgani aniq edi. Hech kim unga suiqasd qilmagan. Marhumning badanida ham, binoda ham buni isbotlaydigan dalil topilmadi. Lekin militsiyaga bir narsa qorong'i edi: u tasodifan tushib ketganmi yo o'zini tashlaganmi?! Shuning uchun binoni yana sinchiklab tekshirishdi, o'likni ham rentgenga solib ko'rishni lozim topishdi. O'sha zahotiyoq marhuma idorasiga - politexnika institutiga xabar qilindi.
Kechga yaqin militsiyada marhuma haqida aniq ma'lumot to'plandi, tekshirishlar yakunlandi. Lekin marhuma o'zini tashlaganmi, yo tasodifan tushib ketganmi - bu savol yechilmadi. Kim biladi, balki chindan ham tushib ketgandir? Hammayoq qorong'i bo'lsa, balkonni panjaralari hali qoqilmagan bo'lsa?! Ortiqcha qadam qo'yib yuborgan. Militsiya xodimlari shunday qarorga kelib, odamlarga ruxsat berishdi.

#FFFF80 XXII

#white Qosimjon bilan Zubayda praktikadan qaytib kelishganda Gulchehraning o'lganiga uch kun bo'lgan edi. Abstutay ularni ko'rishi bilan yig'lab yubordi.
- Qosimjon, o'g'lim, Gulchehradan ayrilib qoldik!.. Gulchehra o'lib qoldi.
- Nima?! - Qosimjon qotib qoldi.
- Onasi chaqirdi uni, onasi!.. Xudo ko'p ko'rdi uni bizga!
Kampir, yig'i aralash bo'lgan voqeani zo'rg'a-zo'rg'a gapirib berdi.
- Hammasiga o'sha yigit aybdor! Oti qurg'ur Abdulla! O'tgan kuni samolyotda olib ketishdi. Qarindoshlari, institutdagilar olib ketishdi. Bechora qiz... Onasining yoshiga kirsa ham mayli edi.
Qosimjon shu zahotiyoq yo'lga tushdi. Qosh qorayganda Mingbuloqqa kirib bordi. Gulchehraning uyi atrofida tumonat odam. Ichkaridan ayollarning yig'isi eshitilardi. Qosimjon odamlar orasida boshini ham qilib turgan Samadni ko'rib, uning yoniga bordi.
- Qachon ko'mdilaring?
- Kecha.
- Yusuf aka qalay?
- Uni so'rama, - Samad xo'rsindi. - Kechadan beri tildan qolgan. Hech narsani bilmaydi. Raisning uyiga yotqizib qo'ydik. Tepasida doktor.
- Ablah! Men uni sog' qo'ymayman!
- O'zingni bos, - dedi Samad. - Falokat ustiga falokat qo'shilmasin. U bilan keyin gaplashamiz.
- Xabari bormi?
- Men xabar bermoqchi emasdim. Mamlakat telegramma berib qo'yibdi.
- Kim u?
- Pochtachi qiz.
- Adresini bilar ekanmi?
- Gulchehra pochtaga borib xat olardi. Bu yoqqa yur.
Ular odamlar orasidan chiqib, kanal labiga o'tirishdi.
- Manavini Gulchehra ko'rmay ketdi. - Samad Abdullaning so'nggi telegrammasini o'rtog'iga uzatdi.
- Kimdan?
- Kimdan bo'lardi...
Qosimjon telegrammani o'qib chikdi. Qo'llari musht bo'lib tugildi.
- Ablah!
Ikki o'rtoq jim qolishdi. Samad boshini tizzalari orasiga olib, hayolga cho'mdi.
- Qosim, - dedi u bir mahal chidolmay.
- Labbay?
- Men... men uni yaxshi ko'rardim!.. Esimni taniganimdan beri yaxshi ko'rardim!..
Samad titrab yig'lab yubordi. Qosimjon uning orqasiga qo'lini qo'ydi, bir narsa deb ovutmoqchi bo'ldi, ammo tiliga hech narsa kelmadi.
...Xuddi shu paytda Abdulla samolyotdan tushib Toshkent - Qo'qon poezdiga o'tirgan edi. Telegrammani olganida, avval u ishonmadi. Bir necha marta o'qib chiqdi. Keyin, birdan sodir bo'lgan dahshatga tushunib, dodlab yubordi. U bunday bo'lishini sira kutmagan edi. Shoshib kiyindi. Shkaf ustida chang bosib yotgan chamadonini olib, nimalarnidir soldi, keyin jahl bilan uloqtirib tashladi-da, pastga otildi. Endi nima bo'ladi? Endi nima qilaman? - derdi u nuqul samolyotda ham, poezdda ham.
