#FFFF80 VI

#white Bu uchrashuv va keyingi kunlardagi boshqa qator uchrashuvlar ikkalovining ham hayotini o'zgartirib yubordi. Ular kun bo'yi tungi sayil, shirin suhbatlar kayfi, rohati bilan yurishar va tezroq qosh qorayishini orziqib kutishardi. Endi ularni nimani gapirish, o'zini qanday tutish kabi savollar qiynamas edi. Ular qayerda uchrashishni, qachon uchrashishni ham Hayollariga keltirishmasdi. Soat ham, joy ham aniq. Faqat hech kim ko'rmasa, qorong'i bo'lsa bo'ldi. Endi ular uchun tunning ajoyib, sehrli fazilati ochilgan, u endi ikki qalbni uchrashtiruvchi qudratli kuch, cheksiz shodlik, shirin Hayollar, orzu-umidlar bulog'i edi.
Ular qishloqqa tun cho'kkanda uydan chiqardilar. Ularning uchrashadigan joylari yo to'g'on boshi, yo unga yaqin katta-kichik buloqlar yaltillab turgan tolzor, yoki bo'lmasa olmazorning etagi edi. Shu yerlardagi har bir so'qmoq, har bir tosh endi ularga tanish va qadrdon bo'lib qolgan edi. O'zimizning tosh, o'zimizning buloq, bu so'zlar endi ikkalovi uchun yangi mazmun kashf etgan, har bir joy endi ikkalovi uchun unutilmas tarixdek bo'lib qolgan edi.
Biroq Abdulla ham, Gulchehra ham qanchalik shod, qanchalik baxtli bo'lishmasin, uyga qaytganlarida nimadir yuraklarini g'ash qilayotganini payqashardi. Bu g'ashlik oldingi kunlari uncha sezilmasa ham, Abdullaning jo'nashi yaqinlashganidan keyin ochiq namoyon bo'la boshladi. Bu yog'i nima bo'ladi? Nima qilishadi? Bu savollar borgan sari ko'proq ikkalovini o'ylatadigan bo'lib qoldi... Ammo ular qancha o'ylashmasin, aniq bir fikr yiltillab ko'rinmas, kelajak go'zal bo'lsa ham, tundek qorong'i edi.
Nima qilish kerak? - o'ylardi Gulchehra uyga kelishi bilan va ko'pincha savoliga javob topolmas, to'satdan kelgan baxt umri qisqa bir tushdek tuyulib, uni qayg'uga solardi. Uning ahvoli Abdullaga qaraganda ancha qiyin edi. Garchand haligacha Toshkentga borish-bormasligini uzil-kesil aytmagan bo'lsa ham, qishloqda qolishini u aniq bilardi. Shuning uchun qiynalardi. Ochiq aytib, ko'ngilni bo'shatishni esa, negadir istamasdi. Uning nazarida shunday deyishi bilan Abdulla o'zgarib, aloqalari uzilib qoladigandek tuyulardi. Bundan u qo'rqardi. Ikki-uch kun ichida yuragini butunlay egallab olgan Abdulla unga juda aziz va qadrdon bo'lib qolgan edi. Lekin u qishloqdan chiqib ketolmaydi. Har doim uyga kirib, to'rda rangi za'faron bo'lib yotgan onasini ko'rar ekan, bu fikrining qat'iyligiga ishonardi. Saodat opaning ahvoli chindan ham og'ir edi. O'tgan yili bahorda u shamollab, besh-olti kun yotib qoldi. Keyin tuzalib ketdi. Ammo o'qtin-o'qtin boshi og'riydigan, ko'ngli ayniydigan bo'lib qoldi. Tuzalib ketar-tuzalib ketar bilan beparvo yurib, kuzga kelganda yana yotib qoldi.
Yusuf aka uni Qo'qonga olib borgan edi, kasalxonada olib qolishdi. Kuzatish-tekshirishlardan so'ng uning oshqozonida rak borligi anikdandi. Ne-ne shifokorlar ko'rdi, lekin Saodat opa birdek edi. Ishtahasi yo'qolgan, ozib, terisi suyaklariga yopishib qolgan edi. Yusuf aka doktorlar bilan maslahatlashib, qishda uni Toshkentga olib bordi. Bu yerda ham rakligi aniqlandi. Katta-katta doktorlar Yusuf akaning mo'ltiragan ko'zlariga qarolmay, ojizmiz degan boshlarini quyi solishdi. Lekin Saodat opadan kasalini yashirishdi. Qishloqda ham hech kimga aytishmadi. Saodat opaning rakka yo'liqqanini faqat to'rt kishi - Yusuf aka, rais - Nurmat aka, Gulchehra va Obid akagina bilardi. To'rttalovi ham bechora ayolni ko'rishi bilan yuraklari ezilar, ko'pincha tashqariga chiqib, o'zlarini tutolmay yig'lashardi. Ayniqsa, Yusuf aka ko'p azob tortardi. Urushdan yangi qaytganda Saodat opa uning kiyimlarini kiyib, traktor haydardi. Gulchehra besh yashar bola edi o'shanda. Umuman, chapani, janjalkash odam u bilan turmush qurgandan so'ng, butunlay boshqacha bo'lib qolgan, Saodat opa uning uchun ham xotin, ham ona, ham davlat edi. Xullas, hozir nimaga ega bo'lgan bo'lsa, hammasiga Saodat opaning maslahatlari bilan erishgan edi. Buni u yaxshi bilardi va xotinini jonidan ham ortiq sevardi. Shuning uchun deyarli har kuni yarim kechagacha tepasida o'tirar, kunduz kunlari esa bir necha marta kelib xabar olib ketardi.
Ularning baxtiga Gulchehra bor ekan, ikkaloviga balogardon hozir u edi. Uyning yumushlari ham uning boshida bo'lib, kun bo'yi tinmasdi. Er-xotin ba'zan sahargacha ko'z yummay yotishar ekan, uni o'ylashar, uning borligi bilan faxrlanishar edi.
Bir kuni Gulchehra uyga odatdagidan kech qaytdi. O'sha kuni Abdulla ikkalovi bolaliklarini eslab, oldi hovuz shiyponni qidirib ketib qolishgan edi, Gulchehra darrov yuzini chayib, ayasining oldiga kirdi. Deraza tagida ukasi Alisher hurrak otib uxlab yotardi.
- Kech qolib ketding? - dedi Saodat opa so'lg'in ko'zlarini unga tikib.
Gulchehra darrov bugun uydan nima bahona bilan chiqib ketganini esladi.
Saodat opa charchadi shekilli, og'ir xo'rsinib, ko'zlarini yumdi. Gulchehra uni faqat qoshlarigina qorayib turgan, oppoq, rangsiz yuziga tikilar ekan, nima demoqchi ekanligiga tushunmasdi.
- Nima demoqchisiz, aya?
- Hozir... Guli, dadang bilan gaplashdim. O'sha yangi chiqqan doktor ko'rsa, men tuzalib ketaman. Mabodo tuzalmasam, bu yog'i... bu yog'i oz qoldi.
- Nima deyapsiz, aya?! - jerkib berdi Gulchehra.
- Eshit. Bu yog'i oz qoldi. Tashvishdan, azobdan qutulaman. Dadang ham rozi. Sen bor. O'qi. Qo'qonga borasanmi, Toshkentga borasanmi - o'zing bilasan. Toshkentga borganing ma'qul. Qosimjon bor... Innaykeyin... Zovut ayaning nabirasi... Yolg'iz bo'lmaysan...
- Aya!..
- Bor. Biz dadang bilan o'qimadik. O'qiyolmadik. Dadang urushga ketib qoldi. Men ish bilan bo'ldim. Lekin o'qigan qizlarni ko'rsam, havasim kelardi. Dadang yaxshi odam. Urushdan qaytganida, sen o'qi, dedi.
Besh yil tez o'tib ketadi, kutaman, dedi. Men, yo'q, dedim. Uni yolg'iz tashlab ketgani ko'zim qiymadi... Sen o'qi.
Gulchehra onasidan bunday gaplarni sira kutmagan edi. U onasini yaxshi bilardi, lekin bunchalik bag'ri kengligini hayoliga keltirmagan, aksincha, ittifoqo ketmoqchi bo'lsam, yubormaydilar, deb o'ylab yurardi. Shuning uchun bo'lsa kerak, hozir uning chakka suyaklari bo'rtib turgan za'faron chehrasiga tikilar ekan, xo'rligi kelib, ko'zlariga yosh quyildi.
- Muncha yaxshisiz, aya! - u o'zini onasining ko'kragiga yashirib muzdek peshanasini, erta oqargan sochlarini silay boshladi. - Muncha yaxshisiz?! Ketmayman hech qayoqqa! Sizni kimga tashlab ketaman? O'qish bir gap bo'lar. Sirtdan o'qiyman. Yilda ikki-uch marta borib kelaman institutga. Keyin, oz qoldi, demang, aya. Odam qo'rqadi. Siz hali ko'p yashaysiz! Tuzalib ketasiz!..
- Koshki edi, Guli...
Saodat opa qurigan oppoq qo'llari bilan qizini quchoqladi, yuz-ko'zlarini siladi.
- Shundoq dersan devdim o'zim ham, Guli... Lekin menga o'xshashingni istamayman. Sening boshqalardan qayering kam? Aqlli, esli-hushlisan, har qanday o'qishni eplab ketasan? Yo'q, dema, bor. Dadang ham rozi.
- Yo'q, aya. Ketmayman.
Saodat opaning ko'zlarida yosh ko'rindi.
- Yig'lamang, aya. Hamma aytganlaringiz bo'ladi, qammasi bo'ladi. Mana ko'rasiz, yig'lamang.
- Yig'layotganim yo'q.
Saodat opa jilmayishga harakat qilib, ko'zlarini arta boshladi. Gulchehra uning ko'm-ko'k tomirlari bo'rtib turgan qo'llariga qarab, Qanday tashlab ketaman? Shu ahvolda tashlab ketib bo'ladimi? deb o'ylardi va yupatishga intilardi.
- Bilasizmi, aya? - dedi u bir mahal. - Bugun juda g'alati tush ko'rdim. Aytib beraymi?
- Hm, - boshini qimirlatdi Saodat opa.
- Eshiting. Ertalab ekan. Dadam hovlida yuz-qo'llarini yuvayotgan emishlar. Alisher ko'chada, oftobda o'tirgan emish. Siz o'choq boshida nimadir pishirayotgan emishsiz. Men bo'lsam, men nima qilayotganimni bilmayman. Bir mahal dadamlar chaqiribdilar...
Gulchehra dadasining ovoziga o'xshatib, yo'g'on ovozda qichqirdi.
- Hoy! Ovqatlaringdan darak bormi?
Uning ovozi juda kulgili chiqdi shekilli, Saodat opa kulib yuborgan edi, yo'tal tutdi. Gulchehra to'xtab, uning ko'kragini bosdi.
- Gapiraver... - dedi Saodat opa ro'molchasini silkitib.
- Shunda siz, hozir! dedingizu, bir lagan shirguruch olib keldingiz. Keyin dadamlar hammamizni ko'chaga olib chiqdilar. Ammo ko'cha yo'q edi.
- Shu o'zimizning ko'cha-ya? - so'radi ko'zlarini ochib Saodat opa.
- Ha, shu ko'cha yo'q. Uning o'rnida katta maydon turgan emish. Maydonning o'rtasida samolyotga o'xshagan oppoq bir narsa.
- Bu nima, deb so'radingiz siz.
- Dirijabl, - dedilar dadamlar. - Atayin senga olib keldim. Sayohat qilamiz. Qani, o'tiringlar.
Hammamiz dirijablga chiqdik. Dadamlar rulga o'tirdilar. Bir mahal dirijabl lopillab osmonga ko'tarildi-da, bulutlarni yorib o'ta boshladi. Juda ko'p uchdik. Siz Alisherni mahkam ushlab olibsiz. Nuqul dadamlarni turtib:
- Hoy bo'ldi. Bolalar qo'rqadi, deysiz. Dadamlar bo'lsa, kuladilar.
Gulchehra bu yog'iga nima deyishini bilmay, to'xtab qoldi:
- Keyin nima bo'ldi? - so'radi Saodat opa. Uning xuddi Gulchehraniki singari yirik qora ko'zlari kulardi.
- Keyinmi? - dedi Gulchehra. - Keyin bir joyga qo'ndik. Bunday qarasak, Moskva ekan. Biram katta, biram chiroyli!.. Birdan nimadir gumburlab ketdi. Shu payt uyg'onib qoldim. Alisher radioni burab yuborgan ekan.
- Yaxshi tush ko'ribsan, - dedi Saodat opa. U qizi bu tushni hozir to'qiganini sezgan bo'lsa ham, bildirmadi. - Tuzalib ketsam, yanagi yilga Moskvaga boramiz. Hammamiz boramiz.
- Hoy! Ovqatdan darak bormi?! - qichqirdi kimdir.
Ikkalovi kulib yuborishdi: Yusuf aka qaytgan edi, Gulchehra yugurib hovliga tushdi.
- Ayang qalay? - so'radi Yusuf aka qizini to'xtatib.
- Kulib yotibdilar... - kuldi Gulchehra.
- A?!
- Ana, kirib ko'ring ishonmasangiz.
Yusuf aka sevinganidan cho'lp etib qizining peshanasidan o'pdi-da, lapanglab uy tomon yurib ketdi.
Xuddi yosh bolaga o'xshashadi, - o'ylardi Gulchehra o'choq boshiga borar ekan. - Ularni tashlab ketib bo'larmidi? Mensiz nima qila olishardi ular? Ketmayman.
Shu payt ko'z oddida Abdulla paydo bo'ldi. Nima bo'ldi o'zi? Nega birdan uning hayoti o'zgarib ketdi? U endi nima qilishi kerak? U faqat ikkita narsani aniq biladi: birinchisi - ketmaydi, ikkinchisi esa - sevib qoldi. Lekin bu sevgi unga nima keltiradi? Uni baxtli qiladimi, yo qayg'uga soladimi - buni u bilmasdi.
Ertasi kuni u Abdullaga onasining gaplarini, o'zini qiynayotgan savollarni batafsil aytib berdi.
Ular kanal yoqasida bir oz aylanishdi. Ikkalovi ham xomush, ikkalovining ham kayfi buzilgan edi.
