#FFFF80 XII

#white Uyga qaytib kelganda, supada G'afurjon aka bilan Shahodat opa homush o'tirishardi. Abdulla ularning yoniga kelib, supaning zihiga omonatgina o'tirdi va tinchlikmi, deganday ayasiga tikildi.
- Kuzatib keldingmi? - so'radi Shahodat opa.
- Ha.
- Saodat opang qazo qilibdi.
- Kim? - hayron bo'lib so'radi Abdulla.
- Saodat opang, tog'angning qo'shnisi, - tushuntirdi Shahodat opa.
- Iye, Gulchehraning ayasimi? - bo'shashib so'radi Abdulla.
- Ha. Bechora juda yosh ketdi... Qirqqa boruvdimi?
- Bilmadim, - dedi G'afurjon aka. - Har holda shunga yaqin. Nima qilmoqchisan?
- Qaydam, - dedi Shahodat xola. - Telegramma berib yuboramizmi?
- Bo'lmagan gapni gapirma! - jerkib berdi G'afurjon aka. - Odam o'lsa-yu, sen telegramma bersang! Borib kel.
- Sizni tashlab-a?
- Menga nima qilibdi? Otdekman. Bir kun ming kun emas. Abdullani ol-da, kechqurungi poezdda jo'na.
Shahodat opa o'ylanib qoldi.
- Bo'ldi, bo'ldi! Gap shu. Tur, hozirligingni ko'r. Shahodat opa: O'lim qursin-a, o'lim, - deb o'rnidan turdi. Abdulla karaxt bo'lib qolgan edi. Uni Saodat opaning o'limi emas, boshqa narsa o'ylatib qo'ygan edi. Gulchehra bilan xayrlashayotganda ikkalovi bir-biriga xat yozishga va'dalashishgan, xat pochtaga kelib turishi kerak edi. U hozir shu va'dasining ustidan chiqmaganidan mulzam bo'lib o'tirardi. Gulchehra yozganmikin? Nega shu paytgacha esiga kelmadi?
Abdulla shoshib o'rnidan turdi-da, ko'chaga otildi.
- Qayoqqa? - so'radi orqasidan G'afurjon aka. - Olis ketib qolma.
- Hozir kelaman.
Haytovur pochta hali ochiq edi. Abdulla darcha oldida o'tyrgan yosh bir qizga murojaat qildi:
- Menga Qo'qondan xat kelishi kerak edi...
- Pasportsiz bermaymiz, - dedi qiz.
- Iltimos, juda zarur xat edi. Hozir o'zim Qo'qonga ketaman.
- O'zingiz borar ekansiz, xatni nima qilasiz?
- To'satdan boradigan bo'lib qoldim. Bormi o'zi xat?
- Bo'ldi endi. O'zingni tut, - dedi kimdir. Abdulla ovozidan tog'asi ekanligini bildi. - Yig'laganing bilan qaytib kelmaydi.
Yusuf aka yig'i aralash xo'rsinib, jim bo'ldi. Lekin ko'p o'tmay, yana o'zini tutolmasdan yig'lab yubordi.
Abdulla darvoza yoniga kelib, qo'l qovushtirib turgan Samadning yonida to'xtadi. Ular so'zsiz, bosh tebratib ko'rishdilar. Bir mahal Omin! dedi ichkarida dag'al bir ovoz.
- Olib chiqishyapti! - shivirladi Samad. Abdulla ichkariga qaradi. Hovlini to'ldirib turgan odamlar ustida qizil duxoba paranji yopilgan tobut bir-ikki tebranib, eshik tomon suza boshladi.
- Voy dod! Ayajon!!! - qichqirdi kimdir. - Meni tashlab ketmang, ayajon!!!
Bu Gulchehra edi. Abdulla uning ovozini eshitishi bilan titrab ketdi va yopirilib kelayotgan odamlar orasidan mo'ralab, Gulchehrani qidira boshladi. Ammo uni ko'rolmadi. Odamlar to'lqini uni surib ketdi. O'zini o'nglab olib, xuddi yelkandek serto'lqin daryoda suzib ketayotgan tobut ketidan yugurdi.
Qabriston Mingbuloqdan ancha narida edi. Unga yetib borguncha odamlarning hammasi terlab suv bo'lib ketdi. Tobut yerga qo'yilganda yengil shabada turdi. Quyoshning tafti bosilgandek bo'ldi. Abdulla dimog'iga urilayotgan chuchmal o't-o'lan hidini simirib, atrofga qaradi. Qabriston hali hosili terilmagan bog'ni eslatardi. Qiziq, - o'yladi u mevalarini ko'tarolmay, shoxlari egilib turgan olmalarga qarab. - Hech odam o'lganga o'xshamaydi...
Chindan ham agar qiyiq bog'lagan yigitlar, salla-choponli sokin chollar bo'lmasa, bu bog'dan farq qilmaydigan qabristonga o'lik kelganiga ishonib bo'lmasdi.
Tobutdan jasadni ola boshlashganda esa, qabristonni yig'i tutib ketdi. Yana Gulchehraning ovozi eshitildi.
- Ayajon! Ayajonginam!! Bizni tashlab ketmang, ayajon!!
Abdulla chiday olmadi. Yuzini o'girdi-da, chetroqqa borib cho'kkaladi. Uyga qaytishganda u qancha harakat qilmasin, Gulchehrani xoli uchrata olmadi. Bir-ikki marta ko'rdi. Bechora qiz yig'layverib qovoqlari shishib, ko'zlari qizarib ketibdi. Egnida qora shohi atlas, boshida qora durra... Kechga yaqin Abdulla ko'chada o'tirgan xassakashlarga choy olib kelmoqchi bo'lib tashqari hovliga kirganda, unga to'qnash kelib qoldi.
- Gulchehra?.. - dedi u sekin.
Gulchehra boshini ko'tardi. Bir muddat uning alamli ko'zlarida sevinch barq urgandek bo'ldi, lekin darrov so'ndi. Ko'ryapsizmi? degandek boshini og'ir tebratib o'tib ketdi.
Abdulla shu paytgacha bunchalik ezilib, o'zini oldirgan, butun qiyofasini cheksiz alam va dard qoplab olgan odamni ko'rmagan edi. Choy eltish ham Hayolidan ko'tarilib, ko'cha tomon bitta-bitta yurib ketdi. Gulchehra bilan birinchi uchrashgan joyi - jo'xorizorga bordi. Ammo jo'xori endi yo'q edi. Ildizlari qovjiragan poyalar qoziqdek qaqqayib turardi. Birpas shularga termilib orqasiga qaytdi.
Qorong'i tushdi, olisdan podachi bolaning qurey-qureysi eshitildi. Allaqayerda it bir-ikki vovilladida, jim bo'ldi. Qishloqda yana tungi osuda hayot boshlandi. Lekin o'sha kuni bu hayot, ilgarilari quvontirgan, shirin Hayollarga cho'mdirgan sehrli qishloq tuni Abdullani cho'chitdi. Uning ko'z oldida qovoqlari shishgan, so'lg'in Go'lchehra, qizil paranji yopilgan tobut qalqib turardi. Endi nima bo'ladi? Gulchehra endi nima qiladi? - o'ylardi u nuqul, lekin o'ylariga javob topolmasdi. U chin ko'ngildan Gulchehraning Toshkentga borishini istardi. Bu yerda nima qiladi? Endi unga bu yerda nima bor? Ketgani yaxshi. U ham birga ketsa-chi?! Qanday yaxshi bo'lardi agar shunday bo'lsa! Birga o'qishardi, yana birga bo'lishardi. Boshqa institutga kirishi ham mumkin yadro-fizikani istamasa. Buning mutlaqo ahamiyati yo'q. Bir shaharda bo'lishadi, shuning o'zi kifoya. Lekin keta olarmikin?
Abdulla shu Hayollar bilan qishloq chekkalarini ancha aylandi. To'g'on boshiga yetganda orqasiga o'girilib, qishloqqa qaradi. Faqat bitta joyda uch-to'rtta chiroq miltillab ko'rindi. Boshqa hamma uylar qorong'i, hamma uyquga ketgan. Gulchehra hali uyg'oq, - o'yladi achinib Abdulla. - Mizg'ib olsa bo'lardi. Nima qilayotgan ekan hozir? Qayerda o'tirgan ekan?
Abdulla ho'rsinib, sement zinaga o'tirdi. Shu topda Gulchehrani juda ham ko'rgisi kelib ketdi. Agar ko'rganda bisotidagi bor yaxshi gaplarni aytib yupatardi. Hafa bo'lmang, derdi. O'lim hammaning boshida bor. Albatta, ayangiz yosh ketdilar. Ular hali ko'p yashashlari mumkin edi. To'yingizga... to'yimizga bosh bo'lib turishlari mumkin edi. Lekin nachora? O'lim o'limligini qiladi. Yig'lamang, yig'i endi foydasiz. O'zingizni battar qiynab nima qilasiz?..
Qishloq tomondan kimningdir sharpasi ko'rindi. Abdulla yuragi gupillab o'rnidan turdi. Nahotki Gulchehra bo'lsa?
- Gulchehra!.. - chaqirdi u sharpa yaqinlashganda. - Gulchehra, sizmisiz?
- Men, - dedi xira ovoz. - Men... Abdulla yugurib uning oldiga bordi.
- Gulchehra...
U gapini yo'qotib qo'ydi. Nima deyishini, nima qilishini bilmay, Gulchehraning yelkalaridan ushladi. Gulchehra boshini uning ko'kragiga qo'yib, o'zini tutolmay, yig'lab yubordi. Uning butun vujudi titrardi.
- Qo'ying, Gulchehra, qo'ying...
Ammo Gulchehra uni eshitmasdi, ho'ngrab yig'lardi. Anchadan so'ng u boshini ko'tardi.
- Yig'lamang, qo'ying, - dedi Abdulla va qo'llari bilan yuzlaridagi, ko'zlaridagi yoshini sidira boshladi. - Yig'lamang...
Gulchehra entikib-entikib o'zini zo'rg'a tutib oldi.
- Mana, - dedi u. Uning ovozi bo'g'ilib qolgan edi... - Ayamdan ham ajralib qoldim... Yolg'iz qoldim.
- Qo'ying, hafa bo'lmang...
- Hafa bo'lmay bo'ladimi... Meni juda yaxshi ko'rardilar...
Gulchehra yana titrab, ko'zlarida yosh yiltiray boshladi.
- Qo'ying, Gulchehra...
Abdulla uning peshanasini, sochlarini silay boshladi.
- Men ham yaxshi ko'rardim. Yolg'iz tashlab ketgim kelmasdi. Endi o'zim yolg'izman, ukam yolg'iz, dadam yolg'iz... Endi men butunlay shu yerda qolib ketdim. Endi uchrasholmaymiz...
- Hechqisi yo'q, - dedi Abdulla, - hechqisi yo'q. Xat yozishib turamiz, kelib turaman.
U shunday dedi-yu, o'qish haqida gapirish noo'rinligini, hozir ketayotganligini aytsa, uni juda hafa qilib qo'yishi mumkinligini tushundi.
- Tez-tez kelib turaman. Maylimi?
U Gulchehraning boshini ko'tarib, o'ziga qaratdi.
- Hm... - dedi sekin Gulchehra.
- Yig'lamang endi, xo'pmi? Gulchehra bosh silkidi.
Shunday qizni yaxshi ko'rmay bo'ladimi? - o'ylardi u ichida. - Hech mahal uni yolg'iz qoldirmayman. Kelaman, albatta kelaman.

#FFFF80 XIII

#white Uning o'qishdan yozgan birinchi xati ham shu mazmunda bo'ldi.
Hurmatli Gulchehra, - deb yozdi u. - Bu xatni olib hayron bo'larsiz. Bu, albatta tabiiy. So'nggi uchrashuvimizda sizga ko'p narsani aytmoqchi edim. Afsuski, bunga imkoniyat bo'lmadi. Sizning boshingizga tushgan kulfat siz qatori meni ham qattiq qayg'uta solgan va aytmoqchi bo'lgan gaplarim ichimda qolib ketgan edi. Gaplarim esa o'shanda juda ko'p edi. Siz bilan bir qancha masalalar ustida maslahatlashmoqchi edim. Lekin sizni ko'rib, hech narsa deyolmadim. Tashvishingiz boshingizdan oshib yotuvdi. Endi esa, oradan ikki oy o'tganda shu xatni yozib, o'shanda aytmoqchi bo'lgan gaplarimni qisman bo'lsa ham sizga yetkazmoqchiman.
Esingizdami, Gulchehra, olmazorda meni kuzatayotganingizda, bir yildan so'ng Toshkentga borishim mumkin, dedingiz. Men juda sevindim. Bir yildan so'ng birga bo'lishimizdan, birga o'qishimizdan boshim osmonga yetdi. Ammo uyga qaytganimda g'alati xabarning ustidan chiqdim. Dadamlarning yaxshi bir tanishlari - matematika fanlari doktori - biznikiga kelib, Leningradda yangi institut tashkil etilganini va agar rozi bo'lsam o'sha yerda o'qishim mumkinligini aytibdi. Men, albatta, rozi bo'lmadim. Siz Toshkentda bo'lsangizu, men u yoqqa ketamanmi? Keyin, o'zimcha o'ylab qoldim. Bir yildan so'ng birga bo'lsak, qayerda bo'lishimizning nima farqi bor? Shu fikr miyamga kelib, juda hursand bo'lib ketdim. Shunday bo'lsa ham siz bilan maslahatlashmoqchi bo'lib, Mingbuloqqa borishga otlanib turganimda tog'amlardan shum xabar kelib qoldi. Juda hafa bo'lib ketdim. O'sha kuniyoq ayam bilan yo'lga chikdim. Lekin Mingbuloqda sizni ko'rib, hech narsa aytolmadim. O'shanda yuragingizga hech narsa sig'masdi. Gulchehra, jonim, o'shanda sizga juda achindim. Rangingizda rang qolmagan, ko'zlaringiz shishib ketgan edi. Men sizni hech mahal shu ahvolda ko'rishni istamayman. Sizga yig'i yarashmaydi, siz doim hursand bo'lib yurishingiz kerak. Shunday bo'ladi ham... Bilmadim, hozir qanday ekansiz? Tinchiganmikinsiz bir oz? Ishqilib, tinchigan bo'ling. Bilasizmi, o'lim har bir kishining boshida bor. Buning ustiga ayangizning ahvoli og'irligini o'zingiz ham bilardingiz. Qo'ying, Gulchehra, endi ko'p qayg'urmang. O'zingizga azob berganingiz bilan ayangiz qaytib kelmaydilar. Men shu gaplarni to'g'on boshiga kelganingizda aytib, iloji boricha, sizni tinchitmoqchi edim. Lekin o'shanda sizdagi qayg'u menga ham o'tdi. Og'iz ocholmay qoldim.
Gulchehra, o'shanda siz:
- Mana, endi yolg'iz qoldim. Endi hech kimim yo'q, - dedingiz.
Yo'q, unday emas. Siz yolg'iz emassiz. Men borman. Agar meni jindek bo'lsa ham yaxshi ko'rsangiz, gapimga ishoning. Men doim siz bilan birga bo'laman, sizni hech qachon yolg'iz tashlab ketmayman.