Gulchehra nima qilib qo'yganini u bilmasdi. Lekin nima qilib qo'ygan bo'lsa ham, bunga o'zi aybdor ekanini bilardi. Nima degan odam bo'ldi u endi? Odamlarning yuziga qanday qaraydi? Qanday yashaydi? U shunday o'ylar ekan, ko'z oldidan Gulchehraning siymosi ketmasdi, qayoqqa qaramasin, uning kulib turgan ko'zlariga to'qnash kelardi. Bu ko'zlar ta'na qilmasdi, yo'q, ular unga mehr bilan boqardi, ular sevinchga, sevgiga limmo-lim edi. Abdulla Mingbuloqqa kirguncha ularning ta'qibidan qutulolmadi. Mingbuloqqa kirganda esa, hayoli bo'lindi. Olisda bir guruh odamlar ko'rindi. Ular Gulchehralar uyining oldida turishardi. Abdullani qo'rquv bosdi. Odamlarning hammasi unga yov nazari bilan qarab turgandek tuyulardi. Ularga ko'rinmaslik uchun devor yoqalab yura boshladi. Uning' rangida rang qolmagan, tizzalari qaltirardi. Bir amallab buvisining uyiga yetib keldi. Hovligi kirdi-yu, xuddi birov quvlayotgandek, eshikni orqasidan shoshib tanbaladi. Hovlida hech kim yo'q edi. Abdulla ayvonga ko'tarildi.
- Buvi! - chaqirdi u sekin. Hech kim javob bermadi.
- Tog'a! Yana jimlik.
- Kelinoyi!
Shu payt bog' tomondan bedana tak-taraklab yubordi. Abdulla seskanib ketdi. Bu - o'sha, Gulchehra avaylab tarbiya qilgan, qanoti siniq bedana edi.
- Gulchehra! - qichqirib yubordi Abdulla o'zidan-o'zi.
- Tog'a, - ko'zlarini ishqalab ichkari xonadan jiyani Tursun chiqdi.
- Ha, jiyan, - dedi o'zini bosishga intilib Abdulla. - Uydagilar qani?
Hammalari Yusuf amakimlarnikida. Eshitmadingizmi, Gulchehra opam o'lib qoldilar.
- Eshitdim. Nima bo'libdi?
- Toshkentda imoratdan yiqilib tushibdilar. Tog'a!
- Nima?
- Buvim sizni qarg'adilar, - dedi Tursun sirli ohangda. - Adam ham so'kdilar. Buvim unaqa nevaram yo'q, dedilar. Nima qiluvdingiz, tog'a?
Abdulla javob bermadi. U yig'lardi. Bir tomchi yosh jiyanining bo'yniga tushdi. Tursun boshini ko'tarib tog'asiga qaradi.
- Siz ham yig'layapsizmi? Abdulla boshini qimirlatdi.
- Men... men Gulchehra opangni yaxshi ko'rardim. Keyin... keyin ketib qoldim...
Abdulla jiyanining boshini siladi-da, hovliga tushdi. Bitta-bitta yurib ko'chaga chikdi. Odamlar fotihaga kelishardi. Abdulla hech kimga parvo qilmay, kanal yoqalab ketdi. Qulog'i ostidan esa qanoti singan bedananing bir ohangdagi tak-taragi ketmasdi. Ko'p o'tmay qabristonga yetib keldi. Hammayoq suv quygandek jim-jit, faqat allaqayerda chumchuq chirqillardi. Abdulla atrofiga qaradi. Olisda kimningdir qorasi ko'rindi. Abdulla birpas o'ylanib turdi-da, keyin shu tomonga yurdi. Uzun qora marmar tosh yonidagi yangi qabr tepasida kimdir turardi. Abdulla yaqinlashib, tanidi. Bu Samad edi. Yoniga bordi. Samad unga qaramadi. Ikkalovi anchagacha yonma-yon turishdi. Abdullaning ko'zi qabrda. Hali undan shunday tuproq isi kelib turardi.
- Bo'ldi, ket! - dedi bir mahal Samad vazminlik bilan. - Tirigida xo'rlading, o'lganida tinch qo'y. Ket.