Abdulla shunday bo'lishini sira kutmagan edi. Endi nima qiladi? Nahotki bor quvonchini shu yerga tashlab ketadi?
- Balki, - dedi Gulchehra bir mahal, - kelasi yilga borarman.
- Nahotki?! - qichqirib yubordi Abdulla.
- Ayamlarga yana bir doktor topishdi. Tuzalib ketsalar, yanagi yilga boraman.
- Gulchehra, jonim...
Abdulla quvonch bilan uni quchoqladi. Lekin Gulchehra darrov o'zini bo'shatib oldi.
- Kutasizmi?
- Bo'lmasa-chi!
Ular shu qarorga kelib xayrlashishdi. Bir yil nima degan gap? Ko'z ochib-yumguncha o'tib ketadi. Bir yildan keyin esa... Abdulla shirin Hayollar og'ushida uyga qaytdi. U shu paytda Gulchehraning yostiqqa yuzini burkab yig'layotganidan xabari yo'q edi.
Ertasi kuni Hojar buvi qishloqning o'ttiz-qirq xotin-qizini yig'ib, beshik to'yi qilib berdi. Obid aka bilan Abdulla rosa charchashdi. Lekin ikkalovi ham shod edi. Abdulla Gulchehra bilan qat'iy ahdlashganiga sevinsa, Obid aka uyda chaqaloqning ovozi eshtilayotganidan boshi osmonda edi. Sevinganidan u, xatto osh suzib tarqatilganda, bitta yarimtalikni ochib, Abdullaga ham ichirdi.
- Jiyan! Seni yaxshi ko'raman. Ishqilib o'g'lim senga o'xshasin. Shunga ichmaysanmi?
Abdulla yo'q deyolmadi. Bir piyolani simirdi.
- Barakalla! - dedi Obid aka. - Dadang xo'p tortardida ilgari. Ichgin demayman, ichma, lekin jiyan, manavinaqa paytda ozgina ichilsa, ziyon qilmaydi.
Birinchi marta ichgani uchunmi, Abdullaning boshi aylandi, ko'zlari qizarib ketdi.
- Mazang yo'q-ku! - dedi kulib Obid aka. - Hozir tuzatamiz. Qani achchiq-achchiq choy ich-chi!
Abdulla tog'asi aytgandek qilib, ancha o'ziga keldi. Xotinlar tarqalishganda esa yo'lga tushmoqchi bo'lib qo'zg'aldi. Uning uyga ketgisi yo'q edi. Lekin uch-to'rt kunga kelgan odam o'n kun qolib ketdi.
- Ayam xavotir oladilar, - dedi u buvisining qistoviga qaramay. - Ketaman.
Obid aka bir nechta sur bedana tugib berdi.
- Dadangga olib bor. Yemasa ham, ko'ngli.
- Kelib turgin, bolam. Jim bo'lib ketmagin?
- Endi tez-tez kelib turaman. Abdulla shunday deb, jilmaydi.
- Shunday qil, bolam, shunday qil, - Hojar buvi hech narsaga tushunmay nevarasining yelkasiga qokdi.
Bir qo'lida chamadon, bir qo'lida tugun ko'tarib, Abdulla yo'lga chiqqanda qosh qoraya boshlagan edi. Kechki poezdga ikki soatcha bor. Gulchehra kelganmikan? U ko'prikdan o'tib, olmazor tomon yurdi. Gulchehra uni shu yerda kutmoqchi edi. Olmazorning etagiga yetganda uning qorasi ko'rindi.
- Keldingizmi? - dedi Abdulla unga yaqinlashib. Gulchehra boshini qimirlatdi. Xuddi birinchi uchrashuvdagidek ikkalovi yana ancha vaqt jim qolishdi. - Kelishdik-a?
- Kelishdik, - dedi qiynalib Gulchehra.
- Borishim bilan xat yozaman.
- Kelasizmi?
Gulchehraning ovozida cheksiz iltijo, muhabbat bor edi. Abdulla buni sezdi va to'lqinlanib:
- Albatta! - dedi.

#FFFF80 VII

#white Har bir oilaning o'ziga xos hayoti, tarixi bo'ladi. Abdullalar oilasining ham ana shunday ham yaxshi, ham yomon fazilatlarga ega bo'lgan hayoti, tarixi bor edi. Bu oila uch kishidan iborat bo'lib, Toshkentning markazida Yangiobod mahallasida istiqomat qilardi. Hovlilari katta, ko'chaga orqa o'girib tushgan uylari baland qasrni eslatardi.
Abdullaning otasi - G'afurjon aka mahallaning obro'li kishilaridan edi. Bironta to'y-ma'raka usiz o'tmas, mahallaning deyarli katta-kichigi ko'pincha uning maslahati bilan ish tutardi. U o'zi asli parkentlik bo'lib, otasi bilan birga tunukasozlik qilgan, eski maktabda ozgina o'qigan, otasining vafotidan keyin Toshkentga kelib, Yangiobodda maktab ochgan o'rtog'i Husanxon akanikida yashay boshlagan edi. Yangi maktabda ham ozgina o'qidi, keyin shu maktabda ho'jalik ishlarini boshqara boshladi. Bu sohada u qisqa vaqt ichida faqatgina maktab direksiyasining emas, tuman rahbarlarining ham hurmatiga sazovor bo'ldi. Qandaydir bir yig'ilishda u tumandagi savdo ishlari haaqida juda foydali va kerakli gaplarni aytganda, uning obro'si yanada oshib ketdi. O'shandan keyin ko'p o'tmay tunukasozlik arteliga direktor qilishdi. Un yildan ortiq ishladi shu artelda. So'ng tuman savdo boshqarmasiga mudir qilib tayinlashdi. Shu yil u nima ish bilandir Qo'qonga borib, Zavod aya bilan tanishib qoldi. Zavod ayaga og'ir, yetti o'lchab bir kesadigan G'afurjon aka yoqib qoddi. O'g'lini unga qo'shib Farg'onani aylantirdi, uyida mehmon qildi. Shahodat xola o'shanda endigina o'n sakkizga kirgan qiz edi. Gap orasida G'afurjonning hali uylanmaganligi, ish bilan bo'lib ro'zg'or tutmaganligi ma'lum bo'ldi. Zavod aya qizining uzoqqa ketib qolishini uncha istamasa ham, yigitning yaxshiligini ko'rib, uni kuyov qilgisi kelib qoldi. Yo'lini topib aytdi ham. G'afurjon aka Shahodatni ko'rib, rozi bo'ldi. To'y qilishdi.
Zavod aya o'zi Toshkentga tushib, kuyovining yor-birodarlari bilan birgalikda, yoshlarga uy-joy qilib berdi. O' kuyovidan, G'afurjon akaning do'stlari esa kelindan, uning ko'pni ko'rgan, aqlli, tajribali onasidan hursand edi.
Shunday toifa odamlar bo'ladiki, ular mehnat bilan bo'lib o'zini o'ylamaydi. Baland bo'y, polvon qomatli G'afurjon aka shunday odam edi. Uyida Zavod aya bergan jihoz, asbob-anjomdan boshqa hech narsa bo'lmay, mehmon-izmon kelganda Shahodat opa idish-tovoqni ko'pincha qo'ni-qo'shnidan olib chiqardi. Eridagi beparvolik unga ham o'tib, onasining: uni ol, buni ol, degan maslahatlariga:
- Ha, olarman, shusiz ham kun o'tyapti-ku, - deb qo'ya qolardi.
Er-xotin juda totuv, yaxshi yashashardi. Abdulla tug'ilganidan so'ng, ularning hayoti yanada lazzatli bo'lib ketdi. Bola bahona, uy yangitdan qurildi. Hatto ortiqcha ul-bul ham g'amlandi. Shunga qaramay, G'afurjon aka ro'zg'or ishlariga butunlay uquvsiz odamligicha qolaverdi. Ammo bu hech kimni - xotinini ham, qaynanasini ham, mahalladagi oshna-og'aynilarini ham tashvishga solmadi. Chunki G'afurjon aka uyini o'ylamasa ham, mahalladagi deyarli har bir oilaning tashvishi, kam-ko'stidan xabardor edi. U qiynalib qolgan odamga yonidagi bor pulini berib yuborishdan ham toymas, sovg'a-salomni quyuq qilardi. Bundan u hech narsa ta'ma qilmasdi. Shu qilgan ishi o'zini hursand qilsa, bo'ldi, shuning o'zi unga kifoya edi.
- Siz asalariga o'xshaysiz, - derdi uni koyigan bo'lib ba'zan Zavod aya. - Asal qo'yasizu, o'zingiz yemaysiz, boshqalar yeydi.
- E, aya, - derdi shunda G'afurjon aka. - Yaxshi bisotdan yaxshi ot qolgani yaxshi. Qozon qaynab turibdimi, shuning o'zi katta davlat.
Biroq G'afurjon aka haqida yomon o'ylaydigan odamlar ham yo'q emasdi. Ular, bunday saxiylikni oshib-toshib ketgan odam qiladi, sandig'i to'laki, shunday qilyapti, deb o'ylashardi. G'afurjon aka fisqi-fasod gaplar qulog'iga yetsa ham, parvo qilmasdi. G'iybatlarni eshitib, xomush o'tirgan xotinini urishardi.
- Chayon yomon chaqadi, - derdi u. - Lekin u hamma uydan chiqavermaydi. Bitta chayon deb o'zingni koyitma. Topganimiz halol. Qo'rqadigan joyimiz yo'q.
Chindan ham shunday edi. G'afurjon aka xiyonat qilmay ishladi. Shuning uchun idorada hurmat-e'tibori yaxshi edi. Sermehnat, hunarli odam xor bo'lmaydi, derdi u nuqul. Bu haqda uning o'zi to'qiganmi yo eshitganmi - ikkita ibratli ertagi ham bor edi. Bittasi, taxminan, shunday:
Bir fir'avnning qirqta xotini bo'lib, qirqinchisi kambag'al bir gilam to'quvchi hunarmandning qizi ekan. Fir'avn uning husniga maftun bo'lib, o'ziga nikohlab olgan ekan. Lekin qiz kambag'al bo'lgani uchun saroydagilar uni chiqishtirishmas, kundoshlari esa uni juda xor qilishar ekan. Bechora qiz kuyib ketganidan fir'avndan iltimos qilibdi:
- Shohim, yo meni otamnikiga yuboring, yo shu yerga mening to'quv asboblarimni olib kelishni buyuring. Toki yolg'izligim bilinmasin.
Fir'avn uni ketkizmabdi. Lekin aytgan narsalarini olib kelishni buyuribdi. Qiz gilam to'qishga tushibdi. Qirq kechayu qirq kunduz hujrasidan chiqmabdi. Hatto fir'avnni ham yoniga kiritmabdi. Qirq birinchi kuni u fir'avnning oyog'i tagiga bir gilam tashlabdi. Fir'avn uni ko'rib, mahliyo bo'lib qolibdi. U shu paytgacha bunday nozik did va mehr bilan to'qilgan gilamni ko'rmagan ekan. Gilamning o'rtasida qip-qizil atirgul ochilib turgan emishki, uning husni rostdakam guldan ming marta afzal ekan.
- Seni husn bobida tanho desam, hunar bobida ham tanho ekansan. Hunaring siridan meni xabardor qil, - debdi shunda fir'avn.
Qiz rozi bo'libdi. Qisqa vaqt ichida fir'avnni gilam to'qishga o'rgatibdi. Fir'avn oyda bir marta fuqarolarim nima qilayotgan ekan, deb kechasi qalandar kiyimida shahar aylanar ekan. Bir kuni shunday safarga chiqqanida g'alati voqea yuz beribdi. Shaharning so'lim bir joyida kabobxona bor ekan. Shu yerdan o'tayotib, kabob hidi dimog'iga urilibdi-da, kabobxonaga ko'tarilibdi. Kabobpaz uni ikki bukilib kutib olib, to'rdagi bir xonadan joy ko'rsatibdi. Fir'avn borib o'tirishi bilan nimadir taraqlabdi. Shu zahoti fir'avn o'zini chuqur bir g'orda ko'ribdp. G'or juda katta bo'lib, devorlarida zanjirlar osig'liq turgan emish, har bir zanjirga esa odamlar bog'lab qo'yilgan emish. Fir'avn hayron bo'libdi va yonidagi bir mo'ysafiddan so'rabdi:
- Bu qanday joy?
- O'limxona bu, - debdi mo'ysafid.
- O'limxona?
- Ha, o'limxona. Har kuni bir odam so'yilib, kabob qilinadi. Ertaga mening navbatim.
Fir'avnning jahli chiqib ketibdi. O'z podsholigida shunday yaramas odamlar borligidan kuyunibdi. Lekin hozir nima qilish kerak? Bu yerdan qanday kutulib chiqish mumkin? Fir'avn uzoq o'ylab, oxiri bir qarorga kelibdi:
- Ota, - debdi, - navbatingizni menga bering. Mo'ysafid unga hayron bo'lib tikilibdi. Ko'nglidan: Jinnimi bu odam o'zi? Nechun o'limga shoshiladi? degan gapni o'tkazibdi-yu, lekin yo'q demabdi.
Ertasiga fir'avnni yuqoriga tortib chiqarishibdi. Endi uni bo'g'izlamoqchi bo'lishganda, u so'rabdi:
- Men sizga qancha daromad keltiraman? Kabobxoia egalari, ming dinor, deyishibdi.
- O'n ming dinor bersam, sog' qolamanmi?
- Ha, - deyishibdi kabobxona egalari. - Lekin buncha pulni qayerdan olasan?
Shunda fir'avn bir kechada gilam to'qib berishini va bu gilamning o'n ming dinor turishini aytib, jun va kerakli uskunalar keltirishni so'rabdi. Kabobxona egalari agar yolg'on gapirayotgan bo'lsa ertaga o'ldirish sharti bilan uning aytganlarini muhayyo qilishibdi.
Fir'avn tuni bilan mijja qoqmay gilam to'qibdi. Tayyor bo'lganda saroyga eltishni va fir'avnning kichik xotiniga ko'rsatishni buyuribdi. Kabobxona egalari u aytganidek qilib, fir'avnning kichik xotiniga gilamni ko'rsatishibdi. va o'n ming dinor so'rashibdi. Xotin gilamni ko'rib, darrov nima bo'lganiga tushunibdi. Fir'avn gilam chetiga qayerdaligini gulga o'xshatib to'qib yozgan ekan. Lekin xotin sir boy bermay, qaroqchilarni hursand qilib qaytaribdi. Keyin o'sha soatdayoq lashkar to'plab, kabobxonani bosibdi, fir'avnni va boshqa bandilarni ozod qilibdi.