Mana, bir yarim oydan beri sizdan uzoqda o'qiyapman. Yadro-fizika instituti eng katta institutlardan ekan. Shu yoqqa kelib xato qilmabman. O'qishlarim yaxshi. Yotoqxonamiz shunday Neva daryosining yonida. To'rt kishi turamiz. Lekin bilasizmi, Hayolim nuqul sizda. Qachon bir yil o'tar ekan, qachon uchrashar ekanmiz? Doim shuni o'ylayman. Gulchehra, siz albatta o'z fikringizdan qaytmagan bo'lsangiz kerak? Men shuni juda istardim. Qayerda bo'lishimning sizga ahamiyati yo'q. To'g'ri emasmi? Biz tez-tez xat yozishib turamiz. Ta'til paytlari ham albatta Mingbuloqqa boraman. Har yili boraman. Ana ko'rdingizmi? Toshkentda qolganimda ham shunday bo'lar edi. Lekin sizga aytmasdan ketib qolganim uchun o'zimni aybdor hisoblayman. Shuning uchun o'tinib so'rayman, meni kechiring, Gulchehra. Sizni ishontirib aytaman: qayerda bo'lmay, doim sizni o'ylayman. Sizni ko'rgim, siz bilan gaplashgim keladi. Siz-chi? Siz ham shundaymi? Qani endi shunday bo'lsa?! Men o'zimni juda baxtiyor his qilardim.
Gulchehra, azizim, shu bilan xatimni tugataman. Xatolari bo'lsa kechiring. Hayajon ichida yozdim. Javobingizni sog'inib kutuvchi Abdulla.
Oradan ikki hafta o'tar-o'tmas, u javob oldi. Xat juda qisqa bo'lsa ham, uni quvontirdi. Salom Abdulla, xatingizni olib juda hursand bo'ldim. Ketishingizdan hafa emasman. Nega hafa bo'lay? Albatta men ham borganimda yaxshi bo'lardi. Lekin bilasizku, borolmayman. Uyning tashvishi endi butunlay mening boshimda. Shunday bo'lsa ham o'qishga kirdim. Politexnika institutining sirtqi bo'limiga hujjatlarimni topshirdim. Ham o'qib, ham ishlayman. Shunday qilganim ma'qul. Xo'p, hozircha xayr. Alangali salom bilan Gulchehra.
Birinchi kursni tutatib, qishloqqa borganida esa Gulchehra uni juda yaxshi qarshi oldi. Ammo hamon uning egnida qora kiyim, ko'zlari so'lg'in edi. Shunda ham u husnini yo'qotmagan, qaytanga avvalgidan ham go'zallashib, ochilib ketgan edi. Ular yarim kechagacha o'zlariga qadrdon bo'lib qolgan joylarini aylanishdi. Abdulla o'qishdan hikoya qildi. Gulchehra kutubxonada ishlayotganini, Toshkentga tushib imtihonlarni juda yaxshi topshirib qaytganini aytdi. Uning Abdullaning kelishidan nihoyatda hursandligi bilinib turardi. O'zi ham buni yashirmasdi. Olmazorning etagida o'tirishganda:
- Sizni ko'p kutdim, - dedi sekin. - Kecha ham uydagilar uhlagandan keyin, shu yerlarni bir aylanib chiqdim.
- Men ham sizni sog'indim, - dedi Abdulla. - Uyda ko'p turganim yo'q. Bir kun turdim. Keyin, buvimni sog'indim deb, yo'lga chikdim.
Ikkalovi kulishdi.
- Bir yil o'tdi, - dedi Gulchehra. - Ayam bo'lganlarida hozir Toshkentda yurarmidik...
- Men ham ketmas edim.
Abdulla shunday dedi-yu, o'zining gapiga o'zi ishonmadi va uyalib ketdi.
- Rostdan ketmasmidingiz?
- Ha. Ishonmaysizmi?
Abdulla unga bir qaradi-da, darrov ko'zlarini chetga oldi.
- Yo'q. Ishonaman. Siz juda yaxshisiz.
Abdulla battar uyalib ketdi. Lekin darrov o'zini tutib oldi. Nima yomon ish qilibdi u? Gulchehraga aytmay, ketishga rozilik berganimi? Buning nimasi yomon? Baribir aytardi, ertami-kechmi aytardi, Axir uning o'zini ham olib ketmoqchi bo'ldi-ku. Agar ayasi o'lmaganda aytardi, balki birga o'qisharmidi? Endi esa foydasi yo'q. Shunday bo'lsa ham so'radi:
- Mendan... ketib qolganimdan hafa emasmisiz?
- Nega hafa bo'lay? - Gulchehra o'ylanib qoldi, keyin dedi: - Odam, nima yaxshi bo'lsa, shuni qilishi kerak. Toshkentga bormayman deganimda, siz mendan hafa bo'lmadingiz-ku? To'g'rimi?
- To'g'ri. - Abdulla sevinib ketdi. - Sizdan hech hafa bo'lmayman.
- Men ham.
Ular yana ko'p marta uchrashishdi, Abdulla o'qishdan qaytishi bilan bir kun-yarim kun uyda bo'lib, Qo'qonga otlanardi. Shahodat opa uning buvisiga mehribonligidan quvonsa ham, ichida bunga uncha ishonmasdi. U Abdullaning birinchi marta o'qishga ketayottanida yuz bergan voqeani hech unutolmasdi. Uni kuzatgani vokzalga G'afurjon aka ham bir amallab chiqdi. Shahodat opa, chiqmang, urinib qolasiz, desa ham bo'lmadi, lekin Abdulla hech narsa degani yo'q. Vokzalda esa hammadan oldin vagonga chiqib oddi. Poezd jo'naganda esa derazadan mo'ralab bir marta qo'l silkidi-yu, g'oyib bo'ldi. Shahodat opa bo'shashib ketdi. U o'zi Abdullaning ketishga qaror qilganidan hafa edi. Lekin erining ra'yiga qarab indamagan, mayli, yaxshi o'qish bo'lsa bora qolsin, degan edi. Shunday bo'lsa ham, bolam bemehr chiqqanga o'xshaydi deb, yuragi shig' etib ketgan edi. Vokzaldagi voqea bu fikrining to'g'riligini isbotladi.
- O'g'ling katta bo'lib qolibdi, - dedi G'afurjon aka uyga qaytishar ekan.
- Nima edi?
- Quchoqlashmoqchi bo'lsam, o'zini olib qochdi.
- Olis joyga yolg'iz ketyapti-yu, kichkina bo'ladimi! - dedi Shahodat opa, ammo ichida bir zil ketib qo'ydi.
Abdullaning uyga yozgan xatlari ham juda qisqa bo'lib, ko'proq o'zi haqida edi. Otasining sog'lig'ini kam surishtirar, uy bilan deyarli qiziqmasdi. O'zimga o'xshaydi, - derdi xatni o'qib G'afurjon aka. - Xat yozishni men ham yomon ko'raman. Shahodat opa xomushgina jilmayib qo'ya qolardi. Yolg'iz qolganda esa, Yoshda, hali yosh, - deb o'zini ovutar, navbatdagi xatni orziqib kutardi. Abdullaning kanikulga kelishi uning uchun katta bir to'y edi. Xuddi G'afurjon aka singari u ham ikki kun avval yuvinib-taranib olar, bozorning oldi narsalaridan olib, dasturxon yasatardi. Abdulla esa ular bilan apil-tapil ko'rishib, qishloqqa oshiqardi. Bir kuni Shahodat opa chiday olmadi:
- Abdulla, qishloqda nima bor? Muncha serqatnov bo'lib qolding? - dedi zarda bilan.
Abdulla nima deyishini bilmay, jilmaydi.
- Ilgarilari bormaysan deb urishardingiz. Endi ko'p borasan deb urishasiz-a?!
- To'g'ri-da, bizni juda esdan chiqarib qo'yding. Dadang bechora, o'g'lim keladi deb o'tiradi. Sen bo'lsang kelasanu ko'chaga otilasan. Odam degan shunaqa ham bemehr bo'ladimi?
- Unaqa demang, oyi, - dedi kulib Abdulla. - Institutni bitirib olay, ikkalovinglarni to'rt qavat ko'rpachaga o'tqazib qo'yaman. Hech qayoqqa ketmayman. Rozimisiz shunga?
- Rozi bo'lmay nima qilardim? - Shahodat opa o'g'lining bu gapiga ishonmasa ham, hursand bo'lib ketdi. - Ishqilib, bizning baxtimizga Xudo omadingni bersin.
- Omad ham gapmi! - dedi Abdulla ishonch bilan. - Bu institutni bitirgan odam yaxshi pul topadi.
- Pulini o'ylama. Pul qo'lning kiri. Ishing yaxshi bo'lsa, bo'ldi.
- Ishim ham yaxshi bo'ladi, pul ham ko'p bo'ladi. Uyni yaxshilab remont qilamiz. Yasatamiz. Tursunali amakinikida bo'lmagansiz. Eh-he, nima yo'q ularning uyida!.. Kirsangiz, chiqqingiz kelmaydi. Aya, dadang yaxshi ishda ishlagan, deysiz nuqul. Nega endi bizda qech nima yo'q, uyimiz qup-quruq?
- Kim biladi deysan. Ish bilan bo'lib shuni o'ylamagan-da.
- Siz-chi? Siz o'ylasangiz bo'lmasmidi?
- Meni ham ro'zg'orga uquvim yo'q edi. Shu bor ro'zg'orni ham buving qilib bergan.
- Bilaman, - dedi Abdulla o'ylanib. - Men bunday qilmayman. Mening uyimda hamma narsa bo'ladi. X.amma narsa! Keyin, sizga hech ish qildirmayman.
- Aytganing kelsin. Yaxshi o'qisang, yaxshi ishlasang, aytganing bo'ladi.
Shahodat opa shunday der ekan, uning haqida yomon fikrda bo'lganini eslab, o'zidan hafa bo'lib ketdi. Dadasi to'g'ri aytadi. Abdulla katta yigit bo'libdi. Es-hushi joyida. Bunday bola bilan faxrlansa arziydi. Uyda kam bo'lsa nima qilibdi? Erkak kishi o'zi shunaqa: bir kun uyda bo'lsa, o'n kun ko'chada. G'afurjon aka o'zi qanaqa edi? Rosa uni xunob qilardi ilgari. Kechalari mijja qoqmay uning kelishini poylab o'tirardi. Kasalga chalindi-yu, uydan chiqolmay qoldi. Ko'chadan beri kelmasa ham mayli edi tuzalib! Qanday balo kasal ekan gipertoniya! Tuzalib o'g'lining rohatini ko'rsa qanday yaxshi bo'lardi.
Shahodat opa ayvonda Hayol surib o'tirgan erining yoniga keldi.
- Ha, o'ylanib qolibsiz? - dedi uning xomush chehrasiga qarab.
- O'g'limni o'ylayapman.
- Ha, o'g'limga nima qilibdi?
- O'g'lingga hech narsa qilgani yo'q. O'g'ling yaxshi...
- Nega o'ylab qoldingiz bo'lmasa?
- O'ylab qolganimki, hademay o'qishi bitadi. Uylantirish kerak. Kasal ablahdan qutulsam edi, besh-o'n tanga yig'ardim. Yaxshi bir to'y qilgim keladi. Uyning ahvoli bu bo'lsa...
- Voy, shunga o'ylanib o'tiribsizmi? - Shahodat opa kuldi. - Hozirgina o'g'lingiz shuni gapirib turgan edi.
- Ha, nima dedi?
- O'g'limdan aylanay. Boshi oltin chikdi uning, boshi oltin. Ishim yaxshi bo'ladi, deydi. Ishga kirishim bilan birinchi qiladigan ishim - uyni tuzataman, yaxshilab remont qilaman, deydi.
- Yo'g'-e? - sevinib dedi G'afurjon aka.
- Ha, Tursunalining uyini rosa maqtadi. Shunaqa uy qilaman, deydi. Keyin sizni ozgina urishdi.
- Nima dedi?
- Aya, dadam yaxshi-yaxshi ishlarda ishlaganlar, deysiz. Nega o'shanda uyga qaramaganlar, deydi.
- Sen nima deding? - qiziqib so'radi G'afurjon aka.
- Men nima derdim? Pul topib aql topmaganmizda, dedim.
Er-xotin kulishdi.
- Nega endi bunaqa deysan? - dedi keyin jiddiylashib G'afurjon aka.
- Qiziqsiz, shunday dermidim? Ish bilan bo'lib ro'zg'or esimizga kelmagan, dedim.
- Bu gaping durust. Lekin Shahodat, ozgina mol-pol qilib qo'ysak ziyon bo'lmas edi o'shanda.
- Siz mol qiladigan odammisiz? Sizning molingiz odamlarda. Shuning o'zi katta davlat.
- Zap ajoyib xotinsan-da, Shahodat, - dedi zavq bilan G'afurjon aka. - Baxtingga tuzalib ketsam, osmondan yulduzni olib ber desang, olib beraman.
- Avval tuzaling-chi, keyin bir gap bo'lar. Sho'rvangizni ichasizmi? Ordona qolsin, tuzsiz sho'rva ham sho'rva bo'ldimi?!
Shahodat opa o'choq boshiga yo'l oldi.
Shu paytda poezd Abdullani Qo'qonga eltardi. U har gal yo'lga chiqar ekan, yuragini allaqanday shirin orzular qoplar, yana ta'til kelganidan, yana bir necha kun og'ir, ertayu kech o'qish bilan o'tgan yildan so'ng dam olishi, Gulchehra bilan uchrashish mumkinligidan cheksiz shod bo'lar edi. U Gulchehra ham uni sabrsizlik bilan kutayotgani, uni ko'rishi bilan ko'zlari chaqnab, yuziga tabassum yugurishini bilardi. Biroq u ularning shuncha vaqtdan beri davom etayotgan aloqalarida nimadir yetishmayotganini his qilar va xayrlashayotganida nimadandir ko'ngli to'lmasligini sezardi. Ayniqsa, so'nggi bir-ikki yil ichida shunday bo'lib qolgan edi. U, albatta, bu yetishmayotgan narsa nimaligini bilardi va uning yuz berishidan cho'chirdi. Shunday bo'lsa ham qandaydir ichki bir tuyg'u uni shunga undardi. Ammo Gulchehra uning bu istagini sezmas yo o'zini sezmaslikka solar, Abdulla me'yoridan oshiq harakat qila boshlasa, darrov o'zini chetga tortardi. U Abdulla bilan sayr qilishni, qo'l ushlashib olis-olislarni aylanib kelishni istardi. O'z ishlaridan to'lib-toshib gapirishni yaxshi ko'rardi. Uning katta bir siri bor edi. Bu sirni faqat uch kishi: Abdulla, o'zi va Samad bilardi. Bu sir ikkinchi kursni tamomlagandan so'ng paydo bo'ldi. U Mingbuloqning maketini tuza boshladi. Hech kim undan buni talab qilmagan bo'lsa ham, u bu ishga juda jiddiy kirishdi. Abdullaning, nima qilasiz, degan savoliga, u kulib:
- Raisga ko'rsataman, - dedi.
Albatta bunday emas edi. Gulchehra keyin tushuntirdi. U Samad bilan bolaligidan orzusi, yangi Mingbuloqni qurish orzusiga kirishgan edi. U bu niyatiga erishish qiyinligini bilsa ham, erta-kech shuning Hayolida yurar, eski qishloq maketi esa unga ishlash uchun kerak edi. U qishloqning yaxshi, boshqa ba'zi bir yangi qurilayotgan qishloqlar singari go'zal bo'lishini orzu qilardi. Shuning uchun Samadning yordamida u qishloq arxitekturasiga oid ko'pgina kitoblarni, plakat va loyihalarni yozdirib olgan, uyi ustaxonani eslatardi.
Yusuf aka yarim kechada ham uxlamay nimalarnidir chizib, tiqir-tiqir qilib o'tirgan Gulchehrani ba'zan koyirdi. U qizining arxitektorlikka o'qiyotganini bilardi. Shunday bo'lsa ham o'zini tiyolmasdi:
- Nima qilyapsan sen o'zi? Dam olsang bo'lmaydimi?
Ba'zan esa uning ro'parasiga o'tirib, jimjima qog'ozlarga katta faner ustidagi qo'g'irchoq uylarga, tepaliklarga uzoq qarab qolardi.
- Nima qilyapsan o'zi, a? - derdi qizining epchil harakatlarini kuzatib.