Abdulla indamadi. Yana bir oz turdi-da, orqasiga qaytdi. U mast odamdek gandiraklab qadam tashlar ekan, hech kim, hech nima hayoliga kirmasdi. Hech narsani ko'rmasdi. Chumchuq esa hamon tinmasdan chirqillardi.

#FFFF80 XXIII

#white Andijon - Toshkent passajir poezdi oqshom payti poytaxtga kirib keldi. Perron bir damda odamga to'ldi va xuddi shunday bir zumda bo'shadi. Poezddan eng oxiri Abdulla tushdi. U talmovsirab atrofga qaradi, keyin sudralib vokzaldan chiqdi. U nima qilishni, qayoqqa borishini bilmasdi. Shuning uchun shoshmasdi. Ancha vaqt vokzal oldida qaqqayib turdi. Keyin Temiryo'lchilar saroyi tomon yurdi. Saroyni bir oz aylangach, qandaydir xiyobondan chiqib qoldi. Qosh qorayib, quyoshning nim rang gardishi daraxtlar orqasidan mo'ralab turardi. Xiyobonda odam siyrak, faqat hali suv qo'yilmagan ko'saksurat fontan yonidagi skameykada ikkita mo'ysafid gaplashib o'tirardi. Abdullaga ularning qiyofasi shu darajada sokin va tantanali ko'rindiki, u ham shu topda hech narsani o'ylamasdan shunday osoyishta o'tirgisi kelib ketdi. Beixtiyor panaroq joy qidira boshladi. Hiyobonning orqa tomonidagi katta yo'lga tutash panjara yonida ola-chipor bir skameyka ko'rindi. Abdulla shu tomonga yurdi. Skameyka oldida besh-oltita chumchuq va ikkita musicha non ushoqlarini cho'qilab yurardi. Ular kech kirganiga, inlariga shoshilgan boshqa qushlarning chirqillaganiga parvo qilmas, o'z ishlari bilan ovora edi. Hatto odam kelganini ham payqashmadi. Abdulla bir depsinib ularni haydadi-da, o'zini skameykaga tashladi. Nima bo'ldi o'zi? Nega o'ldi? Nega o'ladi? Abdulla qancha o'ylamasin, o'yining oxiriga yetolmadi. Bu esa uni battar qiynoqqa soldi. Ko'zlari tinib, hamma narsa jimirlab ko'rina boshladi. Shalviragan qo'llarini zo'rg'a ko'tarib, ishqaladi. Baribir foyda bermadi. Sekin yumdi. Endi ko'zlarining ichida nimalardir jimirlay boshladi. Hozir ketadi, hozir yo'qoladi, o'yladi o'zicha Abdulla va boshini skameyka suyanchig'iga qo'ydi. Ammo jimirlash yo'qolmadi. Aksincha, ko'paydi, keyin ingichka halqachalarga aylandi. Halqalar birining ichidan ikkinchisi chiqib, patefon plastinkasidek chirillab aylanib, qorachiqqa yaqinlashganda yoyilib ketdi. Shu zahoti ikkita halqacha paydo bo'lib, avvalgisidan ham tez aylana boshladi. Uning o'rnini uchinchisi, keyin to'rtinchisi egalladi. Lekin eng yomoni halqachalarning plastinkadek aylanishi edi. Qorachiqqa yaqinlashganda plastinka g'adir-budur chiziqlar hosil qilib, shunday tez chirillab aylanardiki, go'yo badaniga igna sanchilayotgandek bo'lardi.
Abdulla shu alfozda qancha o'tirdi, bilmaydi, nihoyat chiday olmay boshini ko'tardi. Lekin boshi tegirmon toshi yuritgandek og'rirdi. Yana ko'zlarini ishqalab, yumdi. Bu gal halqachalar ko'rinmadi. Abdulla xo'rsinib, boshini yana suyanchiqqa qo'ydi. Shu mahal olisda soqqadek kichkina qora bir narsa paydo bo'ldi. Ko'zlarining to'g'risiga kelib to'xtab turdi-da, keyin Abdulla tomon yumalay boshladi. Birpasdan so'ng u ikkita bo'ldi. Keyin to'rttaga aylandi. Abdulla nima bo'larkin? deb ko'zlarini yumganicha o'tiraverdi. To'g'rirog'i, ochishga majoli yo'q edi. To'rtta soqqa bu paytda o'n oltitaga aylanib yumalab kelardi. Lekin yaqinlashmasdi. Soqqalar hisoblab bo'lmaydigan darajaga yetganda, Abdulla ko'zlarini bir-ikki qisib qo'ydi. Shunda hamma soqqalar birlashib, katta bir temir sharga aylandi. Shar ovoz chiqarib dumalay boshladi. Hozir meni bosib ketadi, - hayolidan o'tkazdi Abdulla. - Qochish kerak. Lekin joyidan qo'zg'alolmadi. Sharning unga yetib kelishiga besh-olti qadamcha qoldi. Hozir keladi, hozir!.. Abdulla yuragi qinidan chiqay deb hansiray boshladi. Shar kengaydi, ko'z davrasidan chiqib ketdi. Ammo hamon dumalardi. Yetdi! Yetdi! - dedi Abdulla va birdan ingrab yubordi.