- Agar, - derdi G'afurjon aka ertakni aytib bo'lib, - fir'avnning hunari bo'lmaganda, shu gilamni u bir kechada to'qimaganda sog' qolmasdi. Hunarsiz odamning hassasiz ko'rdan farqi yo'q.
Uning ikkinchi ertagi ham xuddi shu mazmunda bo'lib, unda qaroqchilar bir cho'ponni quduqqa tashlab, qo'ylarini haydab ketishgani hikoya qilinardi. Cho'pon quduqda ajdahoning panjasiga tushadi. Shunda u nay chalib, uni uxlatmoqchi, keyin qochib qutulmoqchi bo'ladi. Ajdaho uning ajoyib kuyini eshitib, chindan ham uxlab qoladi, cho'pon eson-omon uyiga qaytadi.
Abdulla shu va shunga o'xshash ertaklar ta'sirida o'sdi. Unga hammaning havasi kelardi. Ozoda kiyinar, sho'xlik qilmas, kattalarning so'zini qaytarmasdi. Maktabda ham u hamma o'qituvchilarga yoqib qoldi. A'lo o'qidi, intizom saqladi. Albatta bola bo'lgandan keyin sho'xlik ham qiladi. Lekin uning sho'xligini kattalardan deyarli hech kim ko'rmasdi. Chunki yuz-ko'zi, kitoblari iflos bo'lib qaytsa, ayasiga yoqmasligini bilardi. Buni esa u istamasdi. Har doim, har qayerda u ko'zga tashlanib turishni, kattalar unga e'tibor berishlarini yaxshi ko'rardi va iloji boricha ularga yoqishga harakat qilardi. Shuning uchun uyga kirayotganda albatta yuz-qo'lini tozalab, kiyimlarini qoqib kirardi. Yettinchi sinfgacha u har yili maqtov qog'ozi olib o'qidi. Faqat yettinchi sinfda unga maqtov qog'ozi berishmadi. Bu voqea uni qattiq qayg'uga soldi, lekin shu bilan bir vaqtda ko'p narsaga o'rgatdi. Gap shundaki, u yettinchiga o'tganida otasi kasalga chalinib, tuman savdosini boshqarish og'irlik qilib qoldi. U bo'shab, yana artelga ishga o'tdi. O'sha yili Abdullalarning sinfiga yangi bola keldi. U Abdulladan ikki-uch yoshga katta bo'lib, juda olifta kiyinar, charm portfel tutardi. Ko'pchilik o'qituvchilar unga alohida e'tibor bilan qarashardi. Doska yoniga chiqqanda, tutilib qolsa, urishishmas, sekingina: mayli, o'tir, kelasi safar so'rayman, deyishardi. Bu narsa Abdullaga yoqmadi, u o'qituvchilarning o'ziga munosabatlari o'zgarib qolganini payqay boshladi. Ayniqsa, otasining qadrdon o'rtog'i Husanxon aka o'zini g'alati tutadigan bo'lib qoldi. Ilgari u bilan so'rashib yursa, endi salomiga alik ham olmasdi. Ammo yangi bolaga esa juda mehribon edi. Sinfga kirishi bilan go'yo undan boshqa bola yo'kday, uning oldida to'xtab, qo'l berib ko'rishardi.
- Ha, In'omjon, yaxshimisan? - derdi iljayib. - Uyingdagilar tinchmi? Dadang salomatmilar? Kecha Ergash akamlarni ko'rgan edim, shoshib mashinalariga o'tirayotgan edilar. Majlis-pajlis bo'lsa kerakda yuqorida.
- Shunday bo'lsa kerak, - derdi gerdayib In'om va ko'ryapsanlarmi, degandek, hammaga ko'zini o'ynatib qarab chiqardi.
- Qiyin, qiyin, - derdi Husanxon aka. - O'zi sog'liqlari durustmi?
- Yomon emas. Doktorlari, yana kurortga boring, deyapti.
- Qayoqqa bormoqchilar?
- Kislovodskka.
- Ha, yaxshi. Borishlari kerak. Odamga eng zarur narsa - sog'liq. O'tir, o'tir, nega turibsan?
Husanxon aka shunday derdi-da, senlar ham o'tirlaring, degandek boshqa bolalarga qo'lini erinibgina silkitib qo'yardi. Abdullaning jahli chiqqanidan tishlari g'ijirlab ketardi. Deyarli har doim ona tili darsida shunga o'xshagan savol-javob bo'laverganidan u qattiq azoblanar, ona tili soati uning uchun katta qiynoq soatidek tuyulardi.
Hatto ona tili ham uning ko'nglini aynitadigan bo'lib qoldi. Yo'qlamada borgan sari baholari pasaya boshladi. Bir diktantdan ikki ham oldi. Nega bunday bo'ldi? Nega ilgari uni doim yaxshi ko'radigan o'qituvchilar endi payqamaydigan bo'lib qolishdi? Buning sababini u tushunmasdi. Bir kuni shu haqda o'ylab, yog'och ruchkasining uchini og'ziga solib o'tirgan edi, arifmetika o'qituvchisi kirib, dars boshlaganini sezmay qoldi. Yonidagi bola uni turtdi. Boshini ko'targanda o'qituvchi unga qarab, iljayib turardi. U Abdullani urishmadi, sinfdan chiqarib yubormadi ham, lekin bir umrga Abdullaning yuragiga sanchilib qolgan gapni aytdi.
- Uyda, - dedi u Abdullaga tikilib, - mening bir yashar o'g'lim bor. Beshikda yotadi. Qarovsiz qolganda sumagini chiqarib so'radi. Sumakda maza bor, sening bu ruchkangda maza yo'q.
Qizlardan kimdir piq etib kulib yubordi. Abdulla uyalganidan lavlagi bo'lib, boshini egdi-da, kaftini yuziga tutdi. Dars tugagach, maktabning orqasiga o'tib achchiq-achchiq yig'ladi. Nega bunday qilishadi? Axir Siddiq aka ham, Husanxon aka ham otasining yaxshi o'rtoqlari edi-ku? Boshqa bolalarga qaraganda uni yaxshi bilishadi-ku? Innaykeyin, o'zi yaxshi o'qiydi-ku? Ko'p o'tmay hamma narsa ravshan bo'ldi. Bir kuni u o'qishga ketayotganida, supada yonboshlab yotgan dadasi chaqirib:
- O'g'lim, - dedi. - Husanxon akang anchadan beri kelmayapti. Juda sog'indim. Ko'rsang aytgin, bir kelib ketsin.
- Xo'p, - dedi Abdulla va maktabga kelishi bilan Husanxon akani qidirdi, lekin topolmadi.
O'sha kuni oxirgi dars ona tili edi. Darsdan oldin eshikda poylab turib aytaman, deb qaror qildi Abdulla.
Oxirgi dars boshlanishiga qo'ng'iroq chalinganda, Husanxon aka yetib keldi-da, o'qituvchilar xonasiga ham kirmay, sinfga yo'l oldi. Eshik tagida Abdulla u bilan ko'rishdi.
- Nima deysan? - so'radi Husanxon aka chimirilib.
Abdulla uni bu ahvolda ko'rib, g'alati bo'lib ketdi. Lekin o'zini tutib olib, dedi:
-Dadam sizni ko'rmoqchi ekanlar. Borarmishsiz...
-Mayli, mayli, - dedi Husanxon aka uni itarib sinfga kiritar ekan. - Borarman, hozir vaqtim yo'q. Lekin In'omning oldidan o'tayotib, odatdagidek, to'xtadi va iljayib qo'lini uzatdi.
-Yaxshimisan? Ergash akam qalaylar?
-Bugun uydalar, dam olyaptilar, - dedi In'om.
-Shunday degin? Bir borib ko'rmoqchiydim-da... Anchadap beri hech vaqtlarini topib sog'liqlarini so'rolmayman...
-Boring bugun, - dedi In'om.
-Qanday bo'lar ekan? Hozir dam olayotgan bo'lsa-chi, kechqurun borsam bo'larmikan?
-Vaqtli borsangiz ham bo'laveradi.
-Shunday deysanmi? Bo'lmasam, darsdan chiqib boraman.
-Mayli.
-Aytib qo'yasan-da, Husanxon akam sizni ko'rmoqchilar, deb? Shunday ko'ramanu, qaytaman. Uzoq o'tirmayman.
-Uzoq o'tirsangiz ham mayli... - dedi In'om kulib.
-Shundoq deysanmi? Yaxshisi, shunday qilamiz, In'omjon, sen bilan birga boraman. Maylimi?
- Mayli.
- Rahmat. Darsdan keyin ikkalamiz ketamiz.
-Husanxon aka shunday deb, o'tirlaring, degandek erinibgina qo'lini silkitdi.
Bu suhbat Abdullaning u yoq-bu yog'idan o'tib ketdi. U o'zini ham, uyda yotgan kasal otasini ham beobro' qilishgan, xo'rlangan his qildi. Shu daqiqadan boshlab, uni tizzalarida olib o'tirgan, erkalab yuz-ko'zini silagan Husanxon akani o'zining eng ashaddiy dushmanidek yomon ko'rib qoldi.
Dars tugagach, bir o'rtog'idan so'radi.
- In'omning otasi kim?
- Bilmaysanmi? - dedi o'rtog'i. - Tuman ijroqo'mi raisi-da.
Abdullaga hamma narsa oydinlashdi. In'omning otasi amaldor, uning otasi esa kichik bir artelda ishlaydi! Mana masala qayerda. Uning xo'rligi kelib ketdi. Lekin yig'lamadi. Yuragida ko'tarilgan nafrat yig'idan kuchlilik qildi.
Uyda dadasi, aytdingmi, deb so'raganda, bir zum ikkilanib turdi, keyin dedi:
- Salom deb yubordilar. Ishlari ko'p ekan, ertaga yo indinga boraman, dedilar. Albatta boraman, dedilar.
- Rahmat, rahmat, - dedi G'afurjon aka sevinib. - Husanxon akang tilla odam, tilla. Ko'rdingmi, o'g'lim, yaxshilik qilsang yaxshilik qaytadi. Hech kim seni unutmaydi.
Shu joyda Abdulla o'zini to'xtatolmadi, ho'ngrab yig'lab yubordi-da, uyga otildi.
- Nima qildi, o'g'lim? Nima qildi? - dedi orqadan G'afurjon aka.
Ammo Abdulla javob bermadi, papkasini tokchaga uloqtirib, o'zini karavotga tashladi. G'afurjon aka ham, Shahodat opa ham qancha urinishmasin, u yig'isining sababini aytmadi. Oradan bir oy o'tdi. Husanxon aka kelmadi. Kechqurun doktor buyurgan tuzsiz kaptar sho'rva ichib o'tirar ekan, G'afurjon aka xotiniga dedi:
- Esingdami, o'g'ling Husanxonni aytib kelib, yig'ladi?! Nega yig'laganini endi bildingmi? Husanxon o'shanda, borolmayman, degan. Shunga yig'ladi o'g'ling. Agar shunday demaganida haligacha kelardi.
- Endi, aytib kel, demang, - dedi Shahodat opa. - Yana qiynaladi.
- Aytmayman. Men hech qachon Husanxon shunday qiladi, deb o'ylamagan edim. O'ttiz yillik o'rtoq-a...
- Qo'ying, o'ylamang, - yupatdi erini Shahodat opa. - Sog'ayib ketganingizda o'zi uyalib qoladi. Baxtimizga o'g'lingizning umri uzoq bo'lsin.
- O'shanda bekor qildim aytib kel deb, - xo'rsindi G'afurjon aka. - O'shandan beri xomush, serfikr bo'lib qoldi.
Chindan ham shu voqea Abdullani o'zgartirib yuborgan edi. U endi faqat o'ziga ishonishga, dunyoda yomon odamlar yo'q emasligiga, yaxshi o'qib, katta obro'li odam bo'lib yetishishga astoydil qaror qilgan edi. Bu qarorni amalga oshirishdagi birinchi qadam - o'qish, o'qiganda ham a'lo o'qish edi. Lekin o'sha yili u qancha tirishmasin yaxshi o'qiy olmadi. To'satdan boshiga tushgan tashvishdan qutulolmagan, Husanxon akaga bo'lgan nafrati kuchliligidan ona tilini yaxshi o'zlashtirolmagan edi. Lekin sakkizinchi sinfdan boshlab hamma narsa o'zgardi. Birinchidan, Husanxon aka, Siddiq akani o'rniga boshqa o'qituvchilar kirdi. Buning ustiga uning o'zi ham vaqtni bekor o'tkazmay o'qishga jon-jahdi bilan berildi. Natija yaxshi bo'ldi. Sakkizinchi sinfni ham, to'qqizinchi sinfni ham a'lo bitirdi. In'om zo'rg'a uch-to'rtga ilindi. Bundan Abdullaning boshi osmonga yetdi. U niyat qilsa, boshqa yutuqlarga ham yetishishi mumkinligini angladi. Faqat mehnat qilish kerak, hamma narsaning asosi mehnat. Otasi haq. Mehnat qilsa bir kunmas, bir kun Husanxon akalar uning oyog'iga bosh qo'yishadi. Qachon o'sha kun kelarkin? Qachon?
O'qishning to'rtinchi choragi tugay deb qolganda, Abdullani direktor huzuriga chaqirishdi.
-Seni medalga mo'ljallayapmiz. Bu yog'ini bo'shashtirma, - dedi direktor.
Abdulla sevinchi ichiga sig'may direktordan minnatdor bo'lib chikdi va yana mutolaaga berildi. Uning ko'ziga o'qishdan boshqa hech narsa ko'rinmay qoldi. U o'qidi, mukkasidan tushib o'qidi va orzusiga yetdi. Maktabni oltin medal bilan tamomladi. In'om esa yiqildi. Hamma achinsa ham, unga faqat Abdulla achinmadi.