Bir kuni Gulchehra Samad bilan u keltirgan telefon simlaridan kichkina daraxtlar yasab o'tirgandi, Yusuf aka kirib qoldi. U indamay Samadning ro'parasiga keldi-da, maketga tikildi.
Birpasdan so'ng hayratlanib so'radi:
- Bu bizning to'g'on-ku! Gulchehra kulib yubordi.
- Topdingiz. Uyimizni ham toping endi, dada? Yusuf aka yana maketga tikildi. Keyin birdan:
- Yo tavba! - deb yubordi. - Buni nima qilmoqchisizlar? O'zimizning Mingbuloq-ku bu?
- Xuddi o'zi, - dedi Samad. - Qalay, tuzukmi Mingbuloq?
Yusuf aka o'pirilgan devorlar, qamish tomlar, qing'ir-qiyshiq ko'chalarga yana tikilib qoldi.
- Juda o'xshatibsanlar, - dedi oxiri o'ylanib. - O'xshatibsanlar-ku, lekin boshqa qishloqni yasasalaring bo'lmasmidi? Juda xunuk-ku!
- Shu xunukligi uchun yasayapmiz-da, dada, - dedi Gulchehra. - Idoraga olib borib qo'yamiz. Hamma ko'rsin. Shunday joyda yashab bo'ladimi? Uyat-ku!
- Jamoamiz boy, to'g'ri emasmi? - gapni davom ettirdi Samad. - Yangi qishloq qurish kerak. Odamlar yangi, chiroyli uylarda yashasin. Katta-katta ko'chalarda yursin. Hozir bitta mashina yursa, butun qishloqni chang qoplaydi. Innaykeyin, jamoaning klubi yo'q. Majlis bo'lib qolsa, yoshlarning boradigan joyi yo'q. To'g'ri emasmi?
Yusuf aka angrayib qolgan edi.
- Nima, yangi qishloqni shunaqa yasamoqchimisanlar? - so'radi keyin qiziga termilib.
- Ha, - dedi Samad. - Gulchehra yasaydi. Keyin muhokamaga qo'yamiz. Ma'qul bo'lsa, sekin qurishga tushamiz.
- Tuzuksan-ku, qizim? - dedi faxr bilan Yusuf aka. - Men buni raisga aytaman.
- Hozir kerak emas, - dedi Samad. - Avval bitsin maket, keyin.
- Obbo, qizim-ey, obbo qizim-ey, tuzuksan-ku! Yusuf aka sevinchini yashirmay, allamahalgacha yoshlarning oldida o'tirdi.
Gulchehra shu voqeani kula-kula Abdullaga aytib bergandi, uning ham maketni ko'rgisi kelib ketdi. Lekin Gulchehra ko'nmadi.
- Hali tayyor emas, - dedi u. - Innaykeyin, innaykeyin, sizga ko'rsatgani uyalaman.
- Nega? - hayron bo'ldi Abdulla.
- Bu mening birinchi mustaqil ishim. Balki juda yomondir. Avval domlalarimga ko'rsatay.
- Samad ko'rsa mayli, - dedi hafa bo'lgan bo'lib Abdulla.
- Samad ko'rmasa bo'ladimi? Bu ikkalamizning rejamiz. Hafa bo'ldingizmi?
Gulchehra shunday deb, mehr bilan unga tikildi. Abdulla jo'rttaga yuzini o'girdi.
- Menga siz yo'qdan boshqa narsani demaysiz...
- Yolg'onchi! - dedi kulib Gulchehra. - Men siz bilan hech kim bilan qilmagan ishlarni qilyapman. Eslasam, qo'rqib ketaman.
- Nima ish?
- Bilmaysizmi?
- Bilmayman, - o'zini soddalikka soldi Abdulla.
- Yarim kechada erkak kishi bilan qanday qiz yuradi bilasizmi?
- Yo'q.
- Yomon qiz. Ba'zan o'zimdan-o'zim uyalib ketaman. Dadam bilib qolsalar, nima bo'ladi?
- Bilmaydilar, - dedi Abdulla uni qo'lidan tortib. - O'zingiz aytib qo'ymasangiz agar...
- Aytsam-chi?
- Gulchehra imtihon qilganday Abdullaga tikildi.
- Ixtiyoringiz...
- Aytmayman. Qanday aytaman. Siz aytasiz, xo'pmi? Baribir bir kun aytish kerak bo'ladi-ku! Aytasizmi?
- Hm... - dedi Abdulla uni quchoqlab, - Gulchehra...
- Nima?
- Meni yaxshi ko'rishingiz rostmi?
- O'zingiz nima deysiz?
- Bilmayman. Bilganimda so'ramas edim.
- Rost, - dedi sirli ohangda Gulchehra.
- Nega bo'lmasa, yo'q deysiz?
- Hali ham yo'q deyman...
- Nega?
- Hali yosh bolamiz-ku!

Gulchehra shunday dedi-da, zulukdek buralib uning quchog'idan chikdi.
- Yomonsiz!..
- Gulchehra...
- Qarang, birov kelyapti!
Gulchehra qo'rqqan odamdek jo'rttaga atrofga alanglab, Abdullani imladi-da, keyin turib ketdi. Abdulla birpas joyida qimir etmay turdi, aldanganini bilgach, ketidan yugurdi.
Har uchrashuvda deyarli shunday bo'lardi. Biroq uni bu ranjitmas, ko'nglini sovutmas, qaytanga Gulchehraga kuchliroq bog'lab qo'yardi. Bundan u hursand edi. Kichkina, ko'rimsiz, chang bir qishloqda uni yaxshi ko'radigan, u bilan o'zining eng muqaddas fikrlari, sirlarini o'rtoqlashadigan, uning ko'nglini oladigan soddadil, aqlli bir qiz bor. Bu qizning ham orzulari uniki kabi baland, go'zal. Xuddi Abdulla kabi u ham orzulariga yetishish uchun astoydil intilmoqda. Bu kun yaqin, u baxtli bo'ladi. Bu baxtga Abdulla ham sherik.
Shunday o'ylar ekan, Abdulla keyingi ta'tilning tezroq kelishini, Gulchehra bilan yana tezroq ko'rishishni orzu qilardi. Ko'rishganda esa yana ko'ngli to'lmayotganini his qilardi. Nihoyat bir gal u istagan, hayajon va qo'rquv bilan kutgan narsa yuz berdi. O'shanda u to'rtinchi kursni tamomlab, yozgi ta'tilga qaytgan edi.

#FFFF80 XIV

#white Tungi poezd bilan yo'lga chiqqan Abdulla tushga yaqin Mingbuloqqa yetib keldi. Hovlining o'rtasida tog'oraga suv solib nevarasini cho'miltirayotgan Hojar buvi uni ko'rishi bilan katta bir sovunni shalop etib tog'oraga tashladida, qarshisiga yo'rg'alab ketdi.
- Voy, tasaddug'ing ketay! Voy, qoqindig'ing bo'lay! Abdullajon bolam!
Abdulla jilmayganicha egilib, ko'rishgani yelkasini tutar ekan, Hojar buvi uni yuz-ko'zlaridan o'par, og'zi tinmas edi.
- Voy, o'zim o'rgilay! Voy, bo'yingga qoqay! Odamni xavotirga qo'yib bu gal muncha hayallading? Esonmisan, omonmisan? Uyidagilaring eson-omonmi? Dadang tuzukmi? Voy, o'zim aylanay!
- O'zingiz tinchmisiz? Tog'am yaxshi yuribdilarmi? Kelinoyim qalaylar?
Abdulla gapni cho'zmaslik uchun o'zi buvisini savolga tuta boshladi.
- Otdayman, bolam, otdayman. Tog'ang ham, kelinoying ham tuzuk, ishlab yurishibdi. Meni bu jiyaning qiynab yubordi. Tursun, hoy Tursun! Tog'ang bilan ko'rishmaysanmi, tentak!
- Assalomu alaykum!
Tog'orada cho'kkalab o'tirgan Tursun shilt etib qo'llarini nam ko'kragiga urdi. Hojar buvi bilan Abdulla kulib yuborishdi.
- Katta bo'lib qolibdi-ku, a, buvi?
- Kichkina bo'ladimi, to'rt yoshga to'ldi-yu! Lekin senga o'xshagan mo'min-qobil chiqmadi bu! Uzzukun ko'chada tentiragani tentiragan. Hozir ham endi tutib olib keluvdim. Aft-angoriga qarab bo'lmaydi.
Abdulla tog'avachchasining oldiga kelib cho'kkaladi-da, yuziga suv sepdi.
- Shunaqa sho'hmisan-a?
- Aldayaptila, - dedi bola ovozini pasaytirib. - Hecham to'polon qilmayman. Buvi! Shundoq o'tiraveramanmi?
- Tusha qol. Bo'ldi endi. Toza bo'lib qayoqqa borarding? - javradi ayvonga joy qilayotgan Hojar buvi.
- Ishtonim qani?
Abdulla so'riga ilig'liq chang ishtonni qoqib jiyaniga uzatdi.
- Kelaqol, Abdulla! Bolam, - qichqirdi Hojar buvi.
Abdulla jiyanini yetaklab ayvonga ko'tarildi. Fotihadan so'ng, Hojar buvi ovqatga unnay boshladi. Abdulla qarshilik qilsa ham, ko'nmadi.
- Darrov bo'ladi, bolam. Yo'lda ochiqqansan.
- Bo'lmasa bir aylanib kelaman Tursun bilan.
- Hayallab ketma.
Tog'a-jiyan ko'chaga chiqishdi. Tursun uzokda, ko'chani boshlariga ko'tarib koptok tepayotgan bolalarni ko'rib, tog'asini o'sha yoqqa surgadi. Abdulla bir oz koptok tepib terlab ketdi.
- Bo'ldi, ketdik, - dedi jiyaniga.
Lekin u quloq solmadi. Abdulla yolg'iz o'zi uyga qaytdi. Eshik tagiga kelganda, to'xtadi. Balki uydadir? - o'yladi u va Gulchehralarning darvozasi tomon yo'l oldi. Darvoza lang ochiq edi. Abdulla ichkariga qaradi. Hovli jimjit, hech kim ko'rinmasdi. U kirishini ham, kirmasini ham bilmay, eshik oldida turib qoldi. Endi qaytaman deganda ikki bog' ho'l beda ortib eshak mingan Alisher kelib qoldi. Abdulla u bilan so'rashib, Gulchehrani so'radi.
- Soyga ketganlar, - dedi Alisher. - Maketlariga qandaydir o't kerak ekan. Shuni yulgani ketganlar.
- Ancha bo'ldimi?
- Ha, ertalab. Chaqirib kelaymi?
- Yo'q, rahmat. Soy uzoqmi?
- Ancha bor. Hov anavi tolzorni ko'ryapsizmi? O'shaning orqasida. Kerak bo'lsalar chaqirib kelaman.
- Rahmat. O'zi kelib qolar. Ko'rsang, Abdulla akam keldilar deb qo'ygin.
- Xo'p.
Dumaloq ko'kraklari turtib turgan ko'ylagi har nafas olganida ko'tarilib, belini tarang qilib tortar, tushganda esa ko'kraklari o'rtasida uzun chiziq hosil qilardi. Abdulla unga havas bilan tikilib turdi-da, shu yotishida uning qip-qizil yuzlaridan o'pib olgisi kelib ketdi... Sekin-sekin, o'tlarni shitirlatmasdan unga yaqinlashdi. Boshi ustiga kelganda ehtiyotkorlik bilan cho'kkalab, sekin engasha boshladi. Endi lablari otquloqqa yetay deganda, Gulchehra, voy! dedi-yu, sapchib o'rnidan turib ketdi. Abdulla kuldi.
- Yurakdan ham bor ekan-ku!
- Uf! Qo'rqib ketdim, Abdulla, sizmisiz?
- Xuddi o'zi!
- Qachon keldingiz? Shunaqa ham bo'ladimi odam degan?
- Yomon qo'rqdingizmi?
- Yuragim o'ynab ketdi.
Gulchehra ko'kragiga tup-tuplab, uh dedi-da, jilmaydi va Abdullaning ro'parasiga o'tirdi.
- Qachon keldingiz?
- Bir soatcha bo'ldi. Keldimu, sizni qidirishga tushdim.
- Bu joydaligimni qayerdan bildingiz?
- Alisher aytdi.
- Voy, bu yoqqa kelganingizni u biladimi?
- Yo'q. Ko'rsang kelganimni aytgin, dedimu, u ketgandan keyin bu yoqqa kelaverdim. Ha, bilsa nima qilibdi? Samad bilan yarim kechagacha birga qolib ketasizlar-ku!
- Samad boshqa gap. Samad mening yordamchim. Uydagilar buni bilishadi. Nega bu gal kechikdingiz? Doim o'n beshinchi avgustda kelar edingiz?
- Ish chiqib qoldi.
- Qizlar bilanmi? - Gulchehra ko'zlarini ayyorona suzib Abdullaga qaradi.
Abdulla kuldi.
- Yo'q, bir maqola ustida ishladim. Kurs ishim. Fan va turmushda bosishmoqchi edi.
- Nahotki? - sevinib so'radi Gulchehra.
- Ha. Rahbarim aytgan ekan. Shuni qayta ishlab chiqdim.
- Nima temada?
- Yuqori chastotalar haqida. Hozir bu juda kerakli tema.
- Ma'qul bo'ldimi?
- Ha, bosishadigan. Agar bosishsa, ancha shov-shuv bo'ladi.
- Yaxshi shov-shuvmi?
- Shunday bo'lishi kerak. Professor shu temani dissertatsiya ham qilsangiz bo'ladi, deyapti.
- O', juda yaxshi-ku. Abdulla uyalinqirab jilmaydi.
- O'zingizning ishlaringiz qalay? Gulchehra qo'llarini yozib, xo'rsindi.
- Maket!..
- Hali ham-a?
- Bu endi yangi maket. Yangi qishloq maketi.
- Yaxshi bo'lyaptimi?
- Qaydam. Institutda loyihani ma'qullashdi. Bu yerda hali ko'rsatganim yo'q. Lekin eskisini ko'rsatdim. Voy-bo'-o', shunaqangi to'polon bo'lib ketdiki!..
- Yo'g'-e?
- Ha. Samad maket tayyor bo'lishi bilan kechasi Nurmat akaning kabinetiga olib borib qo'ydi. Har kuni ertalab aktiv yig'iladida u yerga. Ertalab Nurmat aka hammadan kech kelib, kabinetiga kirsa, odamlar piq-piq kulib turishgan emish. Nima gap desa, hech kim indamasmish. Keyin kimdir stol ustida turgan maketni ko'rsatibdi. Nurmat aka hayron bo'lib tikilib qolibdi, - Gulchehra raisning qanday hayron bo'lganini ko'rsatmoqchi bo'lib aftini burushtirdi. Abdulla o'zini tutolmay, kulib yubordi. Gulchehra davom etdi. - Bu nima? - deb so'rabdi. Yana hech kim indamabdi. Hamma uning odatini biladi-da. Agar o'ziga ma'qul tushmaydigan javobni eshitib qolsa, yomon so'kib beradi. Bu nima? - so'rabdi u yana. - Nima, hammang mum tishlaganmisanlar, nega javob bermaysanlar?. Shunda Samad: Maket, debdi. Ko'rib turibman maketligini. Nimaning maketi? Mingbuloqning maketi, - debdi Samad. Rais boshqatdan maketni qaray boshlabdi. Bu nima? - debdi bir mahal bir tomonga qiyshayib yotgan binoni ko'rsatib. Idora. Bu-chi? - Nurmat aka qo'lini bigiz qilib qamish tomli bir uyni ko'rsatibdi. Sizning uyingiz, - debdi Samad. Hm, - Nurmat aka o'ylanib qolibdi. Keyin mo'ylovi tortila boshlabdi. Jahli chiqsa shunaqa, mo'ylovi xuddi sichqonning dumidek likillay boshlaydi. Buni nima qilmoqchisanlar? - debdi bir mahal ko'zlari olayib. - Vistavkaga yubormoqchimisanlar?. Vistavkaga nima qilamiz yuborib? - debdi sekin Samad. - Shu yerda turadi. Yo bo'lmasa klubga qo'yib qo'yamiz.