- Nima bo'ldi, yigit? - so'radi kimdir mehribonlik bilan.
Abdulla yoniga o'girilib, boyagi mo'ysafidlardan biri tepasida turganini ko'rdi.
- Uxlayotgan ekansiz, tush ko'rib, cho'chidingiz shekilli?
- Ha, - dedi Abdulla uyalib, keyin sekin o'rnidan turdi.
- Muzdek suv ichib oling, yaxshi bo'ladi, - maslahat berdi mo'ysafid.
- Rahmat.
Abdulla ro'molchasi bilan ter qoplagan bo'ynini artib, yo'lga tushdi. U gandiraklardi, oyoqlari omonatgina ilib qo'yilgan tayoqchalardek sudralar, tizzalari zo'rg'a bukilardi.
Shu ahvolda u xiyobondan chiqib, markaziy ko'chaga o'tdi. Bu ko'cha kech kirishi bilan gavjum bo'lardi. Mashina qatnovi to'xtab, butun ko'cha piyodalar ixtiyoriga o'tardi. Piyodalar esa turli kiyimda, turli yoshda bo'lib, shu ko'chaga kelganda o'zlarini beixtiyor, hech qanday g'ami, tashvishi yo'qdek his qilishardi. Bu yerda umrida birinchi marta anchagina urish-to'polon bilan sayilga chiqqan, hali baland poshnali tufliga o'rganmagan qizlarni, yarim kechagacha o'yin-kulgi qilib, butun shahar o'ziniki bo'lib qolgan talaba-yoshlarni, bir-biridan hali bo'sa olib ulgurmagan, bor mehrlarini qo'l ushlash bilangina ifodalab yurgan sevishganlarni, umri tugab borayotganini sezib, hammaga, hamma narsaga suq va havas bilan qarovchi munkillagan kampir, chollarni, qo'ying-chi, shaharning deyarli hamma toifa kishilarini ko'rish mumkin edi. Bir soat chamasi shoshilmasdan shu ko'chani aylangan kishi, uzoq uchratmagan tanish-bilishlarini ko'pincha shu yerdan topishi ehtimoldan xoli emas. Ko'pchilik, ayniqsa, yoshlar shunday qilishardi ham. Bu ko'cha umuman, dam olish, uchrashuvlar, kelgusi rejalar joyi edi.
Abdulla bitta-bitta qadam tashlab trotuar chetidan borar ekan, odamlarga qaramaslikka intilardi. Uning hech kim bilan uchrashgisi, hatto salomlashgisi ham kelmasdi.
Universal magazin ro'parasiga yetganda u to'xtadi. Shu yerda sayilgohni tor bir ko'cha kesib o'tgan edi. Shu yoqqa yurdi.
Ko'cha jimjit, na bironta mashina, na bironta odam ko'rinardi. Abdullaning kayfi battar buzilib ketdi. O'zini iflos, katta bir gunoh qilib qo'ygandek his qilardi. Rasvo bo'ldim, - o'yladi u. - Hamma narsa rasvo bo'ldi. Shunday o'yladi-da, yana yo'lga tushdi. Trolleybus to'xtaydigan joyga kelganda, kimningdir simyog'ochga suyanib turganini ko'rdi. Uning shu odam bilan gaplashgisi, ozgina bo'lsa ham ko'nglini bo'shatgisi kelib ketdi. Simyog'ochga yaqinlashib yo'taldi. Lekin begona kishi unga qaramadi. Simyog'ochga suyanganicha turaverdi.
- Kechirasiz, soat necha bo'ldi? - so'radi Abdulla uning qarshisiga o'tib.