#FFFF80 VIII

#white Poezd  bir  ohangda  taq-tuq,  taq-tuq  qilib  borardi.  Yarim  kecha  bo'lishiga  qaramay, Abdullaning negadir uyqusi kelmasdi. Kupeda undan boshqa hech kim yo'q,. Abdullaga bu ma'qul edi. U o'z fikrlari, orzulari  bilan band, hozir hech kimni ko'rgisi, hech kim bilan gaplashgisi kelmasdi. Vagon derazasi ortida lipillab o'tayotgan baland-past daraxtlar, u bilan birga suzib borayotgan son-sanoqsiz yulduzlarga tikilar ekan, ko'nglida qandaydir xotirjamlik, sokinlik his qildi. hozir uning fikrlari Mingbuloqdagidan ancha tiniq edi. Lekin Gulchehrani eslar ekan, vujudini qandaydir shirin iztirob qoplar, yuzlarida qizning issiq yoqimli nafasini sezardi. Bu baxt, - o'ylardi Abdulla. - Katta baxt. har kimga ham bu nasib bo'lavermaydi. Qayerdasan, In'om?  Ko'r, dunyoda tengi yo'q qiz uni sevib qoldi. Uning uchun hamma narsaga tayyor.  Bir  yil  tez  o'tib  ketadi.  O'shanda  Abdulla  u  bilan  birga  bo'ladi.  Oppoq,  nozik qo'llaridan ushlab, shaharning eng go'zal, eng gavjum joylaridan yuradi. Uni hammaga quvonch va faxr bilan ko'rsatadi. hammaning havasini keltiradi. hali bu unday chiroyli qizni ko'rgani yo'q. O'zi shunday qiz bormikin? Yo'q, bo'lishi mumkin emas. 
U  qishloqqa  kelganidan  hursand  edi.  Agar  ota-onasi  majbur  qilmaganda,  kelmasmidi? Chunki o'rtoqlari uni Chimyonga taklif qilishgan va u borishga va'da bergan edi. Lekin uyida onasi  uni  aynitdi. Keyin  dadasi  qo'shildi.  To'g'rirog'i,  ular  borma  deyishmadi. Chimyonning o'rniga ular Mingbuloqni taklif qilishdi. Buvisini ko'pdan beri ko'rgani yo'q. Bechora, juda sog'ingan. Buning ustiga dala, toza havo,  tog'asi bilan ovga chiqishi mumkin. Kaklik, bedana bo'ladi. Mingbuloqqa  borgani  yaxshi. Chimyonda  nima  bor? hammayoq  tog',  o'rmon. Innaykeyin, ovqatining tayini yo'q. O'qishdan charchab rangini oldirib qo'ygan odam tog'-toshda nima qiladi? U yaxshi dam olishi kerak. Mingbuloq xuddi shunaqa dam oladigan joy. Oxiri Abdulla  ko'ndi. Onasi  qilib  bergan  sovg'a-salomni  olib,  yo'lga  tushdi.  Bu  uning birinchi marta yolg'iz yo'lga chiqishi edi. Birinchi, mustaqil safari kutilmaganda yaxshi bo'ldi. Yaxshi  ham  gapmi,  juda  soz  bo'ldi.  O'rtoklari  ko'pincha  qizlar  haqida  gapirishardi.  Qayerga borishgani, hatto nima qilishganini uyalmay bir-birlariga aytib o'tirishardi. O'ninchi sinfga o'tishganda  deyarli  hamma  bolalarning yuradigan  qizlari  bor  edi.  Ba'zilar,  hatto maktabda bo'ladigan  kechalarga  ularni  olib  kelishardi.  Kecha  tamom  bo'lgach,  uylarigacha  kuzatib qo'yishardi. Faqat  Abdullaning  yuradigan  qizi  yo'q  edi.  Albatta  u  ko'p  qizlarni  tanirdi. Innaykeyin, qizlarga yoqishini ham bilardi. Ba'zi qizlar, hatto u bilan bir kecha raqs tushib, uning yo'lini poylaydigan, uyiga xat yozib kiritadigan bo'lib qolgan edilar. Lekin Abdulla parvo qilmasdi. qizlar unga yoqmasdi, deb bo'lmaydi. Yoqardi. U taniydigan va u bilan yurishni istagan qizlar orasida kelishgan, chiroylilari ham bor edi. Abdulla ularga bir jilmayib boqishi bilan atrofida girdikapalak bo'lishardi. Ammo u bunday qilmasdi. Raqs tushardi, lekin hammadan oldin, agar kecha cho'ziladigan bo'lsa, g'oyib bo'lib qolardi.
- Hozir o'qish kerak, hozir uyda bo'lishim kerak, - derdi u qolishni istasa ham o'zini majbur qilib. - O'yin keyin...
Uning ko'z oldidan hozir osmonda charaklab turgan yulduzlardek oltin medal ketmasdi. O'ngida ham, tushida ham shuni ko'rardi. Medal uning uchun hayot ramzi, kelajak kaliti edi. Shu kalitsiz uning yashashi ham mumkin bo'lmay qolgan edi. Kalit qo'liga tushgandan so'ng, nima qilishni u o'zi biladi. Mayli, o'rtoqlari hozir undan kulishsin, qizlar uni odamovi, kekkaygan, deyishsin. Uning kimligi keyin ma'lum bo'ladi.
Shunday fikrlar bilan o'zini tinchitib o'qidi, vaqtini bekorga ketkazmadi. Endi-chi? Endi uni ko'rishsin. Endi o'rtoqlaridan o'zib ketdi. Uning hech kimda yo'q, go'zal qizi bor - Gulchehra... Uning ismi ham o'zidek go'zal. Abdulla ozg'in, ingichka oyoqli qizlarni hush ko'rmasdi. Bir kuni raqs tushishayotganda shunday ingichka oyoqli bir qizning paypog'i tushib ketdi. Abdulla uni chetga olib chiqdi. Qiz etagini sonigacha ko'tarib, rezinkasini bog'layotganda, Abdulla beixtiyor uning oyog'iga qaradi-yu, ensasi qotdi.
Shu-shu o'sha qiz bilan raqs tushmaydigan bo'lib qoldi. Gulchehraning oyoqlari bunaqa emas edi. To'lacha, tizzalari kichkina, dumaloq, nima kiymasin - baland poshna tuflimi, shippakmi, chippa yopishib, o'ziga yarashardi. Shunday qiz uni yaxshi ko'radi. O'zi aytdi.
- Men ham sizni yaxshi ko'raman, - dedi.
Abdulla muzdek havodan simirib osmonga tikildi. Shamol uning sochlarini to'zg'itib o'ynar, ko'zlarini yumdirmoqchi bo'lardi, lekin u parvo qilmasdi. Ko'zlaripi osmonga tikkanicha Hayol surardi. Uning hozir esiga buvisining qachonlardir har bir odamning o'z yulduzi bo'ladi, degan gapi keldi-da, miltillab turgan yulduzlarning har biriga alohida diqqat bilan qaray boshladi. Uning yulduzi qaysi ekan?! Yulduzlar deyarli bir-biridan farq qilmasdi: biri sal katta, biri sal kichik... Yo'q, bular ichida uning yulduzi yo'q. Uniki boshqacha bo'lishi kerak. Hammanikiga o'xshamasligi kerak. Agar yaxshilab qarasa, bu yulduzlarning orqasida boshqa yulduzlar bo'lishi mumkin, lekin ular ancha xira va kichik. Qaysi biri uniki? Abdulla uzoq tikilib, bitta yulduzni tanladi. Bu yulduz olti qirrali bo'lib, bir chekkada ajralib turardi. Uning hajmi ham katta edi. Yog'dusi ham o'tkir edi. Shu yulduz uniki bo'ladi.
Yo'qotib qo'ymasa bo'ldi, uniki bo'ladi. Oydan o'n ikki qarich narida, Zuhradan balandroqda. Gulchehraga qaysi yulduzni tanlasa ekan?
Abdulla qancha axtarmasin, o'ziga yaqinroq joydan Gulchehraga atab bironta yulduz topolmadi. Zuhra yulduzini tanlashni esa, istamadi. Zuhra katta. Ular teng bo'lishi kerak. Shu fikr miyasiga kelganda, u yana Gulchehrani o'ylab ketdi. U bir yildan so'ng uchrashishlarini, keyin doim birga bo'lishlarini bilardi. Bu haqda ko'p o'ylagan edi. Lekin ota-onasi bunga nima der ekan? Gulchehraning ota-onasichi? Umuman, ular bilishi kerakmi-yo'qmi? Albatta, o'yladi Abdulla, ular bilishi kerak, o'zi aytmasa ham, bir kunmas bir kun ma'lum bo'ladi. Lekin institutni bitirishguncha bilishmagani yaxshi. Chunki o'shangacha Abdullaning uylanishi mumkin emas. U uylanmaydi. Uylanolmaydi. Bu haqda uning fikri qat'iy edi. U otasidek yashashni istamasdi. Birovning yordami bilan uylanmaydi. Keyin, Gulchehrani bo'm-bo'sh uyga olib bormaydi. Uyaladi olib kirgani. Institutni bitiradi, ishga kiradi, ro'zg'or uchun kerakli narsalarni oladi, ana o'shanda uylanadi. Lekin u shu kunning tezroq kelishini istardi. Gulchehra bilan yaqinroq bo'lishni orzu qilardi. Qo'llarini ushlash, sekin tortinib o'pish endi uni qoniqtirmasdi. U Gulchehra bilan birga bo'lishni istardi. Bir kuni hatto tushiga kirdi. Juda g'alati bo'ldi. Ammo uyg'onib o'zidan uyalib ketdi. Shunday tush ko'rganidan ranjidi. Kun bo'yi lohas bo'lib yurdi. Gulchehra bilan uchrashganda esa, qorong'i bo'lishiga qaramay, uning ko'zlariga tik qaray olmadi.
- Xomush ko'rinasiz? - so'radi Gulchehra uni tirsagidan ushlab.
Abdullani tok urgandek bo'lib ketdi. Sekin qo'lini bo'shatib, o'zini chetga oldi.
- Boshim og'riyapti, - dedi titrab.
- Boshim og'riyapti? Hozir tuzatamiz! - dedi shoshib Gulchehra va buloqqa qo'lini tiqib uning peshanasiga tutdi. - Endi tuzukmi?
- Tuzzuk, - dedi Abdulla peshanasi aralash uning qo'lini ushlab, keyin bo'sh qo'li bilan quchoqlab, lablaridan qattiq o'pa boshladi, Gulchehra nima bo'lganiga tushunmay, avval jim turdi, keyin siltanib o'zini tortdi.
- Darrov tuzalib ketdingiz-a? - dedi qoshlarini chimirib.
- Gulchehra... - dedi Abdulla o'z ovozini o'zi tanimay.
- Tiss! Eshityapsizmi? Bedanangiz sayrayapti!!! Gulchehra shunday deb qochib ketdi.
Yaxshi bo'ldi. Agar o'shanda ikkalovi o'zlariga erk berib yuborishganda nima bo'lardi? Ikkalovi ham sharmanda bo'lardi! Yo'q, Abdulla bunday qilmaydi. Qiynalsa ham mayli, bunday qilmaydi. Hamma narsa irodaga bog'liq. U o'z irodasiga ishonadi.
-Yigitcha, tushmaysizmi? - dedi kimdir orqadan. Abdulla cho'chib, o'girildi. Eshik oldida vagon kuzatuvchisi turar edi.
-Toshkentga keldikmi? - hayron bo'lib so'radi Abdulla.
- Ancha bo'ldi.
Abdulla tashqariga qaradi. Kun yorishgan, tog' ortidan oftob bir qarich ko'tarilib, oltin shu'lasini sochib turardi. U nihoyatda katta va seryog'du edi, kechagi, o'ziga tanlagan yulduzga o'xshamasdi. Bu hol uni jindek ranjitdi, u o'z yulduzi quyoshdek bo'lishini istardi. Afsuski, bunday bo'lmaydi, bo'lishi ham mumkin emas. Shuni o'ylab erinibgina xo'rsindi-da, poezddan tushdi. Sershovqin shahar hayoti darhol uni quchog'iga oldi. Yashash qanday yaxshi, tag'in shunday katta, go'zal shaharda! Shu daqiqada hamma narsa - shu muhtasham vokzal binosi ham, bir-birini quvib o'tayotgan turnaqanor mashinalar ham, keng vokzal maydoni o'rtasidagi bahaybat ko'sak nusxa fontan ham, hamma-hammasi uni quvontirar, uning borlig'idan va baxtiyorligidan darak berib turardi.
Tramvay qachonlardir otasi ishlagan Mirobod bozorini aylanib o'tib, og'ir g'irchilladi-da, to'xtadi. Abdulla vagon derazasidan beixtiyor tashqariga qaradi. Beshik osig'lik turgan qamish tomli boloxonani ko'rib, jilmaydi. U uyiga kelgan edi. Tramvaydan tushib, ko'chani kesib o'tganda, kimdir chaqirdi:
- Abdulla!
Abdulla chamadonini yerga qo'yib, to'xtadi. Uning qarshisiga katta sumka ko'targan sinfdosh o'rtog'i Rustam yugurib kelardi. Abdulla uchrashuvdan hursand bo'ldi.
- Bormading-da, - dedi Rustam u bilan so'rashib.
- Ha?
- Chimyonning bunaqa joyligini endi bilishim. Mazza qildik. Ahrorning dadasi o'sha yerda ekan. Bitta qo'y so'yib berdi. Ikki kun kabob qilib yedik. Cho'mildik, toqqa chiqdik. Lekinchi, men shamollab qolib, ikki kun yotib qoldim. Keyin cho'milmadim. Borsang, mazza qilarding.
Abdulla jilmaydi.
- Qishloqda yaxshi bo'ldimi? - so'radi Rustam.
- Tuzuk, - dedi Abdulla, - bedana otdik, cho'mildim...
- Bedana? - havas bilan so'radi Rustam.
- Ha.
- Ancha otdingmi?
- O'ntacha.
- Obbo sen-ey! Mazza qilibsan-ku?
Abdulla yana jilmaydi. Ko'p narsani gapirishga yuragi to'lib turgan bo'lsa ham, o'zini tutdi. U safaridan hursand edi, shuning o'zi kifoya. Birovlarning bilishiga hojat yo'q. Ko'rib turibdi, shuning o'zi yetarli. Shuning uchun u gapni bo'ldi.
- Qachon qaytdilaring?
- O'tgan kuni. Bilasanmi, odam juda zerikdi. Kechqurun Ahrorlar bilan bir aylanib, ko'lga bormoqchimiz. Orolchada o'tirib, qittak-qittak qilamiz. Biz bilan yur.