Qanday yashayotganimizni odamlar ko'rishsin. Shundoq degin? - rais o'ylanib qolibdi, keyin so'rabdi: - Kimning ishi bu? Samad indamabdi. Dadamlar janjal chiqishidan qo'rqib: Shunga ham hafa bo'lasizmi, rais? - debdilar. - O'yin qilib qizim ikkalovi yasashgan. Yo'qotib tashlaymiz hozir... Qizim, degin? - debdi Nurmat aka va Samadga qarab. - Bor, o'sha rassomingni chaqirib kel!- deb buyuribdi. Uyda o'tiruvdim, bir mahal hovliqib Samad kelib qoldi-ku! Ha, - desam. - E so'rama, ish chatoq, rais xunob, seni chaqiryapti, - dedi. Yo'l-yo'lakay nima deyishimni o'ylab bordim. Bir tomondan uning jahli chiqqani yaxshi. Demak, qishlog'imizning yomonligini tushunibdi. Shuning o'zi ham katta gap. Lekin nima deyman? Har holda buni dadam aytganlaridek, o'yinchoq deyishga qarshi edim. Samad ham hech qanday maslahat bera olmadi. Oxiri to'g'risini aytishga kelishib, idoraga kirib bordik. Hali so'rashmasimdan: Bu sening ishingmi? - deb so'radi Nurmat aka mo'ylovlarini titratib. Meniki, - dedim sekin. Nima qilmoqchisan? Nima qilmoqchiman?! - so'radim men va lop etib miyamga bir fikr kelib qoldi. - Kurs ishi qilib institutga topshiraman, - deb yubordim. Nima?! - do'q urdi Nurmat aka. - Hm, Toshkentga olib boraman, degin? Ha, - dedim, - olib boraman. Nurmat aka o'rnidan turib ketdi. Kabinetni bir aylanib chiqib, oldimga keldi-da, yelkamga qo'lini qo'ydi. Qizim, nima, bizni sharmanda qilmoqchimisan? Nega sharmanda bo'lasiz? - dedim o'zimni soddalikka solib. - Qaytanga maket qishloqdan chiroyli-ku? Shuni yana ozgina chiroyli qilsang bo'lmaydimi? Bo'ladi, - dedim men, - lekin yolg'on bo'ladi-da. Odamlarni aldab nima qilamiz? Nega aldar ekansan? - dedi Nurmat aka. - Besh-olti yildan keyin qishlog'imiz yaxshi bo'lib ketadi. Yangi, chiroyli binolar quramiz. Shuni o'ylab boshqatdan yasa, jon qizim... Yangi qishloqning maketini yasasam-chi? - so'radim shunda men.
- Yaxshi chiqsa, shunga qarab qurilishni boshlaymiz. Bo'pti, - dedi Nurmat aka sevinib. - Yasa. Buningni bekit. Biz ko'rdik. Bizdan boshqa hech kim ko'rmasin. Naq sochimni bittalab yulishadi ko'rishsa! Uch-to'rt kundan keyin majlis chaqirib, Mingbuloqni qayta qurish rejalari haqida gapirdi. Shunday ajoyib gapirdiki, og'zim ochilib qoldi. Keyin meni qishlog'imiz arxitektori, dedi.
- Zo'r-ku! - dedi Abdulla hursand bo'lib.
- Zo'r ham gapmi? Bunday bo'ladi deb sira kutmagan edim.
- Maket bitib qoldimi?
- Qayoqda? - dedi Gulchehra qoshlarini chimirib. - Endi boshladim. Hali ishi ko'p. Bilasizmi, butun qishloqning yangi loyihasini bitta o'zim ishlolmayman. Men atigi to'rtta narsani o'ylayapman. Katta ko'cha, klub, xo'jalik idorasi, mehmonxona. Uning oldi katta bog'. Mana shularning maketini ishlamoqchiman.
- Shu ham juda katta ish.
- Bilaman. Lekin qilish kerak. Diplom ishim shu bo'ladi, - Gulchehra o'ylanib qoldi. Abdulla uning mana shunday ko'zlarini bir nuqtaga tikib Hayol surishini yaxshi ko'rardi. Hayol surganda lablari tortilib, endi ochilay deb turgan g'unchaga o'xshab ketardi. Abdulla uning shu g'uncha lablariga tikilib, hayolidan o'tkazdi: U bilan bo'lganim qanday yaxshi! Gulchehra nimadir esiga tushib, unga o'girildi. - Aytganday, institutimizda Yoshlik mehmonxonasi loyihasiga tanlov e'lon qilindi. Mehmonxona Toshkentda quriladi. Tagi restoran, kafe... Men ham qatnashyapman. Bir hafta qattiq ishladim. Yaxshimi?
- Juda ham. Tabriklayman.
- Shunday bir bino bo'lsaki, u xuddi qushga o'xshasa! Olisdan qaraganda uchishga tayyorlanib, qanotlarini yozib turgandek bo'lsa! Men shunday qildim. Bilmadim, ma'qul bo'larmikin? Toshkentda shunday katta arxitektorlar borki...
- Sizniki ma'qul bo'lib qolsa-chi?
- Qaydam... - Gulchehra yelkalarini qoqib qo'ydi.
- Agar shunday bo'lsa, bilasizmi, men nima qilardim!
- Nima?
- Mana bunday, mana bunday qilib sizni o'pib olardim.
Abdulla Gulchehrani quchoqlab, yuz-ko'zlaridan o'pa boshladi.
- Uyatsiz! Qo'yib yuboring, birov kelib qoladi!..
- Sog'inmadingizmi? - dedi Abdulla uni qo'yib yubormay.
- Yo'q! - dedi zarda bilan Gulchehra va sakrab o'rnidan turdi.
- Kuppa-kunduzi nima qilyapsiz o'zi?
Abdulla kuldi.
- Yaxshisi menga yordam bering.
- Nima qilay?
- Hu, anavi o'tlarni ko'ryapsizmi? - Gulchehra soy labiga kelib tiniq suv tagida tebranib turgan o'simliklarni ko'rsatdi. - Shulardan olib chiqib bering.
- Bo'pti. Bir chelak bo'ladimi?
- Avval yulib ko'ring...
Abdulla yechina boshladi. Gulchehra uyalib yuzini chetga burdi. Suv shaloplagandagina o'tirildi.
- Muncha muzdek?.. - dedi Abdulla entikib va suzib ketdi. Soy chuqur emas, odam bo'yi kelardi va buloq suvi bo'lgani uchunmi, tagi aniq ko'rinib turardi.
- Cho'milmaysizmi? - so'radi Abdulla Gulchehraning ro'parasiga kelib.
- Siz bo'lmaganingizda cho'milardim...
- Endi-chi?
- Birov kelib qolsa-chi?
- Hech kim kelmaydi. Tushing.
- Yo'q.
- Ixtiyoringiz, lekin suv mazza!
Abdulla shunday deb sho'ng'idi va Gulchehra ko'rsatgan o'tlar oldiga suzib bordi. Lekin o'tni yulaman deganda sirg'alib ketib, chalqancha yiqildi. Gulchehra kulib yubordi.
- Bir chelakmish-a? Besh-oltitasini yulib chiqsangiz ham mayli edi.
Abdulla o'zini o'nglab, yana o'tga yopishdi. Qattiq tortgan edi, o'simlik mayda toshlarga chirmashib ketgan ildizi bilan sug'irilib chikdi,
- Qattiq ekan, - dedi Gulchehraga uzatayotib.
- Shuning uchun sizdan so'radim-da. Menga o'tni Samad bilan Alisher yulib berishadi.
Abdulla yana sho'ng'idi. Bu gal o'simlik oson ko'chdi.
- Bir chelak yulib bersam-chi? - dedi g'urur bilan.
- Agar sovuq yemasangiz...
- Suv yaxshi.
- Abdulla besh-olti marta o't yulib, charchadi. Lekin suvdan chiqqisi kelmadi, to'g'rirog'i, Gulchehraning ham suvga tushishini istardi. Navbatdagi ildizga yopishganda u hiyla ishlatdi. Xuddi havo yetishmay cho'kkan odamdek o'simlik ustiga yiqildi. Uning harakatlarini kuzatib turgan Gulchehra avval tushunmay turdi, keyin qo'rqib ketib, Abdulla! - deb qichqirib yubordi. Abdulla javob bermadi. Uch daqiqacha u suv tagida tura olishini bilardi, shuning uchun ishqilib shu paytda tushsin-da, deb o'ylardi. Gulchehra o'rnidan turdi, soy labida bir-ikki tipirchilab, u yoq-bu yoqqa yurdi, yana Abdulla! - deb chaqirdi. Javob eshitilmagach, o'zini suvga otdi va birpasda Abdullaning oldida paydo bo'ldi. Abdulla qimir etmadi, lekin Gulchehra uning oldiga kelganini sezdi. Nima qilarkin? Gulchehra shoshib uning belidan quchoqladi-da, boshini suvdan chiqarib, qirg'oqqa sudradi. O'yinga berilib ketib Abdulla indamadi. Gulchehra suvdan chiqishi bilan engashib uning ko'kragiga yuzini qo'ydi. Shunda Abdulla uni mahkam quchoqlab oldi. O'zini yo'qotib qo'ygan Gulchehra shilq etib uning yoniga ag'darildi.
- Qo'rqib ketdingizmi?
- Juda ham, - dedi bo'shashganicha Gulchehra.
- Kechiring, - Abdulla qizning kichkina quloqlari aralash yuzlarini siqib, muzdek labidan o'pa boshladi. Gulchehra indamadi. Aksincha, uni o'ziga tortib, ikkala qo'li bilan ko'kragiga suvi tomib turgan bo'ynidan quchoqladi.
- Sizni yaxshi ko'raman, Gulchehra!..
Gulchehra javob o'rniga uni qattiqroq quchoqladi.
Ikkalovi orziqib va qandaydir qo'rquv bilan kutgan voqea sodir bo'ldi. Abdulla o'zida yo'q shod edi. Tolning panasiga o'tib ko'ylagini siqayotgan Gulchehraga mehr bilan tikilar ekan, o'zini nihoyatda baxtiyor his qilar va ko'zlarini undan uzolmas edi. Ha, endi Gulchehra tamoman uniki! Endi ular doim birga bo'lishadi. Endi uning hayotini shu yoqimtoy, go'zal, nozik qizning hayotisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Bundan ham ortiq baxt, bundan ham ortiq shodlik bormi dunyoda!
Gulchehra ham shod edi. Lekin u nozik tabiatli odam bo'lganidan sodir bo'lgan voqeadan ayni vaqtda uyalardi. U bir kunmas-bir kun shunday bo'lishini bilardi. Lekin o'sha to'y deb atalgan muqaddas birlashishdan so'ng buning yuz berishini istardi. Hamma shunday qiladi. Hayot o'zi shunday. Ikki kishi muqaddas qasam bilan, muqaddas, bir umrga yoddan ko'tarilmaydigan qadah bilan qovushadi. Hamma shunday qiladi, hamma shunday bo'lishini istaydi. Lekin u nima qilib qo'ydi? Kimning yuziga oyoq qo'ydi? Beor qiz? Nima qilib qo'yding o'zi? Endi qanday qilib boshingni ko'tarib yurasan? Nima degan odam bo'lding endi? Qani u sen orzu qilgan kunlar? Qani u sen orzu qilgan hayot? Senga gard yuqtirmay katta qilgan onangning xotirasini poymol qilding! Sen uni xo'rlading! Otangning nomiga dog' tushirding.
U shunday qayg'uli hayollarga borar ekan, unga mehr va muhabbat bilan tikilib turgan Abdullaga ko'zi tushishi bilan ko'ngli yorishardi. Albatta gunoh ish qilib qo'ydim, - o'ylardi u. - Katta gunoh qilib qo'ydim, - o'ylardi u. - Lekin kim bilan? Abdulla bilan-ku. Uni yaxshi ko'raman-ku, axir. Baribir bir kun shunday bo'lar edi-ku! U endi butunlay men bilan! Men u bilan! Bir-birimizdan endi hech ajralmaymiz. Yaqinda institutni bitirib keladi. To'y bo'ladi. Hozir nima bo'lganini kim bilib o'tiribdi? O'zim ham shuni istadim. Yo'q, demadim. Hech kim bilmaydi. Hech kimga aytmaymiz. Bu bizning muqaddas sirimiz bo'ladi. U bizning faqat yuragimizda saqlanadi. Gulchehra! Qara, u qanday yaxshi yigit! Chiroyli, aqlli! U seni yaxshi ko'radi. U sen bilan bo'ladi. Uning ko'zlariga qara! Shu ko'zlar nahotki seni aldasa? Yo'q, aldamaydi. U doim sen bilan bo'ladi. Sen ham xuddi onang kabi baxtli bo'lasan. Lekin sening umring qisqa bo'lmaydi. Sen uzoq yashaysan, Abdulla qancha yashasa, sen ham shuncha yashaysan! U bilan birga, u bilan barobar yashaysan. Shunday bo'ladi.
Hozir sodir bo'lgan narsa seni cho'chitmasin. Sen endi kichkina emassan. O'z hayotingni o'zing quradigan davr keldi. Sen endi mustaqilsan. Nima istasang shuni qilasan. Bugun sen uni istading. Nima bo'libdi? Buning nimasi yomon? U sen bilan bo'lsa, bo'ldi. Baxting, kelajaging shunda, bir-biringga bo'lgan mehr-muhabbatingda!
Gulchehra shunday deb, o'zini ovutishga intilardi, lekin baribir ko'ngli notinch edi, yuragining qayeridadir Gunoh bo'ldi, gunoh! degan fikr mahkam o'tirishib qolgan edi.
Sochlarini to'g'rilab joyiga qaytib kelganda, Abdulla o't to'la chelakka tikilib o'tirardi... Uni ko'rishi bilan qandaydir bo'g'iq ovozda:
- Ketamizmi? - dedi sekin.
Gulchehra unga qarayolmay, boshini liqillatdi. Abdulla o'rnidan turib chelakni qo'liga oldi.
- Men o'zim, - dedi Gulchehra chelakni undan olib. Abdulla indamadi. Tolzordan chiqishguncha ikkalovi jim borishdi.
- Siz keyin... - dedi so'qmoqqa o'tayotib Gulchehra. Abdulla e'tiroz bildirmay, joyida qoldi. Gulchehraning butun qiyofasi hafa bo'lgan va qattiq qayg'uga tushgan odamni eslatardi. Chiqarmikin kechqurun? Abdullaning yuragini g'ulg'ula bosdi, hatto qo'rqib ketdi. Gulchehra o'sha kuni ham chikdi, ertasiga ham, indiniga ham.
Ular endi uchrashishganlarida, kelajak haqida gaplashishmasdi. Kelajak ular uchun endi kaftda turgan olmadek aniq edi. Bir yil kapalak umridek o'tib ketadi. Abdulla o'qishni bitirib qaytadi. Ana o'shanda hamma narsa joyiga tushadi. Ularning birga bo'lishlariga hech kim, hech narsa to'sqin bo'lolmaydi. Abdulla jo'nayotganda ham deyarli hech narsa haqida gaplashmadi. Gulchehra unga xuddi so'nggi marta ko'rishishayotgandek mehr bilan uzoq tikilib turdi-da, oyoq uchlariga ko'tarilib, sekin labidan o'pdi.
Faqat uyda Hojar buvi nevarasidan ranjigan bo'lib koyindi.
- Bolam, Mingbuloqqa nega kelasan, bilmay qoldim. Bizlarni ko'rganimi, yo boshqa biron ishing bormi?..