- Soatim yo'q, - dedi begona kishi. - Ammo taxminan aytishim mumkin. O'n ikkidan oshdi.
- Nahotki? - hayron bo'ldi Abdulla.
- Ha, trolleybus endi yurmaydi. Chekishingiz bormi?
- Bor.
Abdulla shoshib sigareta olib begona kishiga uzatdi, o'zi ham tutatdi. Begona kishi og'ir xo'rsinib tutun chiqarar ekan, dedi:
- Xotinimni kutib turibman.
- Shunaqa kech keladilarmi?
- Endi kelmasa kerak, - dedi begona kishi yo'lga qarab.
- Nega?
- Urishib qoluvdik, ketib qoldi. Ancha bo'ldi ketganiga, hali qorong'i tushmagan edi.
- Hafa bo'lmang, kelib qolarlar, - yupatdi Abdulla.
- Yo'q, kelmaydi. Ketib qolsa qayerda bo'lishini bilardim. Yo anhorning labida o'tirardi, yo bo'lmasa katta ko'chada yurardi. Darrov topib kelardim. Bugun topolmadim. - Begona kishining ko'zlari yaltirab ketdi. - Endi kelmaydi...
- Hafa bo'lmang, er-xotinning urishi qayoqqa borardi? - dedi Abdulla yana uni ovutmoqchi bo'lib. - Qaytib keladilar.
- Ayb o'zimda, - dedi begona kishi ko'zlarini artib. - Uni ko'p hafa qilardim. Bugun ham qattiq hafa qildim. Bilmadim, nimadan janjal chiqardim. Tuppa-tuzuk ovqatlanib o'tirgan edik bo'lmasa. Bir gapga ikkinchisi ulandi, uchinchisi... Keyin u ham chiday olmadi, shekilli: olim bo'lish oson ekanu, odam bo'lish qiyin ekan, dedi. Bu gap u yoq-bu yog'imdan o'tib ketdi. Yomon so'kib berdim. Chiqib ketdi, yig'lab-yig'lab chiqib ketdi. Bunaqa odamni topish qiyin. Yomon bo'lsa, ikkita bolamni o'z bolasidek ko'rmas edi. Men ham uni yaxshi ko'raman. Ertaga tug'ilgan kuni edi. Sovg'a ham olib qo'yuvdim... - Begona kishi xo'rsindi. - Mana, ko'ring.
U qo'yin cho'ntagidan kichkina qutichani olib Abdullaga uzatdi. Bu - kichkina brilliant ko'zli uzuk edi.
- Yaxshimi?
- Juda ham, - dedi Abdulla qutichani yopib, qaytarar ekan.
- Zo'rg'a topuvdim. Endi keragi yo'q... Nima qiladi endi buni?..
Begona kishi birdan o'zini o'ngladi. Sigaretini oyog'i tagiga tashlab ezdi, keyin yosh boladek katta ko'cha tomon yugurib ketdi.
- Saida! Saida!!!
Abdulla uning orqasidan hayron bo'lib qarab qoldi. Bir ozdan so'ng trolleybus kelmasligiga ishonch hosil qilib, o'sha tomonga yurdi. Muyulishga yetganda begona kishi ko'chani boshiga ko'tarib kulganicha, bir narsani opichlab kelar edi. Abdullani ko'rib, u se-vinch bilan qichqirdi:
- Topdim! Topdim!..
Abdulla shunda uni bo'ynidan quchoqlab olgan nimjon ayolni ko'rdi. Uning oy nuri yoritib turgan ko'zlari namdanmi, yo sevinchdanmi xuddi boyagi uzukning brilliant ko'zlaridek yaltirardi.
Shu payt:
- Yigit! - dedi begona kishi to'xtab. - Ertaga biznikiga keling. Otamlashamiz. Simyog'och qarshisidagi uy. Albatta keling!
- Rahmat, - dedi Abdulla.
Bu tasodifiy uchrashuv uni battar ezib yubordi va u yoshi anchaga borib qolgan, ammo qonida yigitlik zavqi, muhabbati jo'sh urib turgan, osoyishta tun qo'ynidagi bo'm-bo'sh ko'chani to'ldirib borayotgan bu odamga cheksiz havas, ayni vaqtda hali uzoq yillar, balki umrbod qalbini timdalaydigan gunoh azobi bilan qarab qoldi.
1969
#FFFF80 (Tamom)