- Mayli.
- Bo'lmasa, kechqurun kiraman.
- Qayoqqa ketyapsan? - so'radi Abdulla sumkaga ishora qilib.
- E, oyim bozorga ketayotuvdilar, qo'llaridan yulib oldim. Odam zerikib o'ldi. Xo'p, kechqurun kiraymi?
Abdulla boshini qimirlatdi. Uyi tomon yurar ekan, u o'ylardi: uning zerikishga vaqti yo'q. U o'qiydi, ko'p o'qiydi va Gulchehrani o'ylaydi.

#FFFF80 IX

#white G'afurjon aka o'g'lining qaytishini sabrsizlik bilan kutardi. Abdulla Mingbuloqqa ketgandan keyin uch-to'rt kun o'tgach, bir odam uni ko'rgani keldi. O'rta yashar, yaxshi kiyingan, boshida shlyapa. U G'afurjon aka bilan eski qadrdonlarday so'rashib, uni betob ko'rganiga qayg'urdi.
- Kecha bilib qoldim, - dedi u. - Ertalab Leningraddan qaytganimni eshitib, og'aynilar kelishdi. Shular sizni betob deyishdi. Mehmon-izlom bilan bo'lib kecha kelolmadim. Bugun, nima bo'lsa ham sizni ko'rishga ahd qilib, mana, keldim.
- Rahmat, rahmat, - dedi G'afurjon aka istarasi issiq, xushmuomala bu odamning kimligini, qayerda ko'rganligini eslolmay, lekin so'ragani uyaldi.
Ular ancha vaqt u yokdan-bu yoqdan gaplashib o'tirishdi. Shahodat opa choy qo'ydi. Mehmon gap orasida ikki yildan beri Leningradda yashayotgani, u yerda yangi bir institut ochilib, uni professor sifatida taklif qilishganini aytdi.
Bir oycha bu yerda bo'laman-da, keyin qizimni olib ketaman, - dedi u. - Institutni o'zimning oldimda tamomlasin. Aytganday, Abdullajon qalay? Katta yigit bo'lib qolgandir?
- Ha, - dedi faxr bilan G'afurjon aka. - Maktabni oltin medal bilan tamomladi. Hozir Qo'qonda. O'ynab kelsin deb jo'natdik.
- Juda yaxshi, juda yaxshi. Qaysi institutga kirmoqchi?
- SAGUga. FizMatga kiraman, deydi.
- O, juda yaxshi. Matematikani yaxshi ko'rar ekan-da.
- Ha, yozma matematikani yigirma daqiqada topshirib chiqdi.
- Yo'g'-e? - hursand bo'lib so'radi mehmon.
- Ha, o'qituvchilari ham hayron.
- Yaxshi, juda yaxshi. Bizning Sayyora ham matematikaga durust. Shuning uchun ham o'zimning institutimga olib ketmoqchiman. Kelajagi yaxshi institut. Atom bilan, atom energiyasi bilan bog'liq institut.
- Shunday deng?
- Ha, qiz bolaga ozgina og'irlik qiladi-yu, ammo yaxshi.
Mehmon o'ylanib qoldi. G'afurjon aka ham unga, shunday ajoyib o'qishga ketayotgan qiziga havasi kelib Hayolga cho'mgan edi. Qani endi u ham shu mehmonga o'xshagan bo'lsa-yu, o'g'lini shunday o'qishga yuborsa! Abdulla esli, aqlli bola, katta odam bo'lib qaytardi.
- Stipendiyasi tuzukmi? - so'radi u nimaningdir ilinjida.
- Boshqa institutdagidan baland, yotog'i bor. G'afurjon aka, nima deysiz, o'g'ilchani yubormaysizmi? Tag'in o'zi matematikaga qiziqar ekan, yaxshi bo'lardi. - Mehmon G'afurjon akaning ikkilanib turganini o'zicha tushunib, qo'shib qo'ydi:
- Moddiy tomondan hech qiynalmaydi. Innaykeyin, men borman. Yolg'iz tashlab qo'ymayman.
- Qaydam, - dedi G'afurjon aka, lekin ichida mehmonning taklifi unga ma'qul tushdi.
- Shunday deyatganimki, - gapida davom etdi mehmon, - institut yangi. Uni bitirgan odam juda qimmatli kasb egasi bo'ladi. Bu yog'i menga ham yaxshi. Qiz bilan ikkalovi bir-biriga dalda bo'lib o'qirdi.
- Rahmat, - dedi G'afurjon aka minnatdor ohangda. - Men rozi, oyisi bilan, keyin o'zi kelganda o'zi bilan gaplashib ko'ray.
- Shunday qiling. Imtihon topshirmaydi. Hujjatlarini men olib ketaman. Gaplashib ko'ring. Men bilan ham uchrashsin.
Mehmon shunday deb, bloknotidan bir varaq yirtib, manzilini yozdi.
U ketgach, G'afurjon aka qog'ozni ko'rdi-yu, uning kimligini esladi.
- Shahodat, ho Shahodat! - qichqirdi u sevinchini yashirolmay. - Bilasanmi haligi odam kim?
- Kim ekan? - dedi ayvonda ish tikib o'tirgan Shahodat opa!
- Arteldaligimda ekspeditor yigit bor edi-ku, Tursunali Qurbonov degan, esingdami? O'sha.
Shahodat opa eslolmadi. Lekin G'afurjon akaning ko'z oldidan bu odamning o'qiyman deb O'ratepadan qochib kelgani, turmushda qiynalib, bozorda hammolchilik qilgani va unga duch kelgani birma-bir o'tdi. G'afurjon aka uni o'shanda ishga joyladi, o'qishini bitirganda yaxshi bir ziyofat qilib berdi. Keyin Tursunali qayoqqadir ishga ketdi. O'shandan beri ko'rishmas edi. Mana, tog' tog' bilan uchrashmas ekan, odam odam bilan uchrashar ekan. Qancha yil o'tib ketdi, bechora uni unutmabdi, atayin ko'rgani kelibdi. Bu ham mayli, endi yaxshiliklarini qaytarmoqchi. Dunyoda yaxshi odamlar ko'p, o'ylardi chehrasi yorishib G'afurjon aka, nega yubormasin Abdullani? Borgani yaxshi, qiynalmaydi, qiynalib qolsa uncha-muncha pul-mul yuborib turishga qurbi yetadi. Innaykeyin, shunday katta odam, professor, yolg'izlatib qo'ymayman, deyapti. G'afurjon aka shularning hammasini xotiniga tushuntirdi. Shahodat xola ko'nglida qarshi bo'lsa ham, erining ra'yini qaytara olmadi.
- Mayli, ixtiyoringiz, - dedi u. - O'zi nima derkin? O'zi bilan gaplashing.
Uning shunday deyishida jon bor edi. Abdulla es-hushli bola, o'ylardi u, dadasini shu ahvolda tashlab ketmas. Qachon tuzaladi, tuzala oladimi hali, noma'lum. Buni Abdulla ham biladi. Shuning mulohazasiga boradi. Innaykeyin, hammayokda o'qish bor, yaxshi o'qisa shu yerda ham katta odam bo'lib ketishi mumkin.
Lekin G'afurjon aka tinchimadi.
- O'zi nima derdi? - dedi u. - Boraman, deydi. Unday joyda o'qish har kimga ham nasib bo'lavermaydi. Mabodo ikkilanadigan bo'lsa, sen ham jim turma, gapir.
Shahodat opa indamadi.
- Nega indamaysan? Yo o'zing qarshimisan? - surishtira boshladi G'afurjon aka. - Menga qara, besh yil hech gap emas. Hash-pash deguncha o'tib ketadi. O'zing ham sezmay qolasan. O'g'ling yo'q hunarni egallab kelsa yomonmi?
- Men javobimni aytdim, - dedi Shahodat opa xo'rsinib. - Ixtiyor o'zingizda. Nimani lozim topsangiz, shuni qiling. Lekin avvalo, o'zi hal qilsin. Boraman, deb turib olsa, siz ham, men ham hech narsa deyolmaymiz. O'g'lingiz kichkina emas endi.
- Men ham shuni aytyapman-da, xotin, - dedi G'afurjon aka. - Endi kichkina emas. Lekin farzandga maslahat berish - ota-onaning vazifasi. Men gapirganimda indamay turmagin. Kelishdikmi?
Shahodat opa ha degandek boshini qimirlatdi.
Abdulla bu yangilikni juda xotirjam eshitdi! G'afurjon aka buni sira kutmagan, tezroq u bilan gaplashishga shoshilgan edi. Shuning uchun o'g'li kelishi bilan qishloq yangiliklarini apil-tapil eshitib, xushxabarni aytgan edi.
- Ha, yoqmadimi? - so'radi hayron bo'lib u xomush o'tirgan o'g'lidan.
- Yo'q, nega? Yaxshi... - dedi Abdulla. Lekin ko'nglida o'zga yurtga borishni istamadi. Qanday ketadi, bir yildan keyin Gulchehra kelsa... Uni o'zi zo'rg'a shunga ko'ndirdi-ku?! Qani endi u bilan birga Gulchehra ham ketsa, juda ajoyib bo'lardi. Lekin bunday bo'lmaydi. Demak, uning borishi kerak emas. Albatta institut yaxshi. Shuning ustiga Leningradda o'qish - ko'pchilik yetisholmaydigan orzu. Lekin u bormaydi, Gulchehrasiz borolmaydi.
Shahodat opa mehr bilan o'g'liga tikilib, ha deganday boshini egib qo'ydi. U hursand edi. O'g'lining ikkilanib turganini u o'zicha tushungan edi.
- Tursun amaking, o'zim yordam berib turaman, doim holidan xabar olib turaman, deyapti. O'zimiz senga bor desagu, bormaysanmi?! Manavi Tursun amakingning manzili. Men bilan uchrashsin Abdulla, dedi. Ana, o'zi bilan ham gaplash.
- O'ylab ko'ray, - dedi Abdulla, lekin dadasining qo'lidan qog'ozni oldi.
Kun bo'yi u kutilmagan taklif ta'sirida yurdi. Rustam chaqirib kelganda ham uning Hayolidan shu taklif ko'tarilmagan edi. U o'rtog'i bilan maslahatlashmoqchi bo'lib, og'iz ochdi, lekin darrov bu fikridan qaytdi. Ikkilanishga o'rin yo'q, o'yladi u, qolishim kerak.
Ikki o'rtoq ko'chaga chiqishdi.
- Qayoqqa boramiz?
- Kurantning tagida yig'ilmoqchi edik, - dedi Rustam. - Jindek aylanib, hali aytganim ko'lga boramiz.
- Ketdik.
Ular kurantning tagiga yetib kelishganda, kun botgan, panjaralari zar bo'yoqqa bo'yalgan istirohat bog'idan duxovoy orkestr sadosi jaranglab turardi. Bog' ham, ko'chalar ham, devqomat chinorlar soya tashlab turgan xiyobon ham odamlar bilan to'la edi. Musiqa sadosiga yigit-qizlarning sho'x kulgilari, salmoqli g'ovur-g'uvur gaplar qo'shilib, tungi orombaxsh hayot boshlangandan darak berardi. Mingbuloqda nima bor? - Hayolidan o'tkazdi Abdulla suq bilan atrofiga qarar ekan. - Mana hayot, jo'shqin, go'zal hayot. Gulchehraning rozi bo'lgani yaxshi bo'ldi. U shaharda bo'lishi kerak, chang-tuprokda nima qiladi? Mana shu ko'chalarda ikkalovi kechqurunlari aylanishadi, shu salqin bog' ichida sayr qilishadi, raqs tushishadi. Xiyobondagi gullarga ko'milib yotgan skameykalarda o'tirib Hayol surishadi. Bunga nima yetsin? Albatta ikkalovi birga ketganida-ku, juda yaxshi bo'lardi. Biroq bu mumkin emas, Gulchehra shu yerning o'ziga kelishga ham zo'rg'a rozi bo'ldi.
Abdulla yuragini nimadir tirnab ketganini sezdi. Bundan cho'chib, hech narsani o'ylamaslikka qaror qildi va shoshib o'rtog'idan so'radi:
- Bolalar qani?!
- Hov ana, kelishyapti, - dedi Rustam xiyobonni ko'rsatib. - Yur, o'sha yoqqa. Bu yerda odam ko'p.
Ular ko'chani kesib o'tishdi. Xiyobon ichidagi yo'lkadan ular tengi yigitlar nimanidir bahslashib kelishardi.
- O', keldingmi? - dedi jingalak soch bir yigit Abdullaga qo'l cho'zib. - Biz, qishloqda qolib ketdingmi deb qo'rqdik. Chimyonda maza bo'ldi.
- Eshitdim, - dedi jilmayib Abdulla u bilan ko'rishar ekan. - Shamollab rosa yotib olibsanlar. - Kulgi ko'tarildi.
- Qayoqda! - e'tiroz bildirdi jingalak soch yigit. - Bitta Rustam shamolladi. Uni o'zing bilasan-ku, birovning yo'taliga ham shamollab qoladi. Yana kulishdi. Aytganday, Abdulla, tanish, - dedi sap-sariq, oriq bir yigit yonidagi sherigini ko'rsatib. - Po'lat. Leningradga ketyapti. Bu ham medal olgan.
- Salom, - Abdulla uyalib qarab turgan bu jikkak, olifta kiyingan yigitga qo'lini uzatdi. - Qaysi institutga?
- Yadrofizikaga, - dedi hozirjavoblik bilan Po'lat. Uning ovozi mayin, xuddi qizlarnikiga o'xshardi. - Ikki yil bo'ldi ochilganiga. Dadam qarshilik qilsalar ham ketyapman.
- Yaxshi, - Abdulla havas bilan unga tikildi.
- Yaxshi bo'lganda qandoq! - gapga aralashdi Rustam. - Nima deding, Ahror? Zo'r bu, zo'r!
- Ha, - dedi jingalak soch yigit. - Agar men ham medalga ilinganimda, borar edim.
- Hozir ham boraver, - dedi sariqqina yigit.
- Qo'rqaman, imtihonlari og'ir. Yiqilib qolishim mumkin.
- Siz-chi? - so'radi Po'lat Abdullaga murojaat qilib. - Siz qayerga kirmoqchisiz?