Abdulla miyig'ida kulib qo'ydi.

#FFFF80 XV

#white Yadro-fizika institutining yotoqxonasi shahar chetida bo'lib, beshinchi qavatdan Neva qora baxmaldek jilvalanib ko'rinardi. Sayyora otasi Toshkentga ko'chib ketganidan keyin shu yotoqxonada yashay boshladi. Avvalgi uch yil to'rt kishilik xonada turdi. To'rtinchi kursga o'tganda esa, barcha yuqori kursdagilar qatori, unga beshinchi qavatdan alohida xona ajratib berishdi. Bu yerdan shaharning deyarli yarmi yaqqol ko'rinib turardi. Sayyora ko'pincha o'qishdan qaytgach, derazani lang ochib qo'yib, daryoning narigi qirg'og'ida oltin qubbasi yaltirab turgan Petropavlovsk qal'asini, portga kirib-chiqib turgan bahaybat kemalarni tomosha qilishni yaxshi ko'rardi. Bugun ham o'qishdan qaytib, apil-tapil yechindi. Xona issiq bo'lganidan xala-tini kiymay, shunday ichki ko'ylakda, deraza yoniga keldi. Lekin ochmadi. Pardani surib, tokchaga suyanganicha tashqariga tikildi. Tashqari esa tuman ichiga g'arq bo'lgan, deyarli hech narsa ko'rinmas, ba'zi-ba'zida yo portga kirib kelayotgan, yo chiqib ketayotgan kemalarning bo'g'iq ovozlari eshitilib qolardi.
Sayyora tuman tarqalguncha hech narsa ko'rinmasligiga ishonch hosil qilib, pardani tushirdi. Divan yonida turgan kichkina taxta yashikdan alohida-alohida qilib yumshoq qog'ozga o'ralgan sap-sariq olmadan bittasini olib, qars etib tishladi-da, divanga yonboshladi. Shunda stol ustida yarmi ichilmagan qatiq shishasi tagidagi xatga ko'zi tushdi. Bu xat uydan bo'lib, dadasi yozgan, kecha kechqurun u kinodan qaytganida o'qigan edi. Shunday bo'lsa ham xatni yana qo'liga oldi. Tursunali aka bu xatda ham odatdagidek, uyning tinchligi, onasining uni sog'ingani haqida yozib, bir qancha o'zining va onasining maslahatlarini bayon qilgan edi. Sayyora xatga ko'z yugurtirar ekan, dadasining sen juda serxarajat chiqib qolding, yaqinda pul yuborgan edim, yana so'rabsan, degan joyiga kelganda kulib qo'ydi. Chunki xuddi shu xat bilan ketma-ket onasidan yuz so'm ham olgan edi. Buni, albatta, Tursunali aka bilmasdi. Agar onasining unga bekitiqcha yuborgan pullarini bilib qolsa bormi, tepa sochi tikka bo'lishi turgan gap edi. Biroq Tursunali akaning o'zi ham qiziga pulni ayamasdi, ko'p yuborardi. Balki shuning uchun Sayyora kursdosh qizlar ichida eng yaxshi va eng chiroyli kiyinadigan qiz edi. Lekin shu bilan birga ba'zi qizlarga o'xshab molparast emas edi. U narsa qidirmasdi, biron narsa kerak bo'lsa darrov yaqin o'rtadagi magazindan topib kelardi. Lekin shu qiyinchiliksiz topib kelgan narsasi o'ziga yarashar va hammaning havasini keltirardi. Diplom ishining rahbari, munkillab qolgan professor uni erkalab Mening qo'g'irchog'im, agar o'g'lim bo'lganida majbur qilib bo'lsa ham o'zim kelin qilardim, - derdi tamshanib.
- Sharq go'zallari haqida ko'p o'qiganman, eshitganman, lekin ularning bunchalik husn egasi bo'lishini birinchi ko'rishim. Sayyora bunday gaplarni ko'p eshitgani uchun, kulib qo'ya qolardi. Buning ustiga u o'zini chiroyli hisoblamasdi, deyarli pardoz ham qilmasdi. Yigitlarning uni ko'rganda angrayib qolishlari, sho'xlarining esa gap otishlariga oddiy bir hol, hamma qizlarga ham shunday qilishadi, deb qarardi, lekin uning ketiga tushganlarni yomon hafa qilardi. Kursidagi bir yigitning haddan ziyod shilqimligi uchun bir shapaloq tushirganini hamma bilardi. Qizig'i shunda-ki, u shu yigit bilan keyin juda apoq-chapoq bo'lib ketdi. Umuman, u odamlar bilan bo'lishni, ular qizmi, yigitmi, baribir, bo'sh vaqtini zavq bilan quvnoq o'tkazishni yaxshi ko'rardi. Buni bilib qolgan yigitlar uni doim o'zlari bilan olib yurishar, uni o'z singillaridek ko'rishardi. Qizlar bilan ham uning aloqasi yaxshi edi. Uning kiyimlari deyarli hammaning kiyimlari edi. Ba'zan nimasi bor-yo'qligini bilolmay qolardi, hatto o'zining kiyishiga ham hech narsa qolmagan paytlari bo'lardi. Shuning uchun xatning onang, endi kichkina emas, sal o'zini bosib yursin deyapti, deyilgan joyiga ko'zi tushganda, ensasi qotib, yeb turgan olmasini otib yubordi. Oyoq yalang deraza yoniga kelib pardani tortdi. Tuman orasidan qal'a qubbasi bilinar-bilinmas mo'ralay boshlagandi. A-ha! - dedi Sayyora. - Kechqurun demak yaxshi bo'ladi. U bugun Po'lat, Abdullalar bilan Raketada Pyotr saroyiga borishmoqchi bo'lganini esladi. Esladi-yu, dadasining xatning orqasiga tirkagan jumlasi hayolidan o'tdi. Boshqatdan uni o'qib chikdi. Abdulla yaxshi yuribdimi? U bilan aloqalaring qalay? Mendan salom aytib qo'y, yaqinda maqolasi chiqqan jurnalni yuboraman...
U Abdullaning maqolasidan xabardor edi. Uning ancha dadil va yaxshiligini ham bilardi. Birga o'qishgan, muhokama qilishgan. Biroq nega otasi ularning aloqalari bilan qiziqib qoldi? Aloqalari har doimdagidek yaxshi. Aksari vaqt ular birga. Qiziq.
Sayyora shunday o'ylab radioni qo'ydi. Yengil kuy yangray boshladi. Bir-ikki padan so'ng, Sayyora yolg'iz o'zi raqs tushishni istamadi, karavotga sakrab chiqdi-da, oyoqlarini quchoqlab hali tanishib chiqmagan Matematik programmalar jurnalining so'nggi sonini varaqlay boshladi. Hech narsa tushunmadi. Hayolidan dadasining savoli va Abdulla ko'tarilmasdi. Birdan unga nimadir oydinlashgandek bo'ldi. Nahotki... - o'yladi u, - nahotki ular shuni istasalar? Bo'lishi mumkin. Dadam uni yaxshi ko'radilar. Oyimning ham og'zidan tushmaydi, unga ham yoqadi. Menga-chi? Bu savolga u javob berolmadi. Lekin yangitdan Abdulla haqida o'ylab boshladi. Ha, Abdulla yaxshi yigit. Buning ustiga u juda o'zgarib ketdi. Yaxshi tomonga o'zgarib ketdi. Ilgarigidek uyatchan emas, og'zidan gapi tushib ketmaydi, fikrlari dadil va ishonchli.
Ilgari qanday edi? Gapirishga qo'rqardi. Umuman, uning har bir harakatida qandaydir yetishmovchilik, hatto qoloqlik bor edi. Endi-chi? Endi u butunlay boshqa odam. O'tgan to'rt yil uni boshqacha qilib yubordi. Ko'p o'qiydi, aqlli, tartib bilan kiyinadi. Bolalar hazillashib uni kelajak Eynshteyni deyishadi. Lekin bu hazilda qandaydir haqiqat bor. Hech kim uning kurs ishi, juda yengillik bilan tayyorlagan kurs ishi bunchalik muvaffaqiyatli chiqadi, deb o'ylamagan edi. O'zi ham bunday bo'lishini kutmagan edi. Vaholanki, shunday bo'lib chikdi. Maqola holida bosilishining o'zi, katta gap. Buning ustiga dekanatda shu ishingizni diplom qiling, deb maslahat berishdi. Bu kamdan-kam bo'ladigan voqea. Innaykeyin, hamma uni hurmat qiladi. Sayyora ham. U Abdulla bilan bo'lishdan uyalmaydi. U bilan bo'lgan odam hech zerikmaydi. Qiziq gaplarni topib gapiradi, yaxshi raqs tushadi. Umuman, Abdulla u bilgan yigitlardan ancha ustun. Lekin u hech Abdulla bilan turmush qurishni hayoliga keltirmagan edi. Birga bo'lishdi. Hatto hazillashib Abdulla uni quchoqlardi, o'pgan paytlari ham bo'lgan. Lekin bularning hammasi shunchaki hazil edi. Sayyora hech mahal u bilan yaqin bo'lishga ehtiyoj sezmagan edi. Abdulla ham balki shundaydir? U odob doirasidan chiqadigan harakatga sira yo'l qo'ymasdi. Ular yaxshi o'rtoq. Bo'rttiribroq aytganda, yaxshigina do'st edilar. Abdulla unga katta hurmat bilan qarar va doim uni o'zidan baland qo'yardi. Buni Sayyora bilardi. Shuning uchun ham u boshqa yigitlardan ko'ra uni o'ziga yaqin tutar, hatto sirlarini unga aytardi. Ular ko'pincha birga basseynga borishardi, birga cho'milishardi, Sayyora uning kelishgan, baquvvat qomatiga havas bilan qarar, ba'zan qizishib ketganda, o'zini uning quchog'ida tasavvur qilib ko'rardi. Lekin bu bir daqiqalik hayol bo'lardi va u darrov buni unutardi. Ba'zan o'zining nozik, xipcha qomatida Abdullaning ham nazarini sezib qolardi. Lekin bu tabiiy, yigit kishi shunday yonida yaxshigina qizni ko'radi, uning nafasini sezadi-yu, hayajonga tushmay turaveradimi? Bunday yigitlar yo'q, bo'lishi ham mumkin emas. Ammo bo'lganda ham, ular kimga yoqardi. Hatto qizlarning uning e'tiborsizligidan jahllari chiqishi ham mumkin. Abdulla hamma yigitlarga o'xshagan yigit. U qarashi mumkin, hayolidan g'alati fikrlarni o'tkazishi mumkin, lekin chegaradan chiqmaydi, ortiqcha harakatga yo'l qo'ymaydi. Sayyoraning o'zi ham buni istamasdi. U hech mahal Abdulla bilan yaqinlik haqida o'ylamagan edi. To'g'ri, bir marta u tushiga kirdi. O'shanda kun bo'yi Abdullaga qarolmay yurdi. Lekin bu - tush. Tushda har narsa bo'lishi mumkin. Hayotda-chi? Sayyora shu paytgacha o'ziga bu savolni bermagan edi. Lekin hozir beixtiyor shu savol kelib qoldi, lekin unga javob berolmadi. Ikki-uch yil muqaddam javob berishi mumkin edi, hozir esa aniq javob berishga qiynalib qoldi. U endi kichkina emas. Onasi haq. Kapalakdek u guldan-bu gulga sakraydigan davri tugadi. Endi uning uyi, ro'zg'ori, sevimli kishisi bo'lishi kerak. Lekin shunday odam bormi?
Sayyora ko'p qizlarning oh-voh solib, sevib qoldim, usiz turolmayman, deganlarini eshitgan edi, bilardi ham. Dugonalarining ko'pchiligi qandaydir yigitlar bilan o'z turmushlarini bog'lab qo'yishgan edi va tezroq o'qishni tugatib to'y qilish, birga turish orzusida yurishardi. Ammo uning hech kimi yo'q edi. To'g'ri, u hamma bilan yaqin edi, lekin mana shunday birdan bir yigitga muhabbat qo'yish yo aksincha, uning muhabbatiga sazovor bo'lish uning boshiga tushmagan edi. Bu haqda, hatto o'ylamagan edi.
Dadasining ilmoqli gapi, onasining ogohlantirishi uni bu haqda o'ylashga majbur qilib qo'ygan edi. Chindan ham, nega u boshqa qizlarga o'xshamaydi? Ba'zilar birinchi kursdanoq bittasining etagini ushlab olishadi. Nega u shunday qilmadi? Xunuk bo'lmasa, ahmoq ham bo'lmasa? Balki muhabbat yosh tanlamasligi rostdir? Birov erta muhabbat qo'yadi, birov kech... Sayyora shundaydir? Kimga u muhabbat qo'yishi mumkin? Bundan tashqari, nahotki muhabbat birovni nishonga olganday, tanlab qo'yilsa? U ko'p yigitlarga yoqishini bilardi. Ular-chi? Ular unga yoqadimi? Sayyora o'zi bilgan yigitlarni birma-bir ko'z oldiga keltirib chiqdi. Yo'q, ular unga yoqmasdi. Hammasi yaxshi yigitlar, lekin hech biri yuragini jizillatmaydi. Abdulla-chi? U boshqa gap. Tanish-bilishlarning ichida eng yaxshisi shu. Lekin Sayyora uni sevadimi? Sevib qolishi mumkinmi? Agar sevmasa-chi? U sevgisiz hayotni istamaydi, bunday hayotning bo'lganidan bo'lmagani yaxshi. Balki Abdulla ham uni yaxshi ko'rar!
Bu hayollardan miyasi g'ovlab Sayyora o'rnidan turdi. Radioni o'chirmoqchi bo'lganida, ko'zi priyomnik ustidagi budilnikka tushib qoldi. O, lya-lya! - deb yubordi u boshini qashib. Yetti bo'libdi-ku. Rosa xunob bo'lishayotgandir!
U shoshib kiyina boshladi. Biroq yengi kalta kofta kiyib, endi shimining zanjirini tortay deganda, aynadi. Yechinib, yangitdan kiyindi. Endi egniga yaxshi ko'radigan to'q zangori ko'ylak, oyog'iga baland poshnali oq tuflisini kiydi. Oynaga bir qarab, o'zidan va kiyimidan ko'ngli to'ldi. Kalta qirqilgan sochini orqasiga bir silkitib tekisladi-da, plashini qo'ltiqlab pastga tushdi. Eshik tagida vaxtyor uni to'xtatdi.
- Senga telegramma keldi.
- Qani? - Sayyora kampirning qo'lidan telegrammani olib, shoshib ochdi.
Izbrali akademikom, tvoy papa, deyilgan edi unda. Sayyora chapak chalib yubordi.
- Tyotya Dusya! Milaya! Ura!!!
U shunday deb kampirning burushgan yuzidan cho'lp etib o'pdi-da, eshikka yugurdi. Kampir hech narsaga tushunmay hayron bo'lib uning orqasidan qarab qoldi.
Abdulla bilan Po'lat ko'chaning narigi betida xunob bo'lib turishardi. Sayyora ularni ko'rishi bilan mashinalarga ham parvo qilmay, chopib ko'chani kesib o'tdi.
- Qirolicha odatdagidek ushlanib qoldilar? - dedi kinoya bilan Po'lat.
Abdulla jilmaydi.
- Bolla, kechiringlar! - dedi yalingan bo'lib Sayyora. - Ikki marta kiyinib kechga qoldim.
- O'h-ho'! - dedi shunda uning juda chiroyli kiyinganini payqab Po'lat. - Qirolichamiz bugun kechirsa arziydigan kiynibdilar.
- Yaxshimi?
- Juda ham! - dedi Abdulla.
- Bunaqasi bo'lmaydi, - qo'shib qo'ydi Po'lat. - Qani endi shu kiyimga yarasha karmon ham bo'lsa!