- Men... - negadir o'ylanib qoldi Abdulla, keyin dedi: - Men ham shu institutga borsam kerak.
- Yo'g'-e?! - deb yubordi Rustam.
- Lekin, lekin hali aniq emas, - dedi shoshib Abdulla. Uning o'z gapi o'zini cho'chitib yuborgan edi. - Dadam shunday deyaptilar.
- Borsangiz yaxshi bo'lardi, - dedi Po'lat.
- Ha, albatta, - bu muloyim yigit Abdullaga yoqib qolgan edi. - Lekin bilmadim. O'zim SAGUni, FizMatni mo'ljallab turibman.
- Qani, yigitlar! - dedi sariqqina yigit. - Hadeb o'qishdan gapiravermanglar. Mening hiqildog'imga keldi o'qish. Yuringlar.
- Yuringlar, - dedi Ahror yo'l boshlab. Yigitlar yo'lkani to'ldirib, Sayilgoh ko'chasi tomon bitta-bitta yurib ketishdi.
Nega bunday dedim? - o'ylardi yo'l-yo'lakay Abdulla. - Maqtangim keldimi? Yo'q, mening bunday odatim yo'q. Yo havasim keldimi? Nahotki borishni shunchalik istasam? Uning kayfi buzilgan edi. Ko'lda ham u deyarli gapga aralashmadi. Uziga yoqib qolgan Po'latning esa bir-ikkita savollarini javobsiz qoldirdi. Bir piyola oq vinoni zo'rg'a ichib, hammadan oddin turdi. Uyiga kelib joyiga yotar ekan, Nima bo'libdi?! - dedi o'zini yupatib. - Boraman, deb aniq aytganim yo'q-ku.
Shu fikr o'ziga ma'qul kelib, ko'ngli ancha tinchidi-da, ko'p o'tmay, uxlab qoldi.

#FFFF80 X

#white Professornikiga borish kerakmi, yo'qmi? Ertalab uyg'onganda Abdullaning miyasiga kelgan birinchi fikr shu bo'ldi. Lekin qanday qarorga kelishni u bilmasdi. Bir tomondan Mingbuloqda Gulchehra bilan o'tkazgan kunlari ko'z oldidan ketmay, bir yildan so'ng Toshkentda bundan ham yaxshi davr boshlanishini his qilib, hech qayoqqa ketishni istamas, ikkinchi tomondan otasining gaplari, kechagi jikkakkina yigitga bo'lgan havasi uni qiynoqqa solib qo'ygan edi. Lekin kecha u o'zida bunday ikkilanishni sezmagan, ketishdan ko'ra qolishga ko'proq moyil edi. Negadir bugun uning fikri uyqudan turishi bilan o'zgarib qoldi. Bundan u battar qiynoqqa tushdi. Erinibgina kiyinib, ko'chaga chikdi. Ikki hovli naridagi ariq labida kimdir o'zini oftobga solib o'tirardi. Abdulla uni darrov tanidi va o'sha tomonga yurdi.
- Ha, o'tiribsanmi? - dedi u uning yoniga borib o'tirarkan.
- Qariganimda ham shu odatim qolmasa kerak, - dedi Rustam esnab.
- Ertalabki oftob yaxshi.
- Abdulla... - dedi Rustam.
- Hm...
- Rostdan ketmoqchimisan?
- Qaydam?
- Sening o'rningda bo'lsam, uchardim.
- Xali ham kech emas, uch.
Ahror kecha to'g'ri aytdi, imtihonlari og'ir bo'ladi. Innaykeyin, dadam yubormaydi. Seni o'zlari bor deb turishibdi. Imtihonlarni topshirmaysan.
-Lekin...
-Nima lekin? Buning lekini bormi? Jo'nayver. Kirmasang, keyin achinasan. Umr bo'yi achinib o'tasan.
Balki to'g'ridir, - o'yladi Abdulla. - Bu yerda qolib, ishim yurishmay qolsa, shunday bo'ladi. Keyin, Po'latpi ko'rganimda, shunday bo'ladi. Mening undan nimam kam? Bu fikr uning ko'z oldiga otasini keltirdi. Ilgari u qanday edi?! Husanxon akalar uning oldida ikki bukilib yurardi. Endi-chi? Endi ular kelib ko'rishni istamaydilar. Hammasi otasining mansabi pasayib ketganligida. U boshqacha yashaydi Uning hayoti baland-past bo'lishi kerak emas, To'g'ri bo'lishi kerak, yil o'tgan sari pog'onama-pog'ona ko'tarilib borishi kerak. Leningradda o'qib kelsa shupday bo'lishi mumkin. U yo Po'lat bilan teng bo'lishi, yo undan baland bo'lishi kerak. Boshqachasi to'g'ri kelmaydi. Biroq, biroq... Shu biroq, Gulchehraga bergan va'dasi uni chuqur o'ylatib qo'ygan edi. Professor bilan gaplashib kelsa-chi? Buning nimasi yomon? Gaplashadi, xolos!
Bu fikr unga ma'qul tushib, dik etib Rustamning oldidan turdi.
- Ha, qayoqqa?
- Ishim bor.
Professorning uyini u qiyinchiliksiz topdi. Bu Toshkentning eng sokin, jimjit Xorazm ko'chasidagi yaxlit oynali bejirim uylardan biri edi. Siri ko'chmagan zangori darvozadagi raqamga ko'zi tushishi bilan Abdullani hayajon bosdi. Bo'shashgan qo'lini cho'zib ehtiyotlik bilan qo'ng'iroq tugmasini bosdi. Hech kim chiqmadi. Abdulla ichida hursand bo'lib qo'ydi. Lekin ketmadi. Darvoza tirqishidan hovliga qaradi. Shunday darvoza orqasida kungaboqardek katta qizil kartoshka guldan boshqa narsa ko'ziga ko'rinmadi. Yana qo'lini cho'zib qo'ng'iroq tugmasini bosdi. Shu payt:
- Kto tam? - degan ayol kishining ovozi eshitildi.
Abdulla nima deyishini bilmay, eshikni bir-ikki taqillatib qo'ydi. Yengil tufli poshnalari taq-tuq qilib darvozaga yaqinlashdi-da, keyin g'irchillab eshik ochildi va Abdullaning oldida chiroyli oyoqlariga yopishib turgan ko'k shim, yengsiz sariq kofta kiygan nozik bir qiz paydo bo'ldi. Kichkina bejirim boshida tarang qilib tortilib, ingichka sariq lenta bilan bog'langan jigarrang sochlarining uchi chap qulog'i orqasida jo'xori popugidek osilib turardi. Abdulla uning qirra burni, mayda tuklari bilinar-bilinmas qorayib turgan yuqorigi labi ustida ter tomchilarini va qo'lidagi ho'l lattani ko'rib, ish qilayotganligini payqadi. Qiz unga ko'rinishi bilan lattani yashirgan bo'lib, qo'lini orqasiga berkitdi.
- Salom, - dedi Abdulla uning tutash qoshlari ostidagi qo'y ko'zlariga tikilib.
- Zdravstvuyte, - qiz savol nazari bilan unga qaradi.
Chiroyli ekan, - o'yladi Abdulla undan ko'z uzolmay, lekin ko'p tikilishga uyaldi.
- Menga Tursun amakim kerak edilar. Uydamilar?
- Ha, - dedi qiz. U bu so'zni xuddi o'zbek tilini yangi o'rgangan odamdek og'zini to'ldirib aytdi. - Zaxodite.
- Spasibo, - deb yubordi beixtiyor Abdulla, lekin o'sha zahotiyoq qo'pol chiqqanini sezib, uyalib ketdi. - Shu yerda... shu yerda turaman.
- Net, net, zaxodite.
Qiz eshikni kattaroq ochib, uning kirishini kutmay, to'rdagi baland zinali dahliz tomon yo'l oldi. Bog'ichi boylanmagan sandali yana yengil taq-tuq, taq-tuq qila boshladi.
- Papa!
Qiz dahlizga ko'tarilib, oyoqlarini silkitib sandalini zinapoyaga tashladi-da, oyoq yalang ichkari xonaga kirib ketdi. Abdulla zina yoniga borib to'xtadi va hovliga razm soldi. Hovli juda salqin, turli-tuman gullar bilan to'la edi. Hovlining o'rtasida, baland olmalar tagida pastak shiypon bo'lib, pechak gullar zangori ustunlarga chirmashib, tomgacha chiqib ketgan edi.
- Chto vi tam stoite? Zaxodite, - dedi qiz chiqib.
Abdulla uning kichkina, oppoq oyoqlariga ko'z qirini tashlab, dahlizga ko'tarildi. Tuflisini yechmoqchi bo'lganda:
- Chto vi, ne nado! - dedi qiz va oyog'i tagiga qo'lidagi lattani tashladi. - Vitrite i vsyo.
Abdulla lattaga yaxshilab tuflisini artib, qizning ketidan ichkariga kirdi. Bu kenggina zal bo'lib, to'rda katta dumaloq stol bor edi. Pastda esa kichkina uzunchoq stolning ikki tomonida ikkita yumshoq, kreslo turardi. Qiz ulardan bittasini surib, Abdullaga ishora qildi.
- Sadites. Papa skoro viydet!
Abdulla kresloga omonatgina o'tirdi. U g'alati axvolga tushib qolgan edi. Bunday uyni birinchi ko'rishi, bunday kresloda birinchi o'tirishi! Qanday yaxshi! Hamma professorlar shunday yasharmikin? Qizi shumi? Juda g'alati ekan. Abdulla havas va hayajon bilan xonaga bir-ikki qarab chiqib, qizni ko'rib qoldi. U shunday eshikning to'g'risida dahliz tokchasiga chiqib, deraza oynasini artardi. Abdulla beixtiyor unga tikilib qoldi. Qiz lattali qo'lini har ko'targanda, koftasi tagidan shimi tarang tortib turgan ingichka oppoq beli silkinardi. Bu hol uzoq davom etdi. Bir mahal qiz Abdullaning qarab turganini sezdi shekilli, qo'lini tushirib, koftasini shimiga qistirdi.
- Papa! Nu xvatit! Chelovek jdyot! - qichqirdi u nihoyat lablarini cho'chchaytirib.
Abdulla uyalib ko'zini chetga oldi. Yaxshi qilmadim, - o'yladi u. - Demak, qizi shu ekan-da? Nahotki Leningradga borsa? U xuddi o'zi ketayotgandek, bunga ishonisi kelmadi, ayni vaqtda uning borishini istardi.
Ko'p o'tmay ichkari xonadan professor chiqdi. Abdulla o'rnidan turdi.
- Kuttirib qo'ydimmi? - dedi Tursunali aka unga ko'l uzatib. - Salom.
- Salom, - dedi Abdulla jilmayib.
- Ertalab jindak ishlaydigan odatim bor. Kechiring, Abdullajon.
U xushmuomalaligi bilanmi, nimasi bilandir Abdullaga birpasda yoqib qoldi.
- Hechqisi yo'q, - dedi shoshib va professordan so'ng kresloga o'tirdi,
- Aytganday, oltin medal bilan tabriklayman, - dedi professor. - Eshitib, juda hursand bo'ldim. Yaxshi, juda yaxshi!
- Rahmat, - Abdulla jilmayib boshini egdi.
- Sayyora, - chaqirdi professor kimnidir. Boyagi qiz kirdi. Endi u xuddi shimining rangida yumshoq chuvak kiyib olgan edi.
- Chto papa?
- Tanish, - dedi professor, - G'afurjon akaning o'g'li. Aytgan edim senga. Abdulla o'rnidan turib qizga qo'lini uzatdi.
- Abdulla.
- Maktabni oltin medal bilan bitirgan! - qo'shib qo'ydi professor g'urur bilan.
- Pozdravlyayu, - dedi qiz jilmayib. Uning tishlari guruchdek oppoq edi.
- O'zbekcha gapirsang-chi! - dedi professor uni urishgan bo'lib.
- Ti je znaesh, kakoy u menya govor! - dedi qiz lablarini cho'chchaytirib. - Chay postavit?
Abdulla nima deyishini bilmay qoldi. U qishloqdan qaytib kelganidan keyin na dadasi, na onasi bilan bu haqda gaplashgan edi. Mingbuloqqa jo'nayotganida bir professor kelib turganidan xabardor edi. Buni ayasi aytib bergan edi. Shu professorning gapi esiga tushdi.
- Qon bosimi ikki yuzdan tushmayapti. Lekin tuzalib ketasiz, deyishyapti. Go'sht yemaydilar. Tuzli hech narsa ichmaydilar. Bir-ikki kun ishga chiquvdilar, qiynalib qoldilar.
- Ishga chiqmaganlari ma'qul. Hozir o'zlariga yaxshi qaramasalar, keyin qiyin bo'ladi.
- Men ham xuddi shunday deyman nuqul, - dedi Abdulla va qizarib ketdi. U sira shunday demagan edi. Aksincha, otasi uyda yo'q bo'lsa, negadir sevinardi. Nega shunday demaganman? achinib Hayolidan o'tkazdi Abdulla. Shunday odam gapirganida, men ham aytishim mumkin edi....
- Bizda o'zi ko'pincha shunday, - dedi Tursunali aka o'ylanib. - Yaxshi odamlar tez kasalga chalinadi. Yomon odamlar, aksincha - ularga balo ham urmaydi.
- Ha, - dedi Abdulla, lekin Tursunali akaning bu gapi bilan nima demoqchi ekaniga tushunmadi.
- Papa! Vsyo gotovo! - dedi Sayyora kulib. Abdulla uning xipcha beliga bog'langan no'xat gulli fartug'iga havas bilan qarab qo'ydi. Buni Sayyora ham sezdi shekilli, unga jilmayib tikildi-da, fartug'ining etagi bilan un yuqqan qo'llarini artdi. - Nu, idyomte!
- Qani, yuring, - dedi Tursunali aka o'rnidan turib. - Bizning qizni choyidan ichaylik. Ja yaxshi damlaydi-da! A, qizim?
- Nu, pryam uj! - dedi Sayyora erkalanib va hammadan oldin hovliga yo'l oldi.