- Karmon katta, - dedi Sayyora. - Kecha oyimlar yuz so'm yubordilar.
- Yuz so'm?! - vahmi uchib so'radi Po'lat.
- Ha. Hozir borib olamiz. Boramizmi?
- Borish ham gapmi? Uchamiz!
Ular yo'lga tushishdi. Sayyora o'rtaga o'tib ikkalovini qo'ltiqlab oldi.
- Bugun sizlarga konyak ham quyishim mumkin...
- Nahotki? - so'radi Abdulla.
- Bu himmatning boisi nedir? - dedi Po'lat.
- Mana, - Sayyora to'xtab plashining cho'ntagidan telegrammani olib ularga uzatdi.
- Qiyomat-ku, Sayyora! - dedi Po'lat.
- Tabriklayman! - Abdulla hayajon bilan Sayyoraga qo'lini uzatdi. - Bu juda katta voqea.
- Shunga bitta konyak qo'ymoqchimisan? - dedi Po'lat telegrammani qayta o'qir ekan. - Qizg'onchiqligingni endi bilishim. Hammamizga bittadan qo'yasan.
Sayyora kuldi.
- Men hech ishonmasdim.
- Dadang bo'lgani uchun shunday, - dedi Po'lat, - Tursunali aka katta olim. To'g'rimi, Abu!
Ular hazillashib Abdullani shunday atashardi.
- To'g'ri, - dedi Abdulla hamon hayajonini bosolmay. - Akademik... Zo'r-a? Jaranglashini qara! Akademik...
- Abu! - dedi Sayyora unga o'girilib. - Sen ham bo'lasan. Men buni bilaman.
- Men ham, - dedi Po'lat. - Bahs boylashim mumkin, o'n yildan keyin Abu akademik bo'ladi. Ey akademik, eshityapsanmi? O'n yildan keyin.
- Hazilingni qo'y, - dedi Abdulla, lekin ularning shunday deyishganiga ichida quvondi.
Nega ham bo'lmasin? Axir shunga intilyapti-ku?! Lekin qiyomat, Tursunali aka akademik! Bundan ham katta baxt bo'lishi mumkinmi? Nima qilayotgan ekan hozir? Institutdamikin? Uydamikin? Qayerda bo'lmasin, hamma uning oldiga kelyapti, tabriklayapti... U bo'lsa sekingina jilmayib: Rahmat, rahmat deyayotgandir... Abdulla bir daqiqa o'zini uning o'rnida qiyos qildi. Mana kresloda o'tiribdi. Kreslo katta, qizil duxoba qoplangan, o'tirsang, cho'kib ketasan, yumshoq... Xuddi Sayyoralarnikidek... Birin-ketin odamlar kelishyapti. Hammaning yuzida tabassum, lekin olayib qarayotganlar ham yo'q emas. Abdulla hamma bilan iliq so'rashadi, olayganlar bilan ham. Chunki ular endi nima ham qila olardi. U umrbod akademik! Ana, Husanxon aka kelyapti. Ikki qo'li ko'ksida, yuzida kulgi. U oyoq uchida yurib uning oldiga kelib egiladi.
- Abdullajon, tabriklayman, chin ko'ngildan tabriklayman. - Uning ovozi xuddi In'om bilan gaplashgandagidek mayin, titroq. - Bir vaqtlar ozgina bo'lsa ham sizni o'qitganim bilan faxrlanaman. Ergash akam... E, e, G'afurjon akam qalaylar? Salomatliklari durustmi? Bir ziyorat qilib kelsam, qanday bo'lar ekan? Vaqtlari bo'larmikin qabul qilgani?
Abdulla yo'q deganday boshini qimirlatadi.
- Bilaman, bilaman, - deydi shoshib Husanxon aka. - Endi u kishining ishlari ko'p. Mehmon-izlom deganday... Ishqilib omon bo'lsinlar. Aytib qo'ysangiz, o'zlarini urintirmasalar...
Ha... Agar shunday bo'lsa, ajoyib bo'lardi. Akademik!.. Hayotning, orzuning cho'qqisi bu.
- Nyuton yangi formula ixtiro qilyapti! - dedi Po'lat.
Sayyora kulib yubordi.
-Nima? - anglamay so'radi Abdulla.
- Hayol surib ketganingga hazil qilyapti, - dedi Sayyora.
- A... Chindan ham hayol surib ketibman, - dedi Abdulla biron narsa deyish uchun.
- Nimani, Abu? - so'radi Sayyora.
- Konyakmi, konyak-ku bor... Zakuskasi-chi?
- Bir narsa topilar, - dedi Po'lat.
- Yo'q, akademiklikni bir narsa bilan yuvib bo'lmaydi.
- Nima taklif qilmoqchisan?
- Nima deysanmi? - Abdulla qoshlarini chimirdi. Uning chehrasi ochilib ketgan edi. Axir shunga intilyapti-ku, albatta shunday bo'ladi, hammaning unga havasi keladi. - Baliq! Polyakcha pishirilgan osetra. Limon bilan.
- Vuy! Zo'r! - deb yubordi Sayyora.
- Zo'r ham gapmi? - dedi Abdulla o'z hayoliga berilib. - Qiyomat!
- Qani, chopdik! - Sayyora ularni sudrab ketdi. - Kassasi yopilib qolmasin tag'in.
Uchalovi yo'lovchilarni hayron qoldirib, yugurib ketishdi. Oradan yarim soat o'tar-o'tmas ular Raketada o'tirishardi. Sayyora o'rtada. Po'lat bilan Abdulla uni qo'ltiqlab olishgan edi.
Saroyda baliq topilmadi. Bor edi, lekin ular istagan baliq emas. Bog'ni aylanib shaharga qaytganda ovqatlanishga qaror qilishdi. Sayyora yigitlarni markaziy fontan tomon boshlab ketdi. Unga bu yer, ayniqsa Samson atrofida jodu ko'zlarini ko'kka tikib hayolga cho'mgan suv parilari juda yoqardi. Qachon saroyga kelmasin, albatta shu ulug'vor haykallar suv otib turgan fontanni tomosha qilmasdan ketmasdi.
Abdulla Sayyoraning javobini kutmay, uni surgab ketdi.
- Men-chi?
- Yur-yur!
- Sen to'g'ri aytding, Abu! - dedi Sayyora arg'amchida o'tirib atrofga tikilar ekan. - Balki so'nggi marta kelishimizdir. Menga bu yer juda yoqib qolgan edi.
- Achinma. Bizning ishimiz shundayki... - dedi Po'lat, - har yili kelib turamiz...
- Lekin ish bilan kelamiz...
Sayyoraning bu gapi yigitlarni o'ylatib qo'ydi. Ish... chindan ham yaqinda ish boshlanadi. Sakkiz oy qoldi. Sakkiz oylik yoshlik, sakkiz oylik sho'xlik. Keyin bu davr hech qaytib kelmaydi.
- Qiziq, - dedi Po'lat. - Studentlik yaxshimikin, yo ish?
- Menga qolsa, umrbod student bo'lardim, - dedi Sayyora.
- Unda sendan nima foyda?
- Bitta yomon matematik kamayardi. Durustroq ishlashimga ko'zim yetmayapti. Sen bilan Abu boshqa gap.
- Abuni gapirma, - dedi Po'lat. - U ishlash uchun yaratilgan odam. Rostini aytsam, mening ham uch-to'rt yil o'qigim bor. Afsuski, bu mumkin emas.
- Hammamiz ham yaxshi ishlaymiz, - dedi arg'imchoq tebratish bilan ovora bo'lib turgan Abdulla. - Biz hali ishlaganimiz yo'q. Shuning uchun studentlik yaxshi ko'rinyapti. Ishga tushganda, ish yaxshi ko'rinadi.
-Lekin Sayyora, seni hech reaktor yonida tasavvur qilolmayapman. Sen ko'proq vrachga o'xshaysan.
- Medinstitutga kiraymi? Abdulla kulib yubordi.
- Yo'q. Biz birga ishlaymiz. Shunday ishlaymizki...
- Klass bo'ladi, klass! - dedi Po'lat.
- Tag'in qanday klass!..
Shaharga qaytishganda Abdullaning taklifi bilan Astoriyaga kirishdi. Bu qadimiy restoran va uning qimmatbaho menyusi anchadan beri uning dimog'ini qitiqlab yurardi. Podsho Nikolay II ni eslatuvchi shveysar chol ularga chest berib, epchillik bilan Sayyoraning qo'lidan plashni oldi.
- Qirol qirolichani kutib olyapti! - hazil qildi Po'lat.
Ular ikkinchi qavatga ko'tarilishdi. Derazalari og'ir duxoba darpardalar bilan to'silgan restoranda tantanavor jimjitlik hukmron edi. Onda-sonda qo'shni zaldan qadahlarning yengil jarangi eshitilib qolardi. Yoshlar prospektga qaragan deraza tagiga o'tirishdi.
- Ha... - dedi Po'lat xo'rsinib. - O'zimizning oshxona bundan tuzuk edi.
Sayyora piq etib kulib yubordi.
- Bir kun baribir kirasan shunaqa restoranga, - dedi Abdulla. - O'rganish kerak.
Kapalak nusxa galstuk taqqan ofitsiant menyu uzatdi. Sayyora uni varaqlab, har xil narsalarni buyurar ekan, Po'lat uning tirsagidan tortib:
- O'zingni bos, o'zingni bos, - derdi.
Ular juda yaxshi o'tirishdi. Ikki ryumkadan so'ng Po'latga bu hashamatli restoran xuddi studentlar oshxonasidek oddiygina bo'lib ko'rina boshladi.
- Qiziq, - derdi ikki gapning birida u. - Nega ilgari hech kirmaganmiz bu yerga? Juda tinch ekan-ku!
- Qani, ko'tardik, - dedi Abdulla yangitdan ryumkalarni to'ldirib.
- Nima uchun? - so'radi qizarib ketgan Sayyora.
- Hammamizning akademik bo'lishimiz uchun! Abdulla bu gapni chindan aytdimi, yo hazil qildimi, bilib bo'lmasdi, lekin juda kulgili chiqdi.
Ular turishganda, shishada hali anchagina konyak bor edi.
- Nima qilamiz? - so'radi Po'lat va alanglab atrofga qaradi. Restoran deyarli bo'sh edi. Faqat burchak-burchaklarda, chet elliklar bo'lsa kerak, yarim ovozda gaplashib o'tirishardi.
- Bitta ham badavlat student ko'rinmaydi. Oh! - dedi Po'lat barmog'ini bigiz qilib, peshanasiga qadar ekan. - Topdim. Qirolicha! Agar shu, sizning muborak qo'lingiz tekkan sharobni qirol oliy hazratlariga hadya qilsak, nima deysiz?
- Olarmikan? Turishi juda vahima-ku? - dedi Sayyora.
- Yo'lini topamiz.
Pastga tushishganda Po'lat shishani shveysar cholga uzatdi.
- Bobay, agar biz qaytmasak, bizning sog'lig'imizga ichishingiz mumkin.
Shveysar e'tiborsizlik bilan shishani olib, bir chayqatdi. Ko'ngli to'ldi shekilli, prilavka ustiga qo'yib, poshnalarini zarb bilan taqillatdi-da, chest berdi.
- Tashakkur, - dedi Po'lat.
Soat o'n ikkidan oshgan, lekin tun kirganga o'xshamasdi. Shaharning sutdek oppoq kechasi o'z hayotini boshlab, bor go'zalligini ko'z-ko'z qilib turardi.
- Birpas aylanamiz-a? - dedi Sayyora yana sheriklarini qo'ltiqlab.
- Faqat mensiz, - dedi Po'lat.
- Nega? - hayron bo'ldi Abdulla.
- Qirolichani ayab ko'proq tortganga o'xshayman.
- Aylansak, tarqab ketadi. Keyin uyda choy ichamiz, - dedi Sayyora.
Po'lat rozi bo'ldi. Ular Nevskiy prospekti bo'ylab bitta-bitta yurib ketishdi. Odam siyrakligini e'tiborga olmaganda, shaharning tun qo'ynidaligini bilib bo'lmasdi. Tramvay yurardi, mashinalar g'iz-g'iz o'tib gurardi. Hech qayerda tun belgisi bo'lgan fonar ham miltillab ko'rinmasdi. Hammayoq yop-yorug', hamma narsa uyg'oq.
Sayyora Po'lat bilan Abdullaning qo'llarida osilib borar ekan, ko'zlarini uylarning jimjimador peshtoqlaridan, ko'ko'par binolarni yelkalarida ko'tarib turgan pahlavonlardan, baland arklardagi xomush nigoxlarini yerga qadagan farishtalardan uzolmasdi. U shularni ko'rganidan, to'rt yil shular bilan birga yashaganidan mamnun edi, lekin yaqinda xayrlashadi, oz qoldi, lekin xayrlashadi. U buni istamasdi. U butunlay shu shaharda yashashni istardi, shuning uchun ko'nglining qayeridir g'ash edi.
- Nimang go'zal sening, shimol go'zali? - u esiga tushgan bir she'rni o'qiy boshladi:

Nimang go'zal sening, shimol go'zali?
Oydin tunlaringmi, bahmal dengizing?

Abdulla uni davom ettirdi:

Nimang go'zal sening, shimol go'zali?
Sening bog'laringmi, yokut yulduzing?
Senda ulgaydim men, senda angladim
Inson degan nomni, hayot beshigi...

Keyin nima edi?
Po'lat piq, etib kuldi-da, davom ettirdi:
- Senda Eynshteyn bo'laman dedim,
Senda lang ochildi ilm eshigi...
- Hazil-hazil-u, - dedi Sayyora, - mening kayfim buzilib ketdi. Biz endi yosh emasmiz... Hech miyamga sig'mayapti.
- Mening miyam yorilib ketay deyapti, - dedi Po'lat. - Uyga boraylik?..
- Yuringlar.
Ular yotoqxonaga kelishdi. Liftni chaqirishayotganda vaxtyor kampir Sayyoradan so'radi:
- Boya juda sevinib ketding?
- Otasi akademik bo'ldi, - javob berdi Po'lat.
- Ilgari kim edi? Abdulla kulib yubordi.
- Ilgari doktor edi.
- Doktor? - hayron bo'lib so'radi kampir. - Nima, akademik doktordan yaxshimi? Men bir doktorni bilaman, juda yaxshi odam, yurakni operatsiya qiladi. Innaykeyin...
Lift ko'tarildi. Beshinchi qavatga chiqishganda Po'lat to'xtadi.
- Ha, choy ichmaysanmi? - so'radi Abdulla.
- Bu odatni ikkalovinglarga havola qilaman. Uyqu bosyapti.
U tushib ketdi. Abdulla bilan yolg'iz qolib, negadir bu safar Sayyora o'zini noqulay sezdi.
- Mazang yo'qmi? - so'radi Abdulla.
- Yo'q, yaxshi, - dedi Sayyora. Ovozi ham negadir bo'g'iq chiqdi.
- Hursandmisan?
- Nimadan? - tushunmadi Sayyora.
- Dadangdan.
- Albatta. Lekin shunday bo'ladi deb o'ylamagan edim.
- Men bilardim. To'g'rirog'i, shunday bo'lishiga ishonardim. Bu juda katta baxt. Kamdan-kam odam bunga yetishadi.
- Sen bundan mustasno.
- Nega?
- Seni yaxshi bilaman, - dedi Sayyora uning qo'lidan ushlab. - Sen yetishasan.
- Kulma.
- Kulayotganim yo'q. Sendan kulmayman.
- Rostdanmi?
- Nega yolg'on bo'lar ekan?
Abdulla minnatdor qiyofada jilmaydi va unga uzoq tikilib qoldi.
- Men hozir! - dedi Sayyora, plashini divanga uloqtirib. - Achchiq bo'lsinmi?
- O'zing bilasan.
- Demak, achchiq.
Sayyora chinni choynak bilan choy qutini ko'tarib, chiqib ketdi. Abdulla deraza yoniga bordi. Fortochkani ochdi. Baribir uy sovimadi. Kostyumini yechib, stulga ilayotganda ko'ylagining ko'kragidagi tugma shirt etib uzilib ketdi. Abdulla tugmani olib, stolga qo'ydi-da, divanga o'tirdi. Shu payt Sayyora qaytib kirdi.
- Hozir bo'ladi, - dedi u va stolning ustini yig'ishtira boshladi. Shunda ko'zi tugmaga tushib qoddi.
- Bu qayerdan paydo bo'lib qoldi? - dedi u hayron bo'lib.
- Kechirasan, meniki, - dedi Abdulla. - Uzilib ketdi.
- Aytmaysanmi? - hafa bo'ldi Sayyora. - Hozir qadab qo'yaman.
- Qo'yaver, o'zim...
- Nega men emas?..
Sayyora shunday deb, shkafning tortmasini titkilay boshladi.
Yaxshi qiz, - o'yladi Abdulla nozik qomatiga ko'z tikib. - Chiroyli, innaykeyin, akademikning qizi. Juda baxtli bo'lsa kerak. U Sayyora bilan birinchi marta uchrashganini esladi. O'shanda ham u xuddi shunday chiroyli, chaqqon, xushmuomala edi. Biroq o'shanda Abdulla undan uyalardi. Endi-chi? Endi ular deyarli teng. Tengmi? Yo'q, teng emas. Uning hamma narsasi bor. U nima istasa shuni qilishi mumkin. Unga uylangan yigit juda baxtli bo'ladi. Uning yana bir yaxshi odati shuki, o'zining mavqei bilan g'ururlanmaydi, esga ham solmaydi. Ha... Unga uylangan odam baxtli bo'ladi. Oilasi ham yaxshi. Tursunali akaning undan boshqa hech kimi yo'q. Onasi ham uni yeru ko'kka ishonmaydi. Qiziq, nega u hech kim bilan yurmaydi? Nahotki hech kimni yaxshi ko'rmasa.
- Sayyora...
- Nima? Oq ipni qayerga qo'yibman, topolmayapman.
- Qo'yaver. O'zim tikib olaman. Sayyora...
- Eshityapman.
- Seni... seni erga tegyapti, deb eshitdim. Rostmi? Sayyora kuldi.
- Kim ekan o'sha men tegadigan er?
- O'zing bilsang kerak?
- O'sha odam bunisini ham aytmabdi-da... Topdim. Sayyora Abdullaning yoniga o'tirib, ignaga ip o'tkaza boshladi.
- Aytmadi, - dedi Abdulla uning ochiq tizzalariga tikilib. - To'yga-chi, to'yga aytasanmi?
- Agar bo'lsa... Qayeri uzildi?
- Albatta bo'ladi. Mana, - Abdulla unga yaqinroq surilib, ko'kragini tutdi.
- Ishonasanmi shunga?
- Nega ishonmas ekanman? Bu har bir kishining boshida bor.
- Faqat mening emas.
- Nega?
- Mening hech kimim yo'q, - Sayyora xomush bo'lib qo'llarini tushirdi. - Mening hech kimim yo'q...
- Ishonmayman, - Abdulla shunday deb, uning tizzasiga qo'lini qo'ydi. - Sen... sen chiroylisan.
- Bu quruq gap.
- Yo'q, rostdan. Juda chiroylisan,
- Sen-chi? Senga yoqamanmi men?
Sayyora unga sekin ko'z qirini tashladi. Abdulla nima deyishini bilmay qoldi. Yoqadimi Sayyora unga? Bu haqda u o'ylamagan edi. Ha, yoqadi, albatta yoqadi. Shunday qiz nega yoqmasin? Nega shuni ilgari bilmagan edi?
- Ha, - dedi hayajon bilan u. - Men-chi? Men senga yoqamanmi?
Sayyora jilmaydi.
- Kel, qadab qo'yay.
U shoshib Abdullaning yoqasini yechdi. Uning yuzi qip-qizarib ketgan, entikib-entikib nafas olardi. Abdulla ham qizarib ketgan edi. Ko'kragini tutib qimir etmay turar ekan, Sayyoraning sochlari engagiga tegib, butun badanini jimirlatardi, yoqimli hidi dimog'iga urilardi.
Tugmani qadab bo'lib, ipni tishlab uzish uchun Sayyora egildi. Shu tob uning issiq yuzi Abdullaning ochiq ko'kragiga tegdi. Abdulla o'zini tutib ololmadi. Uni quchoqlab, bo'ynidan, qulog'idan o'pa boshladi. Sayyora boshini ko'tarmadi, og'irligini unga tashlaganicha, bir daqiqa uning quchog'ida yotib qoldi. Koridorda nimadir taraqlab ketdi.
- Voy, choynak! - dedi o'ziga kelib Sayyora va sakrab o'rnidan turib eshikka otildi.
Abdulla hayajonini bosolmay, joyidan qimirlamadi. Uni yangi hayot, yangi orzular quvonchi qamrab olgan edi. U hech mahal shunday bo'lishiga ishonmagan, xatto hayoliga ham keltirmagan edi. Sayyora uning uchun shu kungacha chiqib bo'lmaydigan qoyaning ustida edi. Bugun esa, bugun u shu qoyaga chiqdi. Ha, - dedi u ichida o'zidan mamnun bo'lib. - Men niyatimga yetaman, hammaning menga havasi keladi!.
Ikkiga bo'lingan choynakni ko'tarib, Sayyora kirdi. U aybdor qiyofada jilmaydi.
- Bu yaxshi. Bu baxtdan nishona. Ruslar shunday deydi,
U o'rnidan turib Sayyoraning oldiga bordi. Choynak bo'laklarini qo'lidan olib, stolga qo'ydi-da:
- Ishonasanmi shunga? - dedi. Sayyora boshini qimirlatdi va so'radi:
- Boshqa damlaymi?
- Yo'q, - dedi Abdulla va uni qo'llaridan ushlab o'ziga tortdi.

#FFFF80 XVI

#white Mingbuloq jamoasining idorasida majlis ketardi. Bu odatdagi majlislardan bo'lmay, unga qishloqning barcha qiziqqan kishilari chaqirilgan edi. Chamasi ikki yuz kishi sig'adigan, klub deb atalmish shiftining qamishlari chiqib yotgan zal odamlarga to'lgach, Nurmat aka Samadga imo qilib, boshla, dedi. Samad sahnaning o'rtasida turgan stolga yaqinlashdi. Uch xil baland-past binoning maketiga bir qarab qo'yib, zalga murojaat qildi.
- O'rtoqlar, bugun majlisimizda bitta masala ko'riladi. U ham bo'lsa qishlog'imizning kelajagi.
Mingbuloq yigirma-o'ttiz yil oddin qanday bo'lsa, hozir ham deyarli shunday turibdi. Mana o'zingiz o'tirgan xo'jalik idorasi. Urushdan avval ham shu bino idora edi. Hozir ham. Tashqaridan qaragan odamning ko'ngli ozadi. Qishloqdagi boshqa uylar, qing'ir-qiyshiq ko'chalar-chi? Endi shunday loy tomli, pastak uylarda yashash uyat. Agar pulimiz bo'lmaganda boshqa gap edi. Men yana qaytarib aytaman, pulimiz hozir yangi qishloq qurilishini boshlashga yetadi, Mana, ko'z oldinglarda yangi Mingbuloqning taxminiy maketi, - Samad maketni qiyshaytirib zaldagilarga ko'rsatib chikdi. - Bu maketni o'zimizning yosh me'mor, Yusuf akamizning qizlari Gulchehra yasagan. Qurilishni ham uning o'zi boshqaradi. Rahbariyat shunga qaror qildi.
Zalda qarsak ko'tarildi.
- Umringdan baraka top! - degan ovozlar eshitildi.
- Hozir, - gapni davom ettirdi Samad, - so'zni Gulchehraga bersak. Yangi Mingbuloqning qanday bo'lishini yaxshilab tushuntirib bersa, keyin muhokamaga qo'ysak? Qarshilik yo'qmi?
- Yo'q.
- Eshitaylik!
- Bo'lmasa so'z Gulchehra Saidovaga!
Nurmat aka bilan otasining o'rtasida o'tirgan Gulchehra uyalib o'rnidan turdi va gapiraveraymi? degandek, raisga qaradi.
- Bemalol. Ko'nglingdagi borini gapir, - dedi Nurmat aka.
Gulchehra maket yoniga keldi. U uyda majlisga tay-yorlanar ekan, gapni nimadan boshlashni va nima bilan tugatishini ham o'ylab qo'ygan edi. Lekin hozir uiga ko'zlarini tikib turgan odamlarga qarab o'zini yo'qotib qo'ydi. Hatto ichida: Xudo, o'zing sharmanda qilmaginda, deb yubordi. Nimadan boshlash kerak? Kunduzi Samad bilan uchrashganda hammasini kelishib olgan, nima deyishini aniq bilardi. Hozir esa hamma gap hayolidan ko'tarilib ketdi.
Zal to'lqinlana boshladi. Kimdir yo'talib ham qo'ydi. Gulchehra gapini o'ylab, birma-bir zaldagilarga qarab chiqar ekan, deraza tokchasida o'tirgan Alisherga ko'zi tushib qoldi. Alisher uning qiynalib turganini ko'rib, gapiravering, nimadan cho'chiysiz? degandek ko'zini qisib qo'ydi. Gulchehraga bu dalda bo'ldi. Ukasidan ko'z uzmay, sekin gapini boshladi.
- Bu maket mening diplom ishim bo'ladi. O'rtoqlarim katta-katta binolarning, butun rayonlarning maketlarini chizishyapti. Men o'z qishlog'imni tanladim. Ko'pdan beri Mingbuloqning yangi qiyofasini ko'rishni, chang, tor ko'chalar, yerto'lalarni eslatuvchi uylar o'rnida keng ko'chalar, chiroyli imoratlarni orzu qilardim. Shu orzumni mana shu maketga tushirdim. Bu maket, albatta, mukammal emas, xato, kamchiliklari ko'p, buning ustiga mening birinchi mustaqil ishim...
Gulchehra to'xtab qoldi. U hayajonlana boshlaganidan gapini yo'qotib qo'ygan edi.
- Gapiraver, qizim, qulog'imiz senda, - dedi bir chol birinchi qatordan.
- Kamchiligi bo'lsa, qo'rqma. Hasharga chaqirsang, tuzatamiz! - qichqirdi orqada kimdir.
- Kamchiliksiz ish bor ekanmi! Gapiraver! - uni quvvatladi yana kimdir.
Gulchehra ukasiga qaradi. Alisher ikki ko'zini unga tikib, jilmayib turardi.
- Qani bo'la qol, qizim! - dedi Nurmat aka unga dalda berib.
- Yangi Mingbuloq qanday bo'lishi kerak? - davom etdi o'zini tutib olib Gulchehra. - Mana bu maketda uning bir qismi ko'rsatilgan. Mana bu to'rt kavatli bino xo'jalikniki. Biz Nurmat aka bilan kelishib, uni madaniyat saroyi deb atadik. Hozir hech qanday qishloqni shunday madaniyat saroyisiz tasavvur qilib bo'lmaydi, yoshlar ko'p. Kechqurun ular doim dam oladigan, bilimlarini oshiradigan, kino, konsert, teatr ko'radigan bir joy bo'lishi kerak. Maketdagi bino ana shunaqa joy bo'ladi.
- Qachon? - qichqirdi kimdir.
- Uch-to'rt yil ichida, - javob berdi Gulchehra. - Madaniyat saroyi orqasiga kanal tushadi. Keyinchalik borib bu yer qishloq markaziga aylanadi. Uning oldidan katta ko'cha o'tadi. Bu ko'cha bir tomondan Qo'qon, ikkinchi tomondan Oltiariq bilan tutashib ketadi. Madaniyat saroyining o'ng tomonida, mana ko'ryapsizlar, xo'jalikning yangi idorasi. Bu ikki qavatli bino qurilishi ham shu yillar ichida ishga tushadi. Chap tomondagi tepasi ayvonlik manavi bino Mingbuloq mehmonxonasi. Shunday qilib, qishloq markazida mana shu uchta katta bino bo'lib, ularning o'rtasi fontanli bog' bo'ladi. Bu bog' kanalgacha cho'zilib keladi.
- Menda savol bor? - dedi zalning o'rtasidan bir mo'ysafid turib.
- To'xtang, ota! Gapini tamomlasin!
- Gapini keyin gapiraveradi. Hozir so'ramasam, esimdan chiqib qoladi.
- Mayli, so'rang, - dedi Gulchehra, - nima deysiz, ota?
- Aytayotganlaringning hammasi yaxshi, bolam. Shu imoratlarning hammasi kerak. Lekin sen menga boshqa narsani ayt. Bizning uylar nima bo'ladi? Kecha nevaram gap topib keldi. Nima deysiz, buva, Mingbuloq buzilarmish, ko'p qavatli uyda turarmishmiz! To'xta, - dedim, - bu nima degan gap? Tuppa-tuzuk uyimiz bo'lsinda, hamma bir-birining ustiga mingashib yashasin? Bu bo'lmagan gap. Qaysi bir yili Toshkentga tushganimda, meni bir joyga janazaga olib borishdi. Uyga odam sig'madi, janazani ko'chada o'qidik. Bu ham mayli. Tovutni arqon bilan derazadan tushirilganini aytmaysanmi? Men Mingbuloqda ham shunday bo'lishini istamayman. O'zbekka bir parcha yer kerak. O'zbekka bitta bo'lsa ham daraxt ko'karib turgan joy kerak. Hojatxonaga chiqsa ham hovliga chiqsin-da, o'zbek. Nima dedinglar?
- To'g'ri, ota, to'g'ri!
- Bor ekansiz-ku, Qobiljon aka! - degan ovozlar yangradi.
- Qobiljon aka, - dedi Samad, - shuncha gapingiz bor ekan, keyinroq gapirsangiz bo'lar edi.
- E, bolam, esimdan chiqib qoladi, deyapman-ku! Xo'sh, qizim, qani ayt-chi, nevaram haqmi? Rostdan shunaqa uy qurasanmi?
- Hozir, hozir, ota, - dedi uning gaplarini kulib turib eshitgan Gulchehra. - Men ham siz qanday o'ylasangiz, shunday o'ylayman. Hozir javob beraman. Shunday qilib, shu uchta bino tushadigan joy qishloq markazi bo'ladi. Uning atrofida to'rt tomonga to'rtta ko'cha tushadi. Ko'chalarning atroflariga turar joy binolari quriladi. Mana bu yerda shu turar joy binolarining ikkita maketi bor. Bu, albatta, taxminiy maket. Ko'ryapsizlarmi, ko'chaga qaragan to'rt oynali uy, uning orqasi hovli. Hovlining jamoa yeriga joylashgan joyi qator hujra... Mingbuloqda ko'p qavatli turar joy binolari qurib bo'lmaydi. Hozircha mana shu uylar kifoya. Qobiljon ota, mana qarang, bu uylar shunday bo'ladi: oldi ayvon, uch xona, bir dahliz. Yo bo'lmasa, to'rt xona, bir dahliz. Ko'chaga esa, xohlang eshik, xoxlang darvoza quring.
- Qobiljon akaga darvoza kerak. Tobut eshikdan chiqmasa, nima qiladi?
Zalda kulgi ko'tarildi.
- Shunday qilib, - gapini yakunladi Gulchehra, - maketda asosan qishloqning markazi ko'rsatilgan. Shuning o'zi ham ancha yilga cho'ziladigan ish.
Gulchehra joyiga borib o'tirdi. Nurmat aka, ma'qul, degandek unga qarab boshini qimirlatib qo'ydi.