Ular shiyponga chiqib o'tirishdi. O'rtadagi kichkina dumaloq stol usti noz-ne'matga to'lib ketgan edi. Katta guldor vazada shaftoli, uzum, oltindek anjir, alohida taqsimchada Samarqand danagi... Sariyog', qazi shunday ustalik bilan parrak qilib to'g'ralgan ediki, biron joyida pichoq tirnab ketgan g'adiri ko'rinmasdi. Abdulla nonushtaga qo'yilgan bu nozu ne'matlarning ko'pligi, xilma-xilligidan ham ko'ra, ularning nozik did va tartib bilan qo'yilganligiga hayron bo'lib qolgan edi.
Sayyora katta xitoyi choynakda choy olib kelib Abdullaning qarshisiga o'tirdi-da, non ushatdi.
- Ana, aytmadimmi? - dedi Tursunali aka jilmayib.
Abdulla Sayyora uzatgan piyolaga qarab boshini qimirlatdi. Pamil choy qip-qizil rang olib, ajoyib hid taratib turardi.
- Xvastun! - dedi Sayyora ko'z qirini Abdullaga tashlab.
- Rosti-da, nima dedingiz, Abdulla?
- Yaxshi choy bo'libdi. - Abdulla yer ostidan qizga qarab qo'ydi.
- Papa! - dedi sekin Abdullaga qarab Sayyora. - On da?
Tursunali aka ko'zini qisib qo'ydi-da, kulib so'radi:
- Yoqdimi?
Sayyora qip-qizarib ketdi. Keyin choy qoshiq bilan dadasining peshanasiga urdi.
- Ya prosto sprashivayu.
Tursunali aka kulgidan o'zini tiyolmay gapirdi:
- Nega qizarib ketding bo'lmasa?
- Prosto, jarko! I vsyo!
- Bilaman nega jarko.
- Papa!
- Bo'pti-bo'pti.
Hech narsaga tushunmagan Abdulla piyolasiga termilib o'tirar ekan: Nahotki birga o'qisak, yaxshi qiz ekan, deb o'ylardi.
- Dadangiz aytdilarmi? Men siz haqingizda gaplashgan edim, - dedi bir mahal jiddiy tarzda Tursunali aka unga murojaat qilib.
Abdulla boshini ko'tardi.
- Men ishlayotgan institut yaqinda tashkil bo'ldi, - gapida davom etdi Tursunali aka. - Bu qiziqarli, juda kerakli institut. Eshitgan bo'lsangiz kerak, hozir yadro fizikasi haqida ko'p gaplar bo'lyapti. Atom reaktorlari qurilyapti. Xullas, bu fan hozir eng zarur va kelajagi porloq fanlardan bo'lib qoldi. Bir-ikki yildan so'ng O'zbekistonda ham ko'pgina atom inshootlari quriladi. Matematikaga havasingiz baland ekan, shuning uchun va dadangizni hurmat qilganimdan sizga shu taklifni qilyapman. Agar xohishingiz bo'lsa, borganingiz ma'qul. Mana, Sayyora ketyapti.
Abdulla yalt etib choy qoshiqni o'ynab o'tirgan Sayyoraga qarab qo'ydi-da:
- Rahmat, - dedi sekin. - Dadamlar aytuvdilar.
- Barakalla. Harholda yomon bo'lmaydi. Bundan tashqari, mustaqil hayotga ham o'rganish kerak.
- A mojet on ne xochet? - dedi gapga aralashib Sayyora.
- Bilmadim, - dedi Tursunali aka. - O'ylab ko'ring. Uyingizdagilar bilan maslahatlashing. Lekin tez hal qilish kerak, talabgorlar ko'p.
- Xo'p, - dedi Abdulla boshini irg'atib.
- Qachon aytasiz? Shu bir-ikki kunda hal qiling. Men hamma boradiganlarning hujjatlarini yig'ib, jo'natishim kerak.
Abdulla yana boshini qimirlatdi. Tursunali aka, gap tamom degandek, o'rnidan turdi.
Eshik tagida Sayyora jilmayib Abdullaga qo'lini uzatdi.
- Xayr.
- Xayr, - dedi shoshib Abdulla va qizning kichkina qo'lini mahkam qisib qo'ydi.
Eshik g'ichirlab orqasidan yopilganda Abdulla og'ir xo'rsindi. U shu uyga kelganidan, shunday samimiy odamlar bilan uchrashganidan hursand edi. Nahotki endi ular bilan birga bo'lsam, birga o'qisam? U yuzlarida tabassum o'ynab, o'ziga bu savollarni berar ekan, ular savolmi yo aniqlashayotgan qarormi, bilolmasdi. Lekin bir narsa, shu uyga kelishi, uning fikrlarini va oldingi rejalarini o'zgartib turganligi aniq edi. Xayr! Nega u birdan shunday dedi. Ruscha hayrlashmadi? Lekin juda shirin chikdi: Xayr... Abdulla shuni o'ylar ekan, Sayyora, bu qiyiq ko'z, quvnoq qiz ko'z oldidan ketmasdi.
- O'g'lim, - dedi uyga kelganda G'afurjon aka uni chaqirib. - Tursunali akang bilan qachon uchrashasan? Borib kelsang bo'lardi.
- Uchrashdim, - dedi Abdulla dadasining yoniga o'tirib.
- Uchrashdim? - sevinib ketdi G'afurjon aka. - Qachon?
- Hozir o'sha yerdan kelyapman.
- Tushuntirdimi hammasini?
- Ha, borsangiz yaxshi bo'ladi, dedilar.
- Ana, aytmadimmi? Bu odam bizga yomon narsani ravo ko'rmaydi. Nima deding?
- Hali hech narsa deganim yo'k,. O'zlari ham so'ramadilar. O'ylab keling, uyingizdagilar bilan maslahatlashing, dedilar.
- Juda yaxshi, rahmat. Shunday tanishimiz bor ekan, bilmas ekanmiz-a?! Xo'sh, nima qarorga kelding? Borasanmi?
Abdulla nima deyishini bilmay, o'ylanib qoldi. Dadasi tagidagi ko'rpacha zihini g'ijimlab birpas jim turdi-da, keyin dedi:
- Borsang yaxshi bo'lar?..
Ularning gapiga quloq solib vodoprovod tagida idish yuvib o'tirgan Shahodat opa bo'shashib ketdi, qo'lidagi taqsimcha shalop etib tog'araga tushdi.

#FFFF80 XI

#white Sayyora Abdullachalik hayajonga tushmagan edi. U hali maktabni tutatmasdanoq Leningradga borishini va otasi huzurida yashab, u dars berayotgan institutda o'qishini bilardi. Onasi ham bunga rozi edi. Lekin u yolg'iz qizining to'rt yil olis shaharda yolg'iz qolib ketishidan ozgina cho'chirdi. Gap shundaki, Tursunali aka bu institut bilan to'rt yil ishlashga kelishgan, qizi birinchi kursni tamomlashi bilan u yana o'zining eski ishiga, Toshkentga qaytishi lozim edi. U ham Sayyoraning bironta tanishroq odam bilan birga ketishini istardi. Shuning uchun G'afurjon akanikidan u hursand bo'lib qaytgan edi. Otasi yaxshi odam, o'g'li ham yaxshi bo'lishi kerak, o'ylardi u. Abdullani ko'rib u xotirjam bo'ldi. Kamgap, og'ir tabiatli. U Sayyoraga yaxshi o'rtoq bo'lib qolishi mumkin. Buning ustiga yaxshi o'qigan. Institutda ham qiziga ko'magi tegishi turgan gap. Borsa, yaxshi bo'lardi. Lekin u faqat qizi uchungina Abdullaning u yoqqa borishini istamasdi. Institutning kelajagi va ahamiyatini yaxshi bilgani sababli yoshligida uni qo'llab-qo'ltiqlagan odamga jindak bo'lsa ham foydasi tegishini o'ylab, u shu taklifni qilgan edi. Qiziga yo'ldosh topish uning uchun ikkinchi darajali masala edi. Shuning uchun ham Abdulla ketishi bilan qizining: Neujeli iz-za menya xochesh yego zastavit poexat? - degan savoliga:
- Yo'q, faqat sen uchun emas, - deb javob berdi. - Faqat sen uchun emas. Kichkina emassan, bemalol yashab ketasan. Unga yaxshilik qilgim keldi. Uning otasi yaxshi odam.
- Mojet bit' on ne xochet?
- Bu boshqa gap. Bormasa bormas, lekin institutning qandayligini bila turib, maslahat bermaslik yaxshi emas. Nima deding?
Sayyora yelkasini qisdi. Unga Abdulla boradimi-yo'qmi, baribir edi. Uni birinchi marta ko'rishi, birinchi marta u bilan gaplashishi... Bormasa, achinmaydi. Borsa, yomon ham bo'lmaydi. Unga Abdullaning faqat jilmayishi yoqdi. O' taniydigan yigitlarning ichida hech qaysisi shunaqa jilmaymaydi. Tishlari ham yomonmas, oppoq, tekis...
Sayyora Abdullani ko'z oldiga keltirishga harakat qildi. Lekin jilmayishi va ruschalab rahmat deganidan boshqa hech narsani eslay olmadi. Ruscha yaxshi gapirmasa kerak? Bu, albatta, tushunarli, o'zbek maktabini tamomlagan. Agar qiynalsa, Sayyora yordam berishi mumkin. Tansa tushishga ham o'rgatadi, hozir raqs tushishni bilmaslik uyat. Ko'pgina o'zbek yigit-qizlari esa bilishmaydi. Nega bunday? Tansa axir yaxshi-ku? Sayyora o'z xonasiga kirib radiolani qo'ydi. Mayin musiqa ohangi uyni to'ldira boshladi. Bu Sayyoraning eng yaxshi ko'rgan kuyi - Dunay to'lqinlari edi. Sayyora bir zum tebranib uni tinglab turdi-da, keyin qachonlardir otasi sovg'a qilgan va hali ham o'zi bilan birga olib yotadigan katta ayiq qo'g'irchoqni quchoqlab, xonani aylana ketdi.
- Tansa tushasizmi?
Ertasi kuni kechqurun Abdulla kelganda uning bergan birinchi savoli shu bo'ldi. Abdulla qizarib ketdi.
- Oz-moz. Lekin men... men...
- Keyin, yuring.
Sayyora uni qo'llaridan sudrab uyga olib kirib ketdi.
- Hech kim yo'q. Hammalari mehmonga ketishgan. A mne odnoy skuchno.
Sayyora shunday deb uyning o'rtasida turgan stolni chetga torta boshladi. Lekin kuchi yetmadi va qoshlarini chimirib Abdullaga tikildi. Abdulla kutilmaganda yuz bergan bu yaqinlik va samimiyliqdan o'zini yo'qotib qo'ygan edi. Shuning uchun qizning nima demoqchi ekanligiga darhol tushunmay jilmaydi.
- Pomogite-je! - dedi Sayyora.
- Kechirasiz...
Abdulla otilib stolga yopishdi. Sayyora plastinka qo'ydi-da, uning yoniga keldi.
- Tango.
Abdulla buni yaxshi bilardi. Lekin shunday bo'lsa ham, u bilan raqs tushishga cho'chirdi. Butun qiyofasi, o'zini erkin tutishi, erkin gaplashishi bilan Sayyora shu paytgacha Abdulla ko'rgan, bilgan qizlarga o'xshamasdi. Buning ustiga hali salomlashmasdan begona yigitni raqsga taklif qilishi uning ancha bilag'on, raqsga ustaligini ko'rsatib turardi.
Abdulla tortinib uning belidan ushladi va birinchi qadam qo'yishi bilan Sayyora yigit quchog'ida suzib ketdi.
- Usta ekansiz, - dedi Abdulla hayrat bilan.
- Bu juda oson. Siz ham yaxshisiz, - dedi Sayyora salmoqlab.
Uning o'zbekcha javob berishi Abdullani hayajonga soldi.
- Yaxshi gapirar ekansiz-ku?!
- Esimga solishmasa, - dedi Sayyora unga boshini ko'tarib qarar ekan. - Papam kuladilar. Shunga ular bilan gaplashgim kelmaydi.
- Oyingiz bilan yaxshi gaplashasizmi?
- Oyim bilan, qo'shnilar bilan.
- Ko'proq mashq qilsangiz, bundan ham yaxshi gapiradigan bo'lib ketasiz.
- To'g'ri, lekin o'rtoqlarim hammasi ruscha gapirishadi. Siz-chi, siz ruschani yaxshi bilasizmi?
- Yo'q, deyarli bilmayman.
- Agar men bilan birga borsangiz sizni ruschaga o'rgataman. Borasizmi?
- Boraman. Dadangizga shuni aytgani keluvdim.
- U yerda yaxshi bo'ladi.
Sayyora bu gapni shunday xotirjamlik bilan aytdiki, Abdulla uning hursand bo'lgan-bo'lmaganligini bilolmadi, negadir avji pasayib ketdi. Hatto bir-ikki adashib, uning oyog'ini bosib oldi.
- Kechirasiz, - dedi qizarib.
- Nichego, - dedi Sayyora. - O'zbek maktablarida tansani kam o'rgatishadi. Nega, bilmayman.
- Ha, - Abdulla bu qizning oldida shuncha bilganlari uch pul ekaniga tushundi va shu paytgacha o'zicha faxrlanib yurganidan uyalib ketdi.
- Lekin siz yaxshisiz.
- Qayoqda? Bilsam, oyog'ingizni bosib olarmidim? -Og'riyaptimi?
- Yo'q, bosilib qoldi. Fokstrotni bilasizmi?
- Yo'q, eshitganman.
- Moskvada nuqul fokstrot tushishadi. Menda bitta plastinka bor. Qo'yaymi?
Abdulla mayli degandek boshini qimirlatdi. Sayyora, uning quchog'idan chiqib, radiolani to'xtatdi va stol o'tdida betartib yotgan plastinkalarni tita boshladi.
- Qayoqda edi?
Abdulla eshikka suyanib unga tikilib qoldi. Shubhasiz, Sayyora uni qiziqtirib qo'ygan edi. Uning nozikligi, shu bilan birga epchil harakatlari, ochiqligi, xuddi otasidek xushmuomalaligi uni Abdulla bilan boshqa qizlardan ajratib, har tomonlama ulardan yuqoriligipi ko'rsatib turardi. Faqat Gulchehra bu solishtirmadan mustasno, butunlay boshqacha qiz. U hech kimga o'xshamaydi. Albatta, u Sayyoraga o'xshagan ochiq emas, valsni yaxshi bilmaydi. Shunga qaramay, Gulchehra boshqa olam. Qanday yaxshi u bilan tanishgani! Ketgunicha albatta u bilan uchrashadi. Mingbuloqqa boradi. Tushuntiradi, o'sha yoqda o'qisa yomonmi? Innaykeyin, ikkalovi ham institutni bitirishlari kerak. Ungacha hech qanday jiddiy o'zgarish bo'lishi mumkin emas. Buning ustiga Gulchehra bir yildan keyin keladimi Toshkentga, kelmaydimi, noma'lum. Gulchehraning o'zi ham buni bilmaydi. Kelmaganda ham Abdulla u bilan aloqasini uzmasdi. Shunday ekan, ikkaloviga ham baribir. Lekin ta'til paytida ular albatta uchrashib turishadi. Sayyora unga kim bo'libdi? U yaxshi bir odam. O'zi bilan birga ketyapti. Birga o'qishadi. Tamom, boshqa hech narsa yo'q oralarida. Bo'lishi ham mumkin emas. Birinchidan, u Gulchehrani yaxshi ko'radi. Ikkinchidan, Sayyoraning yigiti bo'lishi mumkin. Bo'lmaganda ham unga Abdulla yoqmaydi. Yoqsa, uning borish-bormasligiga shunday farqsiz qararmidi?
- Mana! - dedi Sayyora nihoyat bitta plastinkani ko'tarib.
Abdullaning Hayoli bo'lindi.
- Juda yaxshi fokstrot. Eshiting.
Sayyora plastinkani qo'yib, xonaning o'rtasiga keldi. Yengil, sho'x kuy yangray boshladi.
- Yaxshimi?
Abdulla hamon joyidan qo'zg'almay turardi.
- Keling, tushamiz.
- Yo'q, - dedi jilmayib Abdulla. - Bilmayman.
- Valsdan oson bu. Qarang.
Sayyora shunday deb, qo'llarini ikki yoniga ko'tardi va musiqa ohangiga mos harakat qila boshladi. Uning kichkina oyoklari juda yengil ko'char, ingichka beli yupqa shohi koftasi tagida chiroyli silkinardi. Abdulla qandaydir kechada fokstrot tushishganini ko'rgan edi. Lekin o'shanda bu raqs unga yoqmagan edi. Hozir esa u Sayyoraning epchil, yengil harakatlarini kuzatar ekan, fokstrotning ham juda yaxshi kuyligiga ishondi va eshik tagiga stul qo'yib o'tirdi-da, beixtiyor qarsak chala boshladi. Sayyora plastinka jim bo'lganda to'xtadi va og'zini to'ldirib uh tortdi.
- Charchadim.
Keyin u vals qo'ydi. Yana ikkalovi bir-birini quchoqlab aylana ketishdi. Valsdan keyin tango, yana vals, fokstrot... Abdulla o'zida yo'q hursand edi. Unga bu uydagi hamma narsa va hamma ma'qul tushgan, shu oila bilan, Sayyora bilan tanishib qolganidan mamnun edi.
- Meni yengiltak deb o'ylamayapsizmi? - so'radi bir mahal Sayyora yangi bir vals tugay deb qolganda.
- Yo'q, mutlaqo, - dedi Abdulla hozirjavoblik bilan. - Siz bilan tanishganimdan juda hursandman.
- Men ham. Tansani yaxshi ko'raman. Biron ish qilayotganimda ham radioni qo'yib qo'yaman.
Sayyora Abdullaga qarab jilmaydi.
- Bir vaqti men konservatoriyaga ham kirmoqchi bo'lgan edim. Keyin aynadim. Fizika meni ko'proq qiziqtiradi.
- Sirtdan o'qisangiz-chi?
- Tiss! - dedi Sayyora barmog'ini labiga qo'yib. - Boshlandi.
Ular jim bo'lib qolishdi. Tito Gobbi kuylardi. Abdulla tushunmasa ham, xuddi Sayyoradek berilib quloq soldi. Ariya tamom bo'lganda esa, uning hayol surib ketganini ko'rdi. Nimalarni o'ylayotganini so'ramoqchi bo'lib, og'iz juftlaganda, Sayyoraning o'zi unga murojaat qildi.
- Yoqdimi? - Ha. 
- Juda yaxshi ariya bu. Keyin, bu ariyani hech kim Tito Gobbidek aytolgan emas. Bizda esa bunaqa ovoz yo'q, bunaqa opera ham yo'q. Sayyora xo'rsindi.
- Achinyapsizmi?
- Siz achinmaysizmi? Katta-katta olimlarimiz bor, vrachlarimiz bor. Yaxshi ashulachilarimiz yo'q. Bitta Halima opa. Boshqa kim bor?
Abdulla javob bermadi, lekin u havas bilan Sayyoraga tikilib qolgan edi. Kecha uni yengiltak qiz bo'lsa kerak, deb o'ylagan edi. Juda serfikr, aqlli qiz ekan u. Abdulla shunday o'yladi-yu, beixtiyor o'zini va o'zi bilgan odamlarni u bilan solishtirdi. Bu solishtirish Sayyorani yanada balandga ko'tarib yubordi. Biz hech narsa bilmaymiz. Men-chi, men esa, darslikdan boshqa hech narsani bilmayman, - alam bilan Hayolidan o'tkazdi u va:
- Gulsara-chi? - dedi biron narsa deyish uchun, - menimcha, Gulsara yaxshi opera.
- Bitta shu-da. Bizda boshqa opera yo'q. Abdulla jilmaydi. Sayyoraning gapiga emas, fikri to'g'ri chiqqaniga va qizning unga qo'shilganiga mamnun bo'lib jilmaydi. Buni Sayyora o'zicha tushunib, gapida davom etdi:
- Rost-da. Gulsaradan keyin hech narsa paydo bo'lmadi. Yangi ovoz ham kelmadi. Ba'zan odam uyalib ketadi... keyin...
Qiziq, nimalarni o'qir ekan? - o'ylardi shu topda Abdulla undan ko'z uzmay. Agar adabiyotdan gap ochilib qolsa, unda nima bo'ladi? Axir men juda kam narsa o'qiganman-ku!.
- Sayyora, kutubxonangiz bormi? - so'radi u to'satdan uning gapini bo'lib.
- Bor. Nima edi?
- Ko'rsam bo'ladimi?
- Mayli.
Sayyora uni qo'shni xonaga olib kirdi. Devorlarning hammasi kitob javonlari edi. Abdulla angrayib qoldi.
- Katta ekan...
- Ko'pi ilmiy kitoblar. Badiiy asarlar kam. Faqat yaxshi ko'radiganlarim.
Abdulla bu gapni eshitib, badiiy kitoblar javoni yoniga bordi. Ko'p o'qir ekan, - Hayolidan o'tdi uning. - O'qisang, shunday o'qisang-da!.
U chiroyli qilib terilgan kitoblarni birma-bir ko'zdan kechira boshladi: Tolstoy, Dostoevskiy, Pushkin, Zolya, Merime... Yana qanchadan-qancha u eshitmagan, bilmagan nomlar.
- Shularning hamasini o'qiganmisiz? - so'radi u jo'rttaga o'zini beparvoroq tutib.
- Ha, hozir Xemingueyni o'qiyapman. O'qiganmisiz?
- Oz-moz, - dedi Abdulla va gapini burdi: - Ba'zi kitoblarni olib tursam, maylimi?
- Mayli, lekin...
Shu payt qo'ng'iroq chalindi.
- Kelishdi, - dedi Sayyora va yugurib tashqariga chiqib ketdi.
Yo'q, men ham shularni o'qishim kerak. Nega u o'qiydi-yu, men o'qimayman? - o'yladi Abdulla. - U nima bilsa, men ham shuni bilishim kerak. Hatto undan ko'p bilishim kerak.
- Papa! - eshitildi uning qulog'iga Sayyoraning ovozi. - On zdes!
- Kim?
- Abdulla. On poedet.
- Juda yaxshi, - dedi Tursupali aka.
- Choy qo'ydingmi? - dedi ayol kishi. Oyisi bo'lsa kerak? - o'yladi Abdulla.
- Oy! Zabila!
- Esing qursin. Senga tansa bo'lsa. Darrov qo'yib yubor!
Abdulla dahlizga chiqdi.
- Assalomu alaykum.
- O, salom, Abdulla, salom. Keldingizmi? Tursunali aka Abdulla bilan ko'rishib, xotiniga o'girildi.
- Shu yigit-da, G'afurjon akamning o'g'li, Sanobar.
- Yaxshimisiz, ukam? Boradigan bo'ldingizmi ishqilib?
- Ha, uydagilar ham shunday deyishdi.
- Juda yaxshi bo'libdi-da. Sayyora tushmagur sizni och olib o'tiribdi-da!
- Qornim to'q. - Abdulla jilmaydi. - Endi ketmoqchi bo'lib turuvdim.
- Qayoqqa ketasiz? - dedi Tursunali aka. - Endi biz bilan birpas o'tirasiz. Yo xavotir olishadimi?
- Yo'q, - dedi Abdulla, - aytib kelganman.
- Bo'lmasam, bo'pti. Qani, ichkariga kiring.
O'sha kuni Abdulla allamahalda qaytdi. Ular ancha vaqt gaplashib o'tirishdi. Abdulla kechagidek tortinmadi. Tursunali akalar uyidagi ochiqlik, samimiylik, hazil-mutoyiba gaplar, bir-biriga bo'lgan sodda munosabat uni o'ziga tortib olgan va u o'zini mehmon emas, shu oilaning yaqin bir kishisidek his qila boshlagan edi. Gap orasida Tursunali aka uning attestatini oldi, institutga ariza yozdirdi. Abdulla bir oydan keyin - yigirmanchi avgustlarda jo'naydi. U esa vaqtli ketadi, o'n kundan so'ng Tursunali aka institutda bo'lishi kerak. Sayyora ham ketadi u bilan birga.
- Tag'in aynab qolmaysizmi? - so'radi ko'chaga chiqishganda Sayyora.
- Yo'g'-e, - dedi kulib Abdulla. - Aynab endi qayoqqa borardim. Attestatim dadangizda?..
Sayyora ham kuldi va qo'lini uzatayotib, dedi:
- Ertaga kelasizmi?
- Kelaymi?
- Kelsangiz, kinoga borardik. Yangi film ketyapti.
- Nima ekan?
- Lyubimie napitki. Djinni Lolobridjida o'ynaydi.
- E!.. - dedi Abdulla. - Bo'pti.
U shod edi, jimjit ko'chadan uyiga qaytar ekan, bir nimalarnidir xirgoyi qilar, Toshkentni so'nggi marta ko'rayotgandek, hamma narsaga suq bilan qarardi. Hamma narsa unga go'zal, hamma narsa - mashinalarning seryog'do' chiroqlari, derazalardagi xilma-xil pardalar, hatto oydan o'n ikki qarichcha narida charaqlab turgan uning yulduzi ham kulib boqayotgandek, unga oq yo'l tilayotgandek edi. Faqat Gulchehraning yulduzi ko'rinmasdi. U qayerda edi? Abdullani bir daqiqa tashvish bosdi, lekin Gulchehraga hali yulduz topolmaganini eslab, ko'ngli yorishdi. Qaysi birini tanlasam ekan? U yana osmonga tikildi. Miltillab turgan yulduzlarning hammasi juda olisda va juda kichkina edi. Qancha tikilmasin, bironta ma'qulini topolmadi. Uyga kelib esa kayfi buzildi. Eshik tagidagi boloxonadagi beshikka ko'zi tushib qoldi. Beshik ham, boloxona ham unga shu topda juda yomon ko'rinib ketdi. Uylari muncha eski? Nega hech narsa yo'q. Mabodo Sayyora kelib qolsa, nima qiladi?
Kutubxona haqida gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Bor kitoblari tokchada yotibdi. Shuni esladi-yu, o'zi bilan Sayyora o'rtasidagi farqning nihoyatda kattaligini sezdi. Buning ustiga u ko'p narsalarni biladi. Lolobridjida, Gobbi, Xeminguey... Abdullaning unga yetib olishiga ancha bor. Lekin yetib olishi kerak. Yetib oladi ham! Ko'p o'qiydi. Institutni bitirib esa, birinchi qiladigan ishi uyini tuzatadi yo yangi uy soladi. Bir xonani alohida kutubxona qiladi, bir xona, katta xona - zal, alohida oshxona... Ha, shunday qiladi.
Abdulla shu Hayollar bilan bo'lib Gulchehraning yulduzini unutdi. Ovqatini ham yemay yotdi. Unga uydagi hamma narsa - u yer-bu yeri chakka o'tib yorilgan faner shift ham, tokchada turgan eski sariq samovar ham, xuddi boloxonadagi beshigi singari, yomon ko'rinib qolgan edi.
Ertasiga Sayyora bilan u yana uchrashdi. Indiniga ham. Kinoga borishdi. Xullas, o'n ko'n ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi. Ketishidan bir kun oldin Tursunali aka ularnikiga keldi.
- Abdullajon endi bizniki, - dedi hazillashib G'afurjon akaga.
- Jon-dilim bilan berdim, eskicha aytganda: suyagi bizniki, eti sizniki.
Ikkalovi kulishdi. Abdulla ham ularga qo'shildi.
- Tursunali, uka, rahmat, - dedi shunda G'afurjon aka ko'ziga yosh olib. - Juda minnatdorman sizdan. Bor umidimiz shu o'g'ildan. Qariganimizda qorong'i uyimizga chiroq bo'lsin, deymiz. Ishqilib sizning ko'magingizda odam bo'lib kelsa, boshimiz osmonda... Yolg'iz tashlab qo'ymasangiz, bo'ldi.
- Yo'q, to joylashib, u yerda oq-qorani tanishguncha, birga bo'laman. Keyin o'zlari nima qilishni bilib qolishadi. Borib xabar olib turaman, - dedi Tursunali aka. - Ko'ngilni xotirjam qiling.
- Rahmat, uka, rahmat.
Ertasiga ular jo'nashdi. Abdulla aeroportga kuzatgani chiqdi.
- Vaxliroq boring, - dedi Sayyora. - Shaharni ko'rsataman. Raketada sayohat qilamiz.
Abdulla xo'p deya bosh irg'adi. Samolyot shahar ustida bir aylanib, bulut ichiga sho'ng'iganda, Abdullaning yuragini nimadir timdalab ketgandek bo'ldi. Lekin nimaligini u tushunmadi.