- Yasha, - dedi Yusuf aka. - Gapga ham tuzuk ekansan-ku?
Gulchehra jilmaydi.
- Xo'sh, qani, kimda savol bor? - Samad stolga qalam urib zalga murojaat qildi.
- Menda bor! - dedi ikkinchi qatordan gavdali bir ayol ko'tarilib. - Yangi qishloqda yasli bo'ladimi? Nega bu haqda indamaysizlar? Yo bolani orqamizga tutib ishlayveramizmi?
- Bo'ladi! - dedi Nurmat aka joyida turib. - Birinchi navbatda oltmish kishilik yasli quramiz. Bu rejaga kirmagan. Chunki yaslining qurilishi shu yiliyoq boshlanadi.
- Ko'nglingiz to'ldimi, Karomat opa?
- Manavi boshqa gap.
- Yana qanday savol bor?
- Menda!
Alisherning yonida turgan bir bola qo'lini ko'tardi.
- Nima deysan?
- Madaniyat saroyi bitganda, har kuni kino bo'ladimi, yo hozirgidek uch-to'rt oyda birmi?
- Kuniga ikki mahal. Yaxshimi? Bola iljaydi.
- Yana kimda savol bor?
- Men bir narsaga tushunmayapman, - birinchi qatorda o'tirgan mo'ysafid o'rnidan turdi. - Unday bo'ladi, bunday bo'ladi, deyapsizlar! Yaxshi. Bo'lsin. Idorani ham, tomosha binoni ham jamoa xo'jaligi quradi. Bunga aklim yetib turibdi. Lekin turar joylarni kim quradi? Kimning puliga quradi? Shuni tushuntir.
Samad Nurmat akaga gapirasizmi? deganday qarab qo'ydi. Nurmat aka maket yoniga keldi.
- Gapingiz to'g'ri, Muqim aka. Jamoa xo'jaligi hammaga tekin imorat qurib berolmaydi. Lekin biz maslahatlashib shunday bir fikrga keldik. O'ttiz-qirq kishidan iborat qurilish brigadasi tuzsak. Shu brigada faqat uy qurish bilan shug'ullansa.
- Pulni kim beradi, pulni?
- Hozir, - Nurmat aka qo'lini ko'tardi. - Pulni kuchi yetganning o'zi beradi. Kuchi yetmaganga xo'jalik. Uch-to'rt yilda qarz uzilib ketadi. Daromadidan bosib qolinadi. Mana sizning o'zingizni olaylik. O'zingiz ishlaysiz, o'g'lingiz, keliningiz. Ikki kishining daromadi xo'jalikka sarf bo'lsa, bittangizniki yangi uyga ketadi. Sizniki ketadigan bo'lsa, bir yildayoq uzilasiz. Qalay, ma'qulmi?
- Ma'qul ham gapmi? - dedi mo'ysafid. - Birinchi qilib meni xatga tirkab qo'y. Uyga egilib kiraverish jonimga tegdi.
Kulgi ko'tarildi.
- Qani, kimda yana?
- Mumkinmi?
Savol-javob allamahalgacha davom etdi. Gulchehra kichkina maket shuncha gap-so'zga sabab bo'lishini kutmagan, hozir dadasi va Samadlar bilan uyiga qaytar ekan, o'zida yo'q shod edi. Yarim yo'lga kelishganda, Yusuf aka nimadir esiga tushib, orqasiga qaytdi. Ayangga aytib qo'y, darrov kelaman, - dedi-yu Nurmat akani axtarib ketdi. Gulchehra Samad bilan yolg'iz qoldi.
- Hursandmisan endi? - so'radi Samad.
- Juda ham, - dedi Gulchehra. - Bunday bo'ladi deb sira o'ylamagan edim.
- Men ham. Odamlar yaxshi yashashni istab qolishdi. Endi, qornim to'ysa bo'ldi, degan gap qolib ketdi.
- Loydan yasagan qal'amiz esingdami? - so'radi Samad, uning tirsagini ushlab. - To'rt darvozali, ikki qavatli qal'a... Lekin uni o'shanda kimdir buzib yuborgan edi. Endi hech kim buzmaydi. Sening uylaring bilan endi odamlarning o'zi qiziqib qolishdi.
- Ha, - dedi Hayolchan ohangda Gulchehra.
Loy qal'a uning xotiridan sira chiqmaydi. Ancha bo'ldi bunga. Ikkinchimi, uchinchi sinfda o'qirdi o'shanda. Darsdan keyin mol boqib yurib, bolalar ariq labida hammompish! o'ynashdi. Gulchehra ham o'ynadi. Keyin, o'zi sezmay, loydan nimadir yasay boshladi. Samad ham unga qo'shildi. Gulchehra devor ko'tardi, Samad uning nima yasayotganini sezganday qator darcha ochdi. Keyin devorning to'rttala burchagiga minora qurishdi. Minoralarni qamish bilan bir-biriga ulab, tagiga darvoza o'rnatishdi.
- Bu sening uying, - dedi Gulchehra jiddiy ohangda qal'aga tikilib.
Bizning uyda darvoza yo'q, - dedi Samad.
- Katta bo'lganingda qurib olasan.
Bolalar qal'a ustiga yana nima kurishni o'ylab, uzoq turib qolishdi. Lekin hech narsa topisholmadi. Kech kirdi. Bolalar tarqalishdi. Gulchehra uyda ham qal'a ustiga nima o'rnatishni o'yladi. Nihoyat topdi. Ertalab u hursand bo'lib, Samadlarnikiga yugurdi. Ikkalovi shosha-pisha to'g'on boshiga kelishdi. Ammo kechagi tizza bo'yi qad ko'tarib turgan qal'a buzilib yotardi. Kimdir uni tepkilab yer bilan bitta qilgan edi. Hali yaxshi qurimagan loyda etik nag'allarining izi turardi.
Gulchehra yig'lab yubordi.
- Yig'lama, - dedi Samad tishini tishiga qo'yib. - O'zim yangisini yasab beraman.
U shunday ham qildi. Avvalgidan katta qal'a qurdi. Lekin baribir Gulchehraning alami anchagacha bosilmadi.
Gulchehra shuni eslab borar ekan, minnatdorlik bilan Samadga qarab qo'ydi. Haqiqiy do'st shunday bo'ladi. Mana, Samad hozir ham uni quvvatlab kelyapti, undan yordamini ayamayapti.
- Bilasanmi, men hali yangi uy qurmoqchiman. Shiyponlik, darvozalik...
- O', to'y yaqinmi?.. - so'radi Gulchehra.
- Agar rozi bo'lsa yaqin, rozi bo'lmasa...
- Kim ekan o'sha rozi bo'lmaydigan? Men bilamanmi?
- Ha, - dedi sekingina bosh irg'atib Samad.
- O'zi nima deydi? Gaplashdingmi?
- Yo'q. Gapiraman deymanu, tilim bormaydi...
- Shunchalik uyatchangmisan? Bilmagan ekanman.
- Gap uyatchanglikda emas.
- Nimada?
- Bilasanmi, u shunaqangi yaxshi odamki, o'zini shu qadar menga yaqin tutadiki, bu haqda og'iz ochgani qo'rqaman. Balki hafa qilib qo'yarman, balki yoqmasman...
- Sen yoqmaydigan qiz kim ekan? Mingbuloqdanmi?
- Ha. Mingbuloqdan. Birga o'qiganman, birga ishlayapman...
Gulchehra qishloqdagi barcha qizlarni bir-bir ko'z oldiga keltirib chiqdi, lekin birontasini Samadga yaqinlashtira olmadi.
- Kim ekan? - dedi nihoyat uning o'ziga muroja-at qilib.
- Aytaymi?
- Ha.
- Sen.
Gulchehra qizarib ketdi. U bunday javobni hayoliga ham keltirmagan edi. Bechora Samad!
- Hafa qildimmi? - so'radi Samad xavotirlanib.
- Yo'q, yo'q, - Gulchehra to'xtab qoldi. - Lekin... Lekin men... sen... yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas.
- Bilaman, senga Abdulla yoqadi. Gulchehra yalt etib unga qaradi.
- Qayerdan bilasan? - so'radi shoshib Gulchehra. Nahotki ko'rgan bo'lsa?. U shuni o'yladi-yu, tolzor esiga tushdi va qo'rqib ketdi.
- U kelganda juda boshqacha bo'lib ketasan.
- Shumi? - Gulchehra yengil nafas oldi.
- Shuning o'zi ham katta gap.
- To'g'ri men uni... men uni yaxshi ko'raman.
- U-chi?
- U ham. Ko'pdan beri.
Gulchehra shunday dedi-yu, sevinib ketdi. Abdullaning bo'lgani va ular bir-birini yaxshi ko'rgani qanday yaxshi! Yaqinda uchrashishadi, oz qoldi, keyin doim birga bo'lishadi. Bundan ham katta baxt bormi! Lekin, lekin bechora Samad... Unga qiyin. O'zi juda yaxshi yigit. Balki boshqa birovni sevib qolar? Qishloqda yaxshi qizlar ko'p. Nurmat akaning qizi-chi? Biram chiroyli, biram yoqimtoy!
- Meni kechir, Samad, - dedi Gulchehra uni yupatishga intilib. - Hech narsa deyolmayman.
- Yo'q, sen kechir. Gapirmasam bo'lar edi. Shunday bo'lishini kutgan edim, kechir... Xo'p, mana uyingga ham yetib keldik.
Samad darvoza qarshisida to'xtadi. Gulchehra qo'lini uzatdi.
- Xayr.
- Xayr, - Samad uning qo'lini omonatgina siqib, tez orqasiga burildi.
- Samad!
- Nima?
- To'xta,- Gulchehra yugurib uning oldiga bordi. - Mendan hafa bo'ldingmi?
- Yo'q, - Samad xomush jilmaydi. - Nega hafa bo'lar ekanman? Yosh bola emasmiz. Xayr.
Lekin Gulchehra uni qo'yib yubormadi.
- Baribir o'rtoq bo'lib qolamiz-a? Men seni o'zimning eng yaqin do'stim deb bilaman.
- Men ham. Xayr. Oramizda hech qanday gap bo'lgani yo'q deb hisoblayver.
Bolasiz odam bolaning qadrini biladi. Keyin o'zining mehribonligini ko'ryapsanmi? Senlarni ko'rganda oyoqlaringga yiqilib poyondoz bo'laman deydi, - degan gaplari ham unga ta'sir qilmasdi. Lekin bir voqea sabab bo'lib, ular bir-birlariga yaqin bo'lib ketdilar. Kelganiga bir yil bo'lganda yig'im-terim oldidan Zumrad opa bir haftaga Oltiariqqa borib, akasini ko'rib kelmoqchi bo'ldi-da, Alisher bilan yo'lga otlana boshladi. Gulchehra ukasini yuborishni istamasa ham, otasi rozilik bergani uchun, indamadi. Bir hafta bilinmay o'tib ketdi. Qaytib kelishganda u ukasini tanimadi. Oyog'ida yangi tufli, egnida yoqasiga uqa tutilgan ko'ylak, jun matodan shim... Eng muhimi, rangi qip-qizil mag'izdek.
Alisher uni ko'rishi bilan opa! deb quchog'iga otildi.
- Maza bo'ldi, opa! Rosa o'ynadim. Ayamlar keyin shaharga olib tushdilar. Kiyimlarimni qarang.
- Muborak bo'lsin. Muncha yaxshi! Kim olib berdi?
- Ayamlar, - dedi g'urur bilan Alisher.
- Yaxshimi? - so'radi ularga jilmayib qarab turgan Zumrad opa.
- Judayam yaxshi, aya! - deb yubordi to'lqinlanib Gulchehra va uni mahkam quchoqladi.
Zumrad opa yig'lab yubordi. U Gulchehrani bag'riga bosib sevinar, lekin ko'zidan shashqator oqayotgan yoshlarini to'xtata olmasdi. Shu-shu ularning orasidan qil o'tmaydigan bo'lib ketdi.
... Zumrad opa issiq oshni uning oldiga qo'yar ekan, so'radi:
- Dadang qanilar?
- Hozir kelib qoladilar. Nimadir eslariga tushib, Nurmat akani qidirib ketdilar.
- Yaxshi bo'ldi de-a?
- Juda ham. Nurmat aka, o'zing bosh bo'lib qurdirasan, deyaptilar. Lekin hali bunga ancha bor. Hali institutda nima deyishadi, bilmayman.
- Aytganday, - dedi o'rnidan turib Zumrad opa. - Senga telegramma keldi.
- Qani? - shoshib so'radi Gulchehra Abdulladan deb o'ylab.
- Mana, olib qo'yibman.
Zumrad opa derazaga qistirilgan qog'ozni olib, unga uzatdi. Gulchehra apil-tapil qo'llarini artib, telegrammani o'qiy boshladi. O'qib bo'lib, avval hayron bo'ldi. Keyin yangitdan o'qib chiqdi va birdan hoholab kulib yubordi.
- Ha, nima ekan? - so'radi Zumrad rpa.
Gulchehra o'zini kulgidan to'xtata olmay, javob o'rniga telegrammani uzatdi. Unda shunday yozilgan edi: Hurmatli o'rtoq Saidova! Yoshlik kompleks binosining jyuri a'zolari sizning loyihangiz bilan tanishib chiqdi. Jyuri sizga shu loyiha uchun birinchi mukofot berilishini loyiq topdi... Konkurs shartiga muvofiq, kelgusi yilda boshlanadigan qurilishda siz ishtirok etishingiz kerak. Sizni qiziqtirgan barcha masalalar bilan quyidagi manzilga murojaat qiling: Shahar loyiha instituti.
Gulchehra quvonchining cheki yo'q edi. U endi arxitektor! Uning loyihasini qabul qilishdi! Mukofot berishdi.
- Nega gapirmaysan? Menga ham ayt! - dedi Zumrad opa.
Gulchehra uni quchoqlab cho'lpillatib yuzidan o'par ekan, telegrammaning mazmunini aytib berdi.
- Nima, endi ketib qolasanmi?
- Hozir emas. Chaqirishganda. Innaykeyin, tez qaytaman. Yarim yilcha-da, aya! Bu juda katta gap! Ishonmaysizmi?
- Ishonaman. Nega ishonmas ekanman. Mayli, omon bo'l ishqilib.
Gulchehra telegrammani yuziga surtib o'pa boshladi. Orzusiga endi yetdi u! Juda tez yetdi! Samad eshitsa-chi, o'zi hursand bo'ladi. Dadasi-chi? U ham. Hamma hursand bo'ladi. Darhol Abdullaga yozishi kerak. Qanday sevinib ketar ekan eshitib?! U shunday hayol bilan ovqati ham chala qolib, o'z xonasiga yugurib kirib ketdi.
Abdulla, - deb boshladi u xatni. - Ikki kun bo'lgani yo'q sizga xat yozganimga. Lekin yana yozgim keldi. Bugun shodligimning chegarasi yo'q. Mingbuloq maketi qabul qilindi! Shundan boshim osmonga yetib, uyga kelganimda yana bir quvonchli xabarning ustidan chiqdim. Yoshlik kompleks mehmonxonasi uchun yuborgan loyiham birinchi mukofot olibdi. Hozir qo'limda shu telegramma-ku, sevinchimni ichimga sig'dirolmay sizga yozayapman. Hursandmisiz? Siz yaxshi ko'rgan qiz aqlli chiqib qoldi. Lekin uning yutuqlardan boshi aylanmaydi. U sizga o'xshashga, hamma narsaga jiddiy, sokin qarashga harakat qiladi va sizni sog'inib kutadi. Siz kelganda men Toshkentda bo'larman. Chunki qurilishda mening ishtirok qilishim shart ekan. Jyuri shunday yozibdi. Shu bilan xatim tamom. Dadam kelyaptilar!..
Xatingizni intizorlik bilan kutuvchi Sizni sog'ingan Gulchehra. 
